Mamlakatimizda izchil davom etayotgan sud-huquq islohotlarida sud hokimiyati mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini samarali ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Buni Davlatimiz rahbari yaqinda bo‘lib o‘tgan yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqida ham alohida qayd etib o‘tdi. Aytildiki, Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini saylash tizimi yo‘lga qo‘yilgani sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi. Darhaqiqat, shunday. Sudyalar oliy kengashi tarkibini demokratik tarzda shakllantirish nafaqat uning a’zolarining mustaqil faoliyat yuritishini, balki butun sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashni kafolatlaydi.
Qayd etish lozimki, Konstitutsiyaning avvalgi tahririda Sudyalar oliy kengashi tarkibini shakllantirishga oid normalar belgilanmagan edi. Ushbu masala faqat “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solingan bo‘lib, endilikda mazkur norma Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi.
Yangilangan Konstitutsiyada O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining maqomi sudyalar hamjamiyatining mustaqil organi sifatida belgilangani, shuningdek, “sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi” hamda “sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas”ligiga doir yangi normalar ham sud hokimiyati mustaqilligi va sudyalar daxlsizligining muhim konstitutsiyaviy kafolatlari hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sudyalarning maqomi va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini, shuningdek, sud tizimini moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratishda ularning ishtiroki kafolatlarini alohida qonunlar bilan belgilash fursati kelganini ham qayd etildi.
Har bir shaxsning huquqiy maqomi jamiyatda egallagan ijtimoiy mavqeiga qarab belgilanadi. Mamlakatimiz qonunchiligida sudyalar odil sudlovni amal oshirish vakolati berilgan mansabdor shaxslar sifatida e’tirof etilib, huquq va majburiyatlari, lavozimga tayinlash (saylash) va ozod etish tartiblari “Sudlar to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunlar bilan tartibga solingan. Sudya maqomining protsessual qismi, ya’ni davlat xizmatchisi lavozimini egallagan shaxs sifatida protsessual qonunlarda belgilangan huquq va majburiyatlarida aks etadi. Biroq sudyaning huquq va majburiyatlari uning fuqaro sifatidagi jamiyatda tutgan alohida o‘rnini ham qamrab oladi. Demak, sudyaning maqomi alohida qonun bilan belgilanishi sud hokimiyati mustaqilligini yanada ta’minlash bilan birga ushbu lavozim egasining mas’uliyatini oshirish, sud organlarining o‘zini o‘zi boshqarishdagi faol ishtirokini ta’minlaydi.
Sudyalar maqomi alohida qonun darajasida belgilanishi shuning ham maqsad muvofiqki, ayni lavozim o‘ta mas’uliyatli hisoblanib, odil sudlovni ta’minlash jarayonida sudya o‘z vakolatlarini amalga oshirishining yana bir huquqiy kafolati hisoblanadi. Qolaversa, sudyaning huquqiy maqomi uning odil sudlovni amalga oshirishdagi mustaqilligi va daxlsizligini yanada mustahkamlash bilan birga o‘z vazifalarini bajarmaganlik uchun yuridik javobgarlikni ham nazarda tutadi. Zotan, sudyalarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquqiy holati unga yaratilgan shaxsiy imtiyoz bo‘lmasdan, balki har bir shaxsning huquq va erkinliklari sud himoyasida bo‘lishini ta’minlovchi vosita hisoblanadi.
Ma’lumki, sudyalar hamjamiyati organlari sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga, sudyalarning faoliyatiga oid tashkiliy, huquqiy, ijtimoiy va boshqa masalalarni hal qilishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etiladi. Yangilangan Konstitutsiyada belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining konstitutsiyaviy maqomi sudyalar hamjamiyati organlari tuzilmalarining asosiy vazifa va vakolatini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish doir masalalarni qonunosti hujjatlar bilan emas, balki alohida qonun bilan tartibga solinishini taqozo etadi. Sudyalar oliy kengashning sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha vakolatlari ham qonun darajasiga tartibga solinishi esa sud hokimiyati mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlash imkoniyatini kengaytiradi.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi moliyaviy omilga ham bog‘liqdir. Tizimning moliyaviy mustaqilligi odil sudlovni xolis amalga oshirish, sud tizimida korrupsiyaning oldini olish, malakali sudyalar korpusini shakllantirish, sud hokimiyati nufuzini oshirish, aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega. Yangilangan Konstitutsiyaning 140-moddasida sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan amalga oshirilishi belgilangani sudlar moliyaviy mustaqilligini ta’minlashning yana bir konstitutsiyaviy kafolatidir.
BMTning “Sud organlari mustaqilligining asosiy prinsiplarini samarali amalga oshirish Tartibi”da ham davlatlarga sud tizimining samarali ishlashi uchun tegishli resurslarni ajratish, shu bilan birga, sudlarni zarur texnik xodimlar va jihozlar bilan ta’minlash, sudyalarning shaxsiy xavfsizligi va ijtimoiy muhofazasi bilan bog‘liq majburiyatlar yuklatilgan. Demak, sud organlarining mustaqilligi ularning moliyaviy jihatdan qay tarzda va tartibda ta’minlanganligiga bevosita bog‘liq ekan, moliyaviy mustaqillik kafolatlari, bu jarayonda tizim vakillarining ishtiroki alohida qonun bilan mustahkamlash orqali sud hokimiyatining chinakam moliyaviy mustaqilligiga erishilishi mumkin. Davlatimiz rahbarining bu boradagi tashabbusi “2023 – 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi”da belgilangan vazifalarning samarali ijrosini ham ta’minlaydi.
Islohotlar haqida har qancha gapirilmasin, uning samarasi natijalarda ko‘rinadi. Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida navbatdagi yoqimli yangiliklar e’lon qilindi. Butunjahon odil sudlov loyihasi (World Justice Project – Vorld Jastij Projekt, AQSH) tashkiloti tomonidan har yili o‘tkaziladigan Huquq ustuvorligi indeksining Tartib va xavfsizlik indikatori bo‘yicha O‘zbekiston 2023 yilda dunyodagi 142 ta davlatlar orasida 12-o‘rinni,Osiyoda 49 ta mamlakatlar orasida 5-o‘rinni, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlatlari orasida esa 1-o‘rinni egallagani keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning hosilasidir.
Islohotlar esa izchil davom etmoqda.
Xolmo‘min Yodgorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashi raisi
O‘zA
- Qo'shildi: 04.12.2024
- Ko'rishlar: 541
- Chop etish