Rivojlangan davlatlar yurisdiksiyasida turli ko‘rinishlarda muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinayotgan qator amaliyotlar milliy qonunchiligimizga, qolaversa milliy mentalitetimizga moslashtirib ishlab chiqilmoqda. Yangi tartiblar qonunchiligimizga mexanizm sifatida kirib kelib, o‘zining ijobiy samarasini bermoqda va odil sudlovni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Tergov sudyasi instituti yana shunday yangi mexanizmlardan biri sifatida ishni sudga qadar yuritishda tortishuv prinsipining amal qilishini ta’minlaydi.
Tergov sudyasi instituti bugungi kunda Belgiya, Gretsiya, Iroq, Ispaniya, Niderlandiya va Xorvatiya davlatlarida muvaffaqqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu institut, ayniqsa, Fransiyada shakllangan bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida mustahkam o‘ringa ega. Sobiq ittifoq davlatlarida ham keyingi yillarda mazkur tizim jadallik bilan joriy etilmoqda. Xususan, 2002 yil Litvada, 2003 yil Moldaviya va Estoniyada, 2005 yil Latviyada, 2013 yil Ukrainada, 2015 yil esa Qozog‘iston va Gruziyada yo‘lga qo‘yildi. Qirg‘iziston va Armanistonda esa tergov sudyasi institutini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Mamlakatimizda ham inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Ana shu islohotlarining davomi sifatida 2024 yil 10 iyunda davlatimiz rahbari tomonidan “Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.
Mazkur farmon bilan bugungi kunda sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida ishni sudga qadar yuritish bosqichida tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi.
2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Ular sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasini hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi. Tergov sudyasining protsessual qarorlarga bergan sanksiyalari faqatgina tegishli apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ko‘rilgan ishlarni ham yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqish tartibi saqlab qolinadi.
Farmonga muvofiq tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi:
Sanksiyalar:
qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma;
qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘liq iltimosnoma;
pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;
pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;
tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma;
telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;
mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma.
Majburlov choralari:
ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;
ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi;
ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
Prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasi.
Sud-huquq islohotlarida hech bir jarayon birdaniga sodir bo‘lmaydi. Sudlar ixtisoslashib, sudyalar qanchalik ixcham va o‘zlari malakalashgan doirada ish ko‘rish bilan shug‘ullansalar, tabiiyki, ular shu soha qonun-qoidalarini mukammal o‘rganib, ixtisoslashib boradilar. Natijada xatolar kamayadi va xolislik ta’minlanadi.
Bugungi kunda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari jinoyat ishlari bilan birgalikda ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishlarni, shuningdek, sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasidagi iltimosnomalarni ham ko‘rib chiqadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi bilan ish yuklamasi yengillashadi va sud qarorlarining sifat darajasi yanada oshadi.
Tergov sudyalarining tashkiliy faoliyatiga Qoraqalpog‘iston sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari rahbarlik qiladi. Aytish mumkinki, yangi tizim surishtiruv va tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoyalash va aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hulkar Keldiyarova,
Samarqand viloyat sudining sudyasi.
O‘zA
- Qo'shildi: 28.06.2024
- Ko'rishlar: 1448
- Chop etish