Sud sohasi inson huquqlarini himoya qilish barobarida fuqarolarga huquqlarini tushuntirish, anglatishga ham mas’ul hisoblanadi. Bu borada tizim xodimlari xalq bilan bevosita muloqot qilishdan tashqari ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan ham unumli foydalanib kelmoqda.
Sud bilan bog‘liq materiallar, ayniqsa, sud jarayonlarini yoritishning o‘ziga xos murakkab jihatlari bor. Shu nuqtai nazardan sudlar va jurnalistlar hamkorlikda faoliyat yuritganda, OAVda yoritilayotgan mavzularda xatolarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Masalan, ishi sudda ko‘rib chiqilayotgan shaxslar sud qarori yoki hukmi e’lon qilinguncha hali aybli hisoblanmaydi. Sud jarayonini yoritayotgan jurnalist esa bunday shaxslar shaxsi ochiqlanmasligi yoki fototasvirlari tarqatilishiga sababchi bo‘lmasligi kerak.
Poytaxtimizda Toshkent shahar sudi va Sudyalar oliy kengashi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbati sud tizimidagi islohotlar: sudlar va ommaviy axborot vositalari hamkorligi, muammo va yechimlarga bag‘ishlandi.
Poytaxt sudlari mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, huquqshunos-blogerlar ishtirok etgan tadbirda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda ochiqlik va shaffoflik tamoyili ustuvor yo‘nalishga aylangani qayd etildi.
Chunki mazkur tamoyillar sudlarga bo‘lgan ishonchni ta’minlovchi asosiy omillardan biridir. Aholining odil sudlovdan xabardorlik darajasini oshirish, bu jarayonda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik, sudlar faoliyatiga oid xolis va tezkor axborot taqdim etishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish ham muhim hisoblanadi.
Sudlar faoliyatining samaradorligi jamiyatning unga bo‘lgan ishonchiga va sud qarorlarining huquqiy asoslarini to‘g‘ri tushunishiga bog‘liq.
Bu esa, sud ishlari ommaviy axborot vositalarida professional darajada yoritilishida sud idoralari va jurnalistlar o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlik zaruriyat darajasida ekanini ham anglatadi.
Davra suhbatida ijtimoiy adolat barqarorligi jamiyatda huquqiy madaniyat, huquqiy ong bilan chambarchas bog‘liq ekani alohida ta’kidlandi. Jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish huquqiy targ‘ibot ishlari samaradorligiga ham bog‘liq. Huquqiy targ‘ibot ishlarini ommaviy axborot vositalarisiz samarali amalga oshirishning esa deyarli iloji yo‘q.
Tadbirda sud ishlarini yoritishning xos xususiyatlari, sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash, bu jarayonda yuzaga kelayotgan ayrim tushunmovchiliklar hamda ularning huquqiy yechimlari borasida fikr almashildi.
Mutasaddilar tomonidan poytaxt sudlari tomonidan 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar, sud ishlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida atroflicha axborot berildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 19.01.2024
- Ko'rishlar: 3038
- Chop etish