Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Majlisda “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” prinsipi doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish uchun insonning qadr-qimmati ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borildi. Natijada odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.
Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish institutini takomillashtirish orqali protsessual kodekslarga fuqarolar uchun qulay hamda soddalashtirilgan tartibni yaratishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishiga va sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar belgilab qo‘yilgani sudlar faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur normani hayotga to‘laqonli tatbiq etish uchun qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlarni va ziddiyatlarni bartaraf etish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilish, o‘z navbatida, sudlarning o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishiga oid norma joriy etilmoqda. Shuningdek, sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilgani munosabati bilan yagona sud amaliyotini ta’minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlarni bartaraf etadi, jamoatchilikning sudlar faoliyatidan xabardorligini oshirishga huquqiy asos yaratadi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 01.04.2024
- Ko'rishlar: 1773
- Chop etish