Nelson Mandelaning “Ta’lim ‒ dunyoni o‘zgartirish uchun ishlatish mumkin bo‘lgan juda kuchli qurol” iborasi davrlar o‘tsa-da, ahamiyatini yo‘qotmaydi.
Bilim oshirishning muhim omillaridan biri fikr almashishdir.
Ma’lumki, O‘zbekiston – Qatar munosabatlarida ilmiy hamkorlik muhim yo‘nalishlar hisoblanadi. Umuman, mamlakatimiz Qatarni Yaqin Sharqdagi istiqbolli iqtisodiy hamkor sifatida e’tirof etadi. Eng asosiysi, har ikki davlat o‘zaro aloqalarning foydalanilmagan ulkan salohiyatiga ega.
Yaqindagina O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva “Ta’limni tajovuzdan himoya qilish xalqaro kuni” munosabati bilan ushbu arab mamlakatida uyushtirilgan davra suhbatida ishtirok etdi. Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, ayniqsa qizlar va ayollar chuqur bilim egallashi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish maqsadida olib borilayotgan ishlar, namoyon bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof qilishdi.
Darhaqiqat, ilm-fan va ta’limning davlat, jamiyat rivojidagi beqiyos o‘rnini to‘g‘ri baholagan davlatimiz rahbari prezidentlik lavozimiga kirishishi bilan bu boradagi ishlarni keskin jonlantirgani hech kimga sir emas. Sohadagi keng ko‘lamli islohotlar “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” g‘oyasi asosida amalga oshirilmoqda.
2018 yil Prezidentimiz tashabbusi bilan Termiz shahrida kasb-hunar ta’limi markazi ochildi. Hozirga qadar bu yerda 700 nafarga yaqin Afg‘oniston fuqarosi tahsil oldi, ulardan 200 nafari xotin-qizlar. Markaz Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi davlat muassasasida oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi dasturlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu maskanda Afg‘oniston tomoni ehtiyojidan kelib chiqib, 17 oliy, 16 o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi yo‘nalishi o‘quv rejalarining modullashtirilgan shakli ishlab chiqilgan. Qo‘shni davlatning ilmga chanqoq yoshlari o‘zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o‘rganishlari uchun mamlakatimiz oliy ta’lim dargohlaridan malakali professor-o‘qituvchilar jalb etilgan.
Ayni jarayonning mantiqiy davomi sifatida Doha shahrida mamlakatimiz Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qatarning “Ta’lim har narsadan ustun” – “Education above All” jamg‘armasi o‘rtasida afg‘on ayollarini O‘zbekistonda tibbiyot sohasida o‘qitishni tashkil etishni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi. Mazkur kelishuv doirasida 160 nafar afg‘on ayolining yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olishi rejalashtirilgan. Darslar tajribali tibbiyot mutaxassislari tomonidan o‘tiladi.
Mazkur memorandum davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, xalqaro ta’lim va tibbiyot sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi. Mazkur tashabbus respublikamizning Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etadi. Binobarin, O‘zbekiston hukumati do‘stona siyosati bilan qo‘shni mamlakatlarga ko‘mak berish, xususan iqtidorli mutaxassislar tayyorlash orqali mintaqada ta’lim tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Usmonjon Bo‘tayev,
O‘zMU professori, siyosiy fanlar doktori
O‘zA
- Qo'shildi: 12.09.2024
- Ko'rishlar: 710
- Chop etish