Hozirgi vaqtda O'zbekiston inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qo'shilgan. Ushbu xalqaro hujjatlarning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va shartnomaviy qo'mitalariga muntazam ravishda milliy ma'ruzalar taqdim etib kelinmoqda.
BMT Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi O'zbekiston qo'shilgan xalqaro-huquqiy hujjatlardan biridir. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas'ul xodimlari Oybek Ahmadov va Yaroslav Kvitkovning "Pravda Vostoka" gazetasining 2020 yil 3 iyul sonida e'lon qilingan "Tashqi siyosatning tenglik, o'zaro manfaatli va amaliy hamkorlik printsiplariga rioya etib" ("Сохраняя принципы равенства, взаимовыгодной и конструктивной внешней полтики") nomli maqolasida ushbu Konventsiyaning mohiyati va ahamiyati haqida so'z boradi.
Mualliflar qayd etganidek, 2019 yil 3 dekabr kuni Jeneva shahrida bo'lib o'tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasining 100-sessiyasida BMT Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi qoidalari bajarilishi yuzasidan O'zbekistonning O'ninchi – O'n ikkinchi qo'shma davriy ma'ruzalari ko'rib chiqilgan.
O'shanda O'zbekiston irqiy kamsitish va kamsitishning boshqa barcha shakllariga yo'l qo'ymaslik, turli etnik, madaniy va diniy guruhlarning ahil hamda hamjihat yashashini ta'minlash borasida dunyoning ko'plab davlatlari uchun o'rnak bo'lishga munosib ekani e'tirof etilgan.
Mamlakatimizda inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish davlat siyosatining ustuvor xususiyatlaridan hisoblanadi. O'zbekistonning inson huquqlarini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlari BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg'un va hamohang.
Ma'lumot uchun: Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mita BMTning shartnomaviy organidir. U Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiya qoidalari bajarilishini monitoring qilish bilan shug'ullanadi. Bugungi kunda 18 nafar mustaqil ekspert mazkur Qo'mitaning a'zolari hisoblanadi.
Ishtirokchi davlatlarning barchasi tegishli Konventsiyada mustahkamlangan huquqlarning amalga oshirilishi haqida Qo'mitaga muntazam ma'ruzalar taqdim etib boradi. Dastlabki ma'ruza davlat ushbu Konventsiyaga qo'shilganidan so'ng oradan bir yil o'tib taqdim etiladi. Qo'mita har bir ma'ruzani o'rganib chiqib, ishtirokchi davlatga “yakuniy tavsiyalar” mazmunidagi o'z taklif va mulohazalarini bildiradi.
O'zbekiston Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiyaga 1995 yil 28 sentyabrda qo'shilgan. Mamlakatimiz Konventsiya ijrosi bo'yicha shu vaqtga qadar 12 ta ma'ruza taqdim etgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.07.2020
- Ko'rishlar: 4655
- Chop etish