Toshkent 4-5 sentyabr kunlari yana bir nufuzli tadbir – Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) X xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha ikkinchi konferensiya ishtirokchilarini qabul qilmoqda.
Birlashgan xalqaro konferensiyalar ishida MDH va SHHTga a’zo 20 ta mamlakat (jumladan, SHHTga a’zo davlatlar va muloqot bo‘yicha hamkor davlatlar) vakolatli organlari, 9 ta Hamdo‘stlik organlarining ishchi tuzilmalari, SHHT organlarining 2 ta ishchi tuzilmasi, 22 ta ilmiy-tadqiqot va ta’lim tashkilotlari hamda Interpol, Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi, OHICHK kabi 6 ta xalqaro tashkilotning 10 ta vakolatli organlarining 250 ga yaqin vakillari (jami 47 ta delegatsiya) ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, mazkur muhim xalqaro forumning SHHT va MDH kabi nufuzli mintaqaviy tuzilmalar bilan birgalikda tashkil etilishi keng mintaqamizda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida yakdillik va o‘zaro amaliy hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan intilishni yana bir bor tasdiqlaydi.
Qayd etilishicha, geosiyosiy keskinlik va nizolarning kuchayishi, global xavfsizlik institutlari rolining pasayishi terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashda ochiq va samarali xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimiz rahbari qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish hamda SHHT MATT va MDHning Aksilterror markazi faoliyati doirasida bunday xavf-xatar va tahdidlarni bartaraf etish va ularga tezkorlik bilan javob qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma amaliy tadbirlarni o‘tkazish eng muhim vazifalar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-leytenant Abdusalom Azizov o‘z chiqishida SHHT va MDH makonida kechayotgan murakkab va qarama-qarshi harbiy-siyosiy jarayonlar mamlakatlarimizdan xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashda sa’y-harakatlarimiz va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni birlashtirishni talab etadi, deya ta’kidladi.
SHHT va MDHga a’zo mamlakatlar xavfsizligiga tahdid soluvchi omillar sanab o‘tildi. Vaziyat xalqaro terrorchilik tashkilotlari boshliqlarining davlatlarimizga qarshi o‘zlarining buzg‘unchi rejalaridan voz kechmaganliklari bilan yanada murakkablashmoqda.
– Afg‘oniston hukumati o‘z imkoniyatlari va resurslaridan kelib chiqib, xalqaro terrorizmga qarshi kurashmoqda, afg‘on maxsus xizmati IDXVga qarshi kurashda yetakchilik qilib, muayyan natijalarga erishmoqda. Shu bois, dushmanga qarshi birgalikda kurashishimiz zarur, – dedi A.Azizov.
Shuningdek, “Xuroson viloyati”ga qarshi kurashda Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish muhim, chunki qarshi choralarni zaiflashtirish ushbu guruhning kuchayishiga sabab bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida, mintaqa xavfsizligiga xavf soladi. Shu bilan birga, o‘zaro ishonch, xalqaro terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashish sohasida muntazam axborot va tajriba almashishga asoslangan izchil va muvofiqlashgan faoliyatda birga harakat qilish yordamidagina davlatlarimizda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda samarali natijalarga erishish mumkinligiga ishonch bildirildi.
SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Nuran Niyazaliyev o‘z nutqida hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda terrorizm, ekstremizm va u bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish nihoyatda muhim masala ekanini qayd etdi. SHHT MATT forumining MDHning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha ikkinchi konferensiyasi bilan birga o‘tkazilishini olqishlab, bunday yondashuv mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalasida fikr almashish va bu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlik qilish uchun kelishilgan takliflar ishlab chiqish imkonini berishini ta’kidladi.
Tadbirda, shuningdek, SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori R.Mirzayev so‘zga chiqdi.
– Hozirgi geosiyosiy jarayonlar davlatlar, eng avvalo SHHT va MDH mamlakatlari xavfsizligi va suvereniteti uchun yangi chaqiriqlarni shakllantirmoqda, bu ayniqsa, ISHID, Al-Qoida va boshqa guruhlar tomonidan terrorchilik tahdidlari yuqori darajada bo‘lgan sharoitda muhim ahamiyatga ega, – dedi ma’ruzachi.
MDHga a’zo davlatlar Aksilterror markazi rahbari Yevgeniy Sisoyev o‘z nutqida Afg‘onistonda terrorchilik harakati sezilarli darajada pasayganini qayd etdi. U mintaqaviy nizolar hududlaridan xalqaro terrorchilik tashkilotlari jangarilarining kirib kelishini kamaytirish maqsadida afg‘on hokimiyati vaziyatni barqarorlashtirish, terrorchilik guruhlariga qarshi kurashish, tashqi chegaralarni mustahkamlash bo‘yicha faol ishlar olib borayotganini ta’kidladi.
Ularning tarkibida sobiq sovet davlatlari vakillarining ko‘pligi MDH va SHHT mamlakatlari maxsus xizmatlari ushbu guruh va boshqa xalqaro tashkilotlarga qarshi kurashishdagi sa’y-harakatlarini birlashtirish masalasini kun tartibiga qo‘ymoqda.
BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Vladimir Voronkov ham ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladi. U o‘z nutqida radikalizmga qarshi kurashning zamonaviy usullari haqida to‘xtalib, bugungi kunda jinoiy guruhlar o‘zlarining buzg‘unchi maqsadlariga erishish yo‘lida yangi texnologiyalar – raqamli va moliyaviy vositalardan foydalanayotganini ta’kidladi. Ma’ruzachi anjuman ishtirokchilarini terrorizmga qarshi hamkorlikni yanada mustahkamlashga chaqirdi.
SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Seytimov konferensiyaning dolzarbligini qayd etib, uning vakillik darajasini oshirish va geografiyasini kengaytirishga e’tibor qaratdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari, general-mayor B.Tursunov so‘zga chiqib, mustaqil taraqqiyot yillarida dunyoning boshqa mamlakatlari kabi O‘zbekiston ham terrorizm va ekstremizmning turli shakllariga duch kelganini qayd etdi.
– Ekstremistik g‘oyalarning sobiq va salohiyatli tarafdorlari bilan ijtimoiy va psixologik ishlash, ularni o‘qitish, ish bilan ta’minlash, umuman, o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday o‘zgarish va yondashuv yuksak natijalarni berib, xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Xususan, 2019 yildan buyon 5 ta “Mehr” gumanitar aksiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistondan 531 nafar repatriant O‘zbekistonga qaytarildi. Ularga ijtimoiy, tibbiy va boshqa yordamlar ko‘rsatildi. Natijada, bugungi kunda repatriantlarning 90,2 foizi zamonaviy turmush tarzini olib bormoqda, 9,8 foizi an’anaviy islom diniga e’tiqod qiladi, – dedi B.Tursunov.
Qayd etilishicha, 2021-2026 yillarga mo‘ljallangan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasining qabul qilinishi bu boradagi tub burilish bo‘ldi. Ushbu hujjatlarda huquqni himoya qilish tuzilmalari, hokimiyat va boshqaruv organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.
Konferensiya doirasida “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda milliy tajriba”, “Xalqaro terrorizmga qarshi hamkorlik”, “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish faoliyatini ilmiy-ma’rifiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash” kabi mavzularda panel muhokamalari bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar xavfsizlikning hozirgi chaqiriqlari va tahdidlarini muhokama qildi. Xalqaro va mintaqaviy darajada hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma samarali chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, MDH Aksilterror markazining muvofiqlashtiruvchi roli bilan Hamdo‘stlik mamlakatlari vakolatli organlarining “Sharq – Aksilterror – 2024” qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mashg‘ulotlar muhim infratuzilma ob’ektlari va odamlar gavjum joylarda terrorchilik hujumlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma aksilterror tadbirlarini o‘tkazishda MDHga a’zo mamlakatlar vakolatli organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan.
Konferensiya doirasida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari a’zolari Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Mamlakatimizga tashrif chog‘ida yuqori martabali mehmonlar, rasmiy xorijiy delegatsiyalarning ushbu yodgorlik poyiga gul qo‘yishi yaxshi an’anaga aylangan.
Alpomish MASHRABXONOV,
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 05.09.2024
- Ko'rishlar: 946
- Chop etish