5 dekabr kuni Toshkent shahrida “BMT shartnomaviy organlariga yakka tartibdagi murojaatlarni ko'rib chiqish amaliyoti va eng maqbul tajribalar tahlili (Inson huquqlari bo'yicha qo'mita faoliyati misolida)” mavzusida seminar-trening boshlandi.
Mazkur tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O'zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi hamkorligida o'tkazilmoqda.
Seminarga vazirlik va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlar, yuridik ta'lim yo'nalishidagi oliy o'quv yurtlari vakillari hamda fuqarolik jamiyati institutlari faollari taklif etilgan. O'quv mashg'ulotlarini BMT, BMTTD va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining xalqaro ekspertlari olib bormoqda.
Treningdan maqsad BMT shartnomaviy organlariga yakka tartibdagi murojaatlarni ko'rib chiqish amaliyotini Inson huquqlari bo'yicha qo'mita faoliyati misolida o'rganishdan iborat. Bu boradagi eng maqbul tajribalar, kelgusida amaliyotda qo'llash nuqtai nazaridan, atroflicha tahlil qilinadi.
Ma'lumot uchun: BMTning inson huquqlari sohasidagi asosiy xalqaro shartnomalari bajarilishini nazorat qilib boradigan 10 ta shartnomaviy organi mavjud.
Bular quyidagilar:
Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mita; Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniyat sohasidagi huquqlar bo'yicha qo'mita;
Inson huquqlari bo'yicha qo'mita;
Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo'yicha qo'mita;
Qiynoqlarga qarshi qo'mita;
Bola huquqlari bo'yicha qo'mita;
Mehnatkash-migrantlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha qo'mita;
Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha kichik qo'mita;
Nogironlar huquqlari bo'yicha qo'mita;
Majburiy va g'ayriixtiyoriy tarzda yo'qolib qolish muammolari bo'yicha qo'mita.
Bugungi kunda BMTning ushbu shartnomaviy organlaridan sakkiztasi (ya'ni, Mehnatkash-migrantlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha qo'mita va Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha kichik qo'mitadan tashqari) xususiy shaxslardan kelib tushadigan shikoyatlar hamda yakka tartibdagi murojaatlarni ko'rib chiqish vakolatiga ega.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar qoidalari buzilganligi yuzasidan BMTning shartnomaviy organlariga shikoyat qilishning uchta asosiy turi bor. Bular qatoriga yakka tartibdagi murojaatlar, davlatlarning boshqa davlatlar ustidan shikoyati va surishtiruv protsedurasi kiradi. Yakka tartibdagi murojaatlar – xususiy shaxslar tomonidan o'z huquqlari buzilganligi haqida xalqaro huquq tizimi doirasida shikoyat taqdim etilishini anglatadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.12.2019
- Ko'rishlar: 5425
- Chop etish