Tarixdan ma'lumki, hamma zamon va makonlarda ham insoniyat boshiga turli xavf-xatar va sinovlar tushgan. 2019 yil oxiridan buyon jahon jamoatchiligini tashvishga solib kelayotgan COVID-19 virusi ham odamzod uchun shunday tahdidlardan biridir.
"Koronavirus pandemiyasi yana bir kulfatni - yolg'on xabarlar pandemiyasini vujudga keltirdi. Bunda hamma narsa: ziyonkor "tibbiy" maslahatlardan tortib telbavor fitna nazariyalarigacha ishga solinmoqda. Ammo, ommaviy axborot vositalarida ushbu baloga qarshi munosib chora bor, bu ham bo'lsa haqqoniy, ilmiy, daliliy ma'lumotlar va tahliliy materiallardir".
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 3 may - Jahon matbuot kuni munosabati bilan yo'llagan murojaatida shunday bayonot berdi. O'z navbatida, YUNESKO Bosh direktori Odre Azule BMT Bosh kotibining da'vatini qo'llab-quvvatladi va dunyoni tashvishu noaniqliklarga duchor etgan COVID-19 pandemiyasi davrida axborotning erkin tarqatilishi nihoyatda katta ahamiyatga egaligini ta'kidladi.
Ishonchli axborot, Odre Azule ta'biri bilan aytganda, hozirda yuz berayotgan voqeliklarni anglab yetish va zarur xulosalar chiqarish, pirovardida inqirozni yengib o'tish uchun juda qo'l keladi. "Inqiroz davrida bexavotir va tanqidiy fikrlash ishonchli va haqqoniy ma'lumotlarni izlab topishning kaliti hisoblanadi. Boshqalar bilan baham ko'rayotgan ma'lumotlaringizga e'tiborli bo'ling. Soxta yangiliklar pandemiyani to'xtatishga emas, balki vahimani oshirishga xizmat qiladi", deb qayd etdi YUNESKO Bosh direktori.
Haqiqatan ham, hozirgi global dunyoda tinchlik va sog'liqni asrash juda murakkab vazifa bo'lib turibdi. O'zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlangan kundanoq davlat va hukumat bu xatarni tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni ko'rdi.
Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o'tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada ta'minlandi.
Dunyoning barcha davlatlari bilan muntazam aviaqatnovlar to'xtatilib, xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni, shuningdek, yo'lovchi tashuvchi transport vositalarining mamlakat hududiga barcha chegara o'tkazish punktlari orqali kirib kelishi to'xtatildi. O'zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan shaxslarni 14 kun davomida maxsus ajratilgan tibbiyot muassasasi yoki karantin tadbirlarini tashkil etishga moslashtirilgan bazalar yoxud uy sharoitida karantinga olish talabi belgilandi.
Davlat tomonidan koronavirusga qarshi kurash olib borish, uning keng tarqalishining oldini olish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash hamda bemorlar salomatligini tiklash sohasida tezkor qarorlar qabul qilindi. Dastlabki 2 oy ichida milliy qonunchilikda o'ttizga yaqin me'yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Bunday muhim chora-tadbirlarga qaramasdan, koronavirus infektsiyasi bilan kasallangan shaxslar karantin talablarini qo'pol ravishda buzish orqali, shu jumladan, karantin o'tash joylarini tark etgan holda infektsiyaning aholi orasida keng tarqalish xavfini vujudga keltirdi. Shuningdek, karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklar haqida haqiqatga to'g'ri kelmaydigan ma'lumotlarni Internet butunjahon tarmog'i orqali tarqatish holatlari uchray boshladi.
Shu o'rinda haqiqatga to'g'ri kelmaydigan axborot tarqatish "Ommaviy axborot vositalari to'g'risida"gi qonunning 6-moddasi, "Axborotlashtirish to'g'risida"gi qonunning 12-(1)-moddasi va Jinoyat kodeksini buzish hisoblanishini ta'kidlash lozim. Bu esa jinoiy javobgarlikka olib keladi.
Jumladan, Jinoyat kodeksining 244-1, 2-qismiga ko'ra, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g'oyalari bilan yo'g'rilgan, qirg'in solishga yoki fuqarolarni zo'rlik bilan ko'chirib yuborishga da'vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to'rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko'rsatilgan harakatlar:
a) oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan;
b) xizmat mavqeidan foydalanib;
v) diniy tashkilotlardan, shuningdek chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib;
g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog'idan foydalanib sodir etilgan bo'lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, "Hozirgi vaziyatda ayrim mas'uliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va o'zini «piar qilish»ni yaxshi ko'radigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinadi. Shu munosabat bilan jamoatchiligimizdan iltimos qilaman: sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda noto'g'ri, asoslanmagan ma'lumotlarni tarqatishga yo'l qo'ymasligimiz zarur".
Bu, o'z navbatida, milliy qonuchilikka bir qator qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritishni taqozo etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 26 martda “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun imzolanib, 27 mart kuni matbuotda e'lon qilindi.
Qonunga muvofiq, karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida aholi orasida asossiz vahima tarqalishining oldini olish, jamoat xavfsizligini ta'minlash hamda mutasaddi idoralarning normal faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish maqsadida Jinoyat kodeksi 244-(5)-modda bilan to'ldirildi.
Unda karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklarning paydo bo'lishi hamda tarqalishi sharoitida karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to'g'ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatish:
bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha (44 million 600 ming so'm) miqdorda jarima;
300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Mazkur ma'lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko'paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek, Internet orqali tarqatish:
BHMning 200 baravaridan (44 million 600 ming so'mdan) 400 baravarigacha (89 million 200 ming so'm) miqdorda jarima;
300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
3 yilgacha ozodlikni cheklash;
3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Agar dunyo mamlakatlari bilan solishtiriladigan bo'lsa, ushbu turdagi huquqbuzarlik uchun bundan ko'ra kuchliroq jazo choralari qo'llanilishi ko'zda tutilgani ayon bo'ladi. Misol uchun, "The Washington Post" xabariga qaraganda, yaqinda Vengriyada yolg'on axborot tarqatgani uchun besh yil qamoq jazosi, shuningdek, karantinga rioya qilmaganlar uchun ham qamoq jazosi muddatlarini nazarda tutuvchi favqulodda qonun qabul qilingan.
Butunjahon sog'liqni saqlash tashkiloti va YUNESKO kabi hukumatlararo tashkilotlar tomonidan ochilgan bir qator veb-saytlarda pandemiya haqidagi ishonchli axborotlar joylashtirildi. Shunga qaramay, koronavirus haqida yolg'on axborotlar tarqalishi bilan bog'liq tashvishli holat jahon miqyosida nihoyatda keng tus oldi. Shuning uchun xalqaro hamjamiyat COVID-19 haqidagi yolg'on ma'lumot virusning o'zidan ham ko'ra xavfli ekaniga qayta-qayta e'tibor qaratib, barchaga rasmiy manbalardan foydalanishni tavsiya etdi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ta'kidlaganidek, butun dunyo nafaqat koronavirusga qarshi, balki COVID-19 haqida noto'g'ri axborot ko'payishiga qarshi ham kurashmoqda. Bosh kotibning fikricha, mamlakatlar muntazam rasmiy ma'lumotlarni e'lon qilib borishlari zarur. Chunki hozirgi vaqtda pandemiyaga qarshi eng yaxshi qurol - bu ishonchli axborotdir.
O'zbekistonda dastlabki davrda koronavirus infektsiyasiga chalingan kishilarning shaxsiy ma'lumotlariga doir axborotlar ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani kuzatildi. Vaholanki, «Fuqarolar sog'lig'ini saqlash to'g'risida»gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, bemor «tibbiy yordam so'rab murojaat qilganligi, sog'lig'ining holati, qo'yilgan tashxis to'g'risidagi ma'lumotlar hamda uni tekshirish va davolash chog'ida olingan boshqa ma'lumotlar sir saqlanishi» huquqiga ega.
“Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida”gi qonunga asosan, shaxsga doir ma'lumotlar davlat tomonidan himoya qilinadigan ma'lumotlar sirasiga kiradi. Shaxsga doir ma'lumotlardan tegishli organlar, xizmatlar foydalanganda uning maxfiyligiga rioya etilishi shart.
Shaxsga doir ma'lumotlardan foydalanishga ruxsat olgan boshqa shaxslar sub'ektning roziligisiz shaxsga doir ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi va tarqatmasligi shart. Hamma foydalanishi mumkin bo'lgan shaxsga doir ma'lumotlar tarqatilishiga faqat shu shaxsning roziligi olingan holda yo'l qo'yilishi mumkin.
Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 46-2-moddasiga ko'ra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Jinoyat kodeksi 141-2-moddasiga binoan, shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O'sha harakatlar:
bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo'lsa;
takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo'lsa;
g'arazli yoki boshqacha past niyatlarda sodir etilgan bo'lsa;
xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan bo'lsa;
og'ir oqibatlarga sabab bo'lsa – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Karantin davrida ommaviy axborot vositalarining asosiy e'tibori koronavirus keng tarqalishining oldin olish, unga qarshi vaktsina, davo va ehtiyot choralarining mohiyati hamda ahamiyatini keng tushuntirish va targ'ib etishga qaratildi.
Biroq ayrim shaxslar tomonidan ushbu xastalikni mardonavor yengib, yana o'z oilasi davrasiga qaytgan yoki kasallikdan tuzalgan fuqarolarni ma'naviy qo'llab-quvvatlash o'rniga ularga nisbatan hurmatsizlik qilish, kamsitish, sha'ni va obro'siga putur yetkazish yoki ularni kasallikni boshqalarga ham yuqtirishida ayblash holatlari kuzatildi.
Shu o'rinda alohida qayd etish kerakki, milliy qonunchilikda koronovirusdan tuzalgan yoki karantinda bo'lgan shaxsni haqorat qilganlik, sha'ni va qadr-qimmatiga putr yetkazganlik, kamsitganlik, uning shaxsiy hayoti to'g'risidagi ma'lumotlarni tarqatganlik uchun 9 mln. so'mgacha ma'muriy jarima belgilangan.
Agar, ma'muriy jazo qo'llanilganidan so'ng ushbu qilmish takroran sodir etilsa, aybdorga 22,3 mln. so'mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jinoiy jazo qo'llaniladi.
Hammamiz ham insonmiz – elatdosh va millatdosh, vatandosh va zamondoshmiz. Birlashgan va bir-birimizni tushungan holda bu virusga qarshi kurashish orqaligina uni yengib chiqishimiz mumkin. Binobarin, COVID-19 virusi – jamiyatimizning jipsligini sinaydigan o'ziga xos imtihondir. Har birimiz koronavirusning tarqalishiga qarshi birgalikda ahillik bilan kurashish asnosida ushbu sinovdan muvaffaqiyatli o'tishni o'rganamiz va zarur ko'nikmalar hosil qilamiz.
Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining quyidagi chaqiriqlariga keng jamoatchilik e'tiborini qaratdi:
- COVID-19 virusi tarqalishiga doir vaziyat va undan himoyalanish choralari bo'yicha ma'lumotlardan foydalanishda ishonchli axborot manbalariga tayanish;
- o'zaro g'amxo'rlik ko'rsatish va birdamlikni namoyish etish, yaqinlar va qarindosh-urug'lar bilan doimiy muloqotda bo'lish;
- pandemiyaga qarshi kurashning boshida turgan tibbiyot xodimlarining shu kunlardagi fidoyi xizmatlarini yodda tutish;
- infektsiyaga chalinganlarga nisbatan, masalan, «koronavirus qurbonlari» kabi har xil «atamalar»ni qo'llashdan tiyilish;
- insoniylikni namoyon etish: binobarin, koronavirus qandaydir millat yoki irqqa mansub kasallik emas; ushbu infektsiyaga chalinganlar sizga hech qanday yomonlikni ravo ko'rmaydi – ular madadimiz va hamdardligimizga loyiqdirlar.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 14 aprel kuni xalqaro jamoatchilikni COVID-19 bilan bog'liq dezinformatsiya, ya'ni yolg'on xabarlar to'lqiniga to'siq qo'yishga chaqirdi. BMT Bosh kotibi bu borada yangi tashabbusni ilgari surdi: Internetdagi mish-mishu uydirmalarga qarshi ilmiy va asosli dalillarni taqdim etish kerak.
Antoniu Guterrish o'z videomurojaatida hozirgi kunda dunyo ahli Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr mobaynida kuzatilmagan o'ta jiddiy inqirozni keltirib chiqargan COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish uchun jipslashganini qayd etdi. «Ammo bugun biz yana bir xavfli epidemiya – uydirma axborotlar epidemiyasiga duch kelib turibmiz», - deb ta'kidladi u.
BMT Bosh kotibi ta'biri bilan aytganda, bugun hamma joyda turli maslahatgo'ylaru emchilar ko'payib ketdi. Bundaylar tomonidan tavsiya etilayotgan har xil "dori-malhamlar" pirovardida inson sog'ligiga tuzalmas ziyon-zahmat yetkazishi mumkin.
Havo to'lqinlarida ham ochiqdan-ochiq yolg'on ma'lumotlar tarqatilmoqda. Internet tarmoqlari kasalga qarshi qaytariq qilish, afsun o'qish va shu kabi safsatalarga to'lib-toshgan. Fitna, nafrat, alohida insonlar va butun boshli guruhlarni nohaq ayblash va qoralash holatlari tobora avj olmoqda.
«Butun dunyo mana shu xastalikka qarshi kurashish yo'lida ham birlashishi darkor. Bu kasallikning eng maqbul davosi – ishonchdir», - dedi BMT Bosh kotibi. Ilm-fanga, mas'ul institutlarga, insonlar o'rtasida o'zaro ishonch juda muhimdir.
Antoniu Guterrish ijtimoiy tarmoqlardagi jamoatchilikni yanglishtiradigan uyum-uyum maqola va munosabatlar orasidan aniq dalillarni uydirmalardan ajratib, alohida saralab taqdim etayotgan jurnalistlarning xizmatini e'tirof etdi. Shu bilan birga, uning fikricha, ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi kompaniyalar COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq adovatli va zararli bayonotlarga yanada qat'iyatliroq qarshi turishlari zarur.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, mustaqil, professional jurnalistika inqiroz haqida aniq, haqqoniy dalillarga asoslangan axborotlarni tarqatish orqali har xil yolg'on-yashiqlarni fosh etishda yetakchi rol o'ynashi mumkin. Matbuot erkinligi qadrli ne'mat ekaniga hech qanday shubha bo'lishi mumkin emas va har qachon – ayniqsa, hozirgi qaltis davrda ushbu ne'matni toptamaslik, aksincha, imkon qadar asrab-avaylash taqozo etiladi.
Davlat tashkilotlari esa fuqarolarning ishonchini qozonishi uchun, birinchidan, o'z faoliyatiga o'ta mas'uliyat bilan yondashishi, ikkinchidan, ishonchli axborotga tayanishi taqozo etiladi. Bosh kotibning ta'kidlashicha, hozirgi inqirozni yengib o'tishda o'zaro hurmat va inson huquqlariga amal qilish mezonlari barchamiz uchun yo'lchi yulduz vazifasini o'tashi lozim.
Antoniu Guterrish BMTning yangi tashabbusini e'lon qilar ekan, bundan buyon "Internetni aniq dalillar va ilmiy asoslangan ma'lumotlarga to'ldirib tashlash"ga chaqirdi. Shundagina «dezinformatsiya to'lqini»ga bas kelsa bo'ladi.
BMT Bosh kotibi uydirma va yolg'on axborotga nisbatan «og'u» ta'rifini qo'lladi. Darhaqiqat, og'u bilan yolg'on xabarning salbiy ta'siri o'xshashdir. Ikkalasi ham insonning sog'ligiga putur yetkazishi, hatto hayotiga zomin bo'lishi mumkin.
Mamlakatimizda, 15 aprel` holatiga ko'ra, karantin qoidalariga amal qilmaslik bo'yicha 42 ming 782 ta huquqbuzarlik aniqlangan bo'lsa, ushbu huquqbuzarliklarning atigi 10 tasi ijtimoiy tarmoqlarda vahima chiqaruvchi yoki asossiz ma'lumotlar tarqatish bilan bog'liqdir. Ammo, COVID-19 haqidagi noto'g'ri va chalg'ituvchi ma'lumotlar koronavirusdan ham xavfli ekani e'tiborga olinsa, bunday huquqbuzarlikning asoratlari qanchalik jiddiyligini anglash qiyin emas.
Albatta, asosan ayrim telegram guruhlarda tarqalgan bu kabi yolg'on ma'lumotlar odamlar o'rtasida behuda vahima kelib chiqishiga sabab bo'ladi. Shu bois ham bunday holatlarga nisbatan qat'iy choralar ko'rilmoqda.
Keyingi yillarda dunyoda chalg'ituvchi, yolg'on xabarlarning har qachongidan ham jadallik bilan tarqalishiga imkon beradigan platformalarning rivojlanishi, o'z navbatida, dalillarni tekshirish bo'yicha saytlar yaratilishini taqozo etdi. Bugungi kunda butun jahonda 100 dan ortiq shunday sayt mavjud bo'lib, ular barcha mintaqalarda ishlab turibdi.
Ommaviy axborot vositalari orasida AFP, The Washington Post, BBC, India Today, O Globo va boshqa bir qator nashrlar dalillarni tekshirish yuzasidan foydali tashabbuslar bilan chiqdi. Shu bilan birga, dunyodagi ko'plab nohukumat tashkilotlar, masalan, Comprova (Braziliya) Politifact va AfricaCheck (AQSH) axborotning
to'g'riligini tekshiradigan platformalarni ishga tushirdi.
Yevropa ittifoqining Yolg'on axborotlarga qarshi kurashish bo'yicha harakat rejasi doirasida yangi dezinformatsiya kampaniyasi paydo bo'lganidan xabardor qilish mexanizmi ishlab chiqildi. Yevropa ittifoqi, shuningdek dalillarning to'g'riligini tekshirish bo'yicha yaxlit bir tarmoq tashkil etgan. U 400 nafardan ziyod jurnalist, ekspert va nohukmat tashkilotlar vakillarini o'zida qamraydi.
Dunyo bemisl pandemiya balosiga to'qnash kelgan, u bilan bog'liq ko'p narsalar hali noma'lum bo'lgan, vaziyat deyarli kundan-kun o'zgarib turgan hozirgi davrda, albatta, odamlar hamma joydan axborot izlamoqda. Bunday paytda, afsuski, ko'pchilik turli uydirmalarning jabrini chekmoqda. Shu bois Facebook, Google va Twitter yolg'on axborotni bloklash va koronavirus haqida aniq ma'lumotni targ'ib qiluvchi xizmatni yo'lga qo'ydi.
Facebook tarmog'i tomonidan birgina mart oyida koronavirus to'g'risida yolg'on ma'lumot berilgan 40 millionta post aniqlangan. Kompaniyaning ta'kidlashicha, Facebook mutaxassislari «insonlar salomatligiga putur yetkazuvchi koronavirus haqidagi yuz minglab dezinformatsiya ma'lumotlari»ni o'chirishgan. Bunday uydirmalar orasida "koronavirusga qarshi kirlarni oqartiruvchi moddalarni ichish foydali" ekani, "odamlar orasida xavfsiz masofaga rioya qilish esa samarasizligi" to'g'risidagi asossiz ta'kidlar ham bor.
O'zbekistonda ham bir qator yangi Internet saytlari, jumladan, soxta axborotlarga raddiyalar uchun «Antifake.uz» deb nomlangan Telegram kanali tashkil etildi. Kanalda dastlabki bir necha kundayoq Internetda tarqatilgan quyidagi xabarlar yolg'on ekanligi aniqlanib, ularga raddiya berildi:
«5 apreldan O'zbekiston bo'ylab barcha aeroportlar o'z ish faoliyatini tiklaydi»;
«Tadbirkor Fattoh Shodiev O'zbekistonda koronavirus infektsiyasiga qarshi kurash uchun 200 million dollar miqdorida moliyaviy yordam berdi»;
«24 martdan boshlab 2 oy mobil aloqa, Internetlar mutlaqo bepul»;
«Zanjabil (imbir) iste'mol qilib yuradigan kishilarga koronavirus yuqmaydi»;
«uzsupermarketlar tarmog'ida ishlovchi xodim koronavirusga chalindi»;
«Koronavirusning davosi topildi»;
«Salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilar tomonidan koronavirus infektsiyasi ataylab tarqatilyapti».
«Antifake.uz» kanalida asosan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan koronavirus bilan bog'liq "feyk" xabarlar haqida doimiy ravishda ma'lumot berib borilmoqda. Bunday tashabbuslar Internetda tarqatiladigan har xil mish-mishlarni fosh etish, shuningdek yolg'on va noxolis axborotlarga qarshi kurashish uchun juda muhimdir.
Bundan tashqari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzurida turli vazirlik, tashkilot va muassasalar mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumanlari va brifinglar muntazam o'tkazilmoqda. Bu, o'z navbatida, ommaviy axborot vositalariga koronavirusga qarshi kurashish doirasidagi eng muhim yangiliklarni birlamchi manabalardan olish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, Koronavirus Info (@koronavirusinfouz) kanali faoliyati yo'lga qo'yildi. Yangi kanal tarqatgan xabarga qaraganda, AQShning nufuzli nashrlaridan biri — «The Diplomat» Markaziy Osiyoda koronavirusga qarshi qanday kurashilayotgani haqida maqola e'lon qilgan.
Ushbu tahliliy materialda koronavirusga qarshi O'zbekiston tanlagan yo'l muvaffaqiyatli ekani alohida ta'kidlangan. Hukumat barcha ma'lumotlarni ochiq va oshkora e'lon qilayotgani hamda aholi axborot olishi uchun bepul Internetni yo'lga qo'ygani qayd etilgan. Maqola muallifi Koronavirus Info (@koronavirusinfouz) kanali faoliyatiga ham to'xtalgan. U O'zbekistonda yangi tashkil etilgan ushbu kanalda 1,2 milliondan ziyod obunachi kunlik ma'lumotlarga ega bo'layotganini ta'kidlab, ushbu muvaffaqiyatlar boshqa mamlakatlar uchun ham o'rnak bo'lishi kerakligini aytgan.
Yurtimizda COVID-19 virusi tarqalishining oldini olish ishlariga hissa qo'shayotgan, jonini xatarga quyib bo'lsa-da faoliyat olib borayotgan turli soha va tarmoq ishchi-xizmatchilari orasida ommaviy axborot vositalari xodimlari – jurnalistlarning borligi tabiiydir. Negaki, “ko'rinmas yov” vahimasi butun dunyoga yoyilgan paytda odamlarning tezkor, xolis va ishonchli informatsiyaga bo'lgan ehtiyoji har doimgidan ham yuqori, uni qondirish esa har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi kunda mamlakatimiz aholisining ko'p qismi asosiy informatsiyani qo'lidagi mobil` telefoni orqali olayotgani sir emas. Shuning uchun yurtdoshlarimizning Internetdan – “Facebook”, “Telegram”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish darajasi o'sib borayapti.
Ayni chog'da, dunyoning boshqa mamlakatlari qatori O'zbekistonda ham COVID-19 pandemiyasi natijasida ko'plab sohalar kabi ommaviy axborot vositalari ham moliyaviy muammolarga duch kelganidan ko'z yumib bo'lmaydi. Soha ekspertlarining fikricha, vaqt o'tishi bilan bu muammolar kattalashsa kattalashadiki, lekin ijobiy tomonga o'zgarishi dargumon.
Bunday murakkab sharoitda ommaviy axborot vositalari davlat va jamiyat tomonidan faol qo'llab-quvvatlanmasa, so'z erkinligining tayanchi bo'lgan bir qancha ommaviy axborot vositalari yopilib ketishi mumkin. Shunga ko'ra, ommaviy axborot vositalari hamda blogerlarga muayyan yengilliklar, xususan soliq imtiyozlari berish kabi turli takliflar ilgari surilmoqda.
Yana bir muhim masala: koronavirus epidemiyasi – jamiyatda raqamli texnologiyalar zudlik bilan rivojlanishi uchun yangi chaqiriq bo'ldi, deb baholamoqda milliy ekspertlar. Koronavirus epidemiyasining O'zbekistonga kirib kelishi tufayli aholi onlayn xizmatlardan tobora keng foydalanmoqda.
Bunday jarayonlarda zamonaviy IT-yechimlarni keng joriy etish bilan bir qatorda axborot xavfsizligiga ham alohida e'tibor qaratish muhim. Butun dunyoda karantin choralari tobora kuchayishi bilan onlayn messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarga bo'lgan ehtiyoj ham keskin darajada ortdi. Natijada ilgari ommabop bo'lmagan, lekin hozirda insonlar uchun qulay aloqa vositasi bo'lgan platformalar ko'payib ketdi.
Masalan, bir vaqtning o'zida 100 nafargacha foydalanuvchilarni videokonferentsaloqa qilishiga imkon beruvchi «Zoom» mobil` ilovasi qisqa vaqt ichida ommalashib, hozirda undan birgina «Android» platformasidagi foydalanuvchilar soni 100 milliondan ortib ketdi. Lekin joriy yilning 4 aprel` kuni AQShning «The Washington Post» jurnali «Zoom» mobil` ilovasining minglab shaxsiy video-suhbatlari ochiq ma'lumotlar bazasiga tushganini ma'lum qildi. Bunda «Zoom» mobil` ilovasida ro'yxatdan o'tgan «Facebook» foydalanuvchilarining ma'lumotlari hamda «YouTube» va «Vimeo» platformalarida foydalanuvchilarning video-suhbatlari tarqab ketgan.
Mazkur holatlar, axborot inqilobi davrida uning xavfsizligini ta'minlash milliy manfaatlar nuqtai nazaridan ham zarurligini yana bir bor isbotlaydi. Bugungi voqelik avvalo aholini elektron platformalardan to'g'ri foydalanishga o'rgatish, dasturiy mahsulotlar, messenjerlar, bulutli texnologiyalar asosida faoliyat yurituvchi platformalarni («Zoom», Big Data va boshqalar) mahalliylashtirish, vazirlik va idoralar faoliyatini raqamlashtirish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 03.05.2020
- Ko'rishlar: 4437
- Chop etish