Buyuk g'alaba va Nyurnberg saboqlari

1945 yil 20 noyabrda Germaniyaning Nyurnberg shahrida Uchinchi reyxning yuqori martabali rahbarlari ustidan sud jarayoni boshlangandi. Unda jahon urushini qo'zg'agan va o'n millionlab odamlarning umriga zomin bo'lgan siyosiy rejimning jinoiy qilmishlari ko'rib chiqilgan. O'n yarim oyga cho'zilgan 403 ta sud majlisidan so'ng 1946 yilning 1 oktyabrida hukm ­e'lon qilingan. Natsistlar rahbarlarining bir qismi osib o'ldirish, boshqalari uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Tribunal SS, SD, gestapo hamda natsistlar partiyasi rahbariyatini jinoiy tashkilotlar, deb topgan.

Sud jarayoni o'tkaziladigan joy sifatida Nyurnberg tanlandi. Buning bir nechta sababi bor edi.

Birinchidan, Amerika okkupatsiya zonasida bo'lgan Nyurnbergga urush paytida unchalik zarar yetmagan edi.

Ikkinchidan, bu yerda shunday ko'lamdagi sud jarayonini o'tkazish uchun juda qulay bo'lgan “Adolat saroyi” joylashgan bo'lib, u sudlanuvchilar saqlanayotgan Nyurnberg turmasi bilan tutash edi.

Uchinchidan, Nyurnberg mafkuraviy jihatdan natsistlar uchun katta ahamiyatga ega bo'lib, Gitler hokimiyatga kelganidan so'ng Nemis natsional-sotsialistik ishchi partiyasi qurultoylari doim shu yerda o'tkazilgan. 1935 yili bu shaharda millionlab odamlarning uqubat chekishi va halokatiga sabab bo'lgan “Nyurnberg irqiy qonunlari” qabul qilingan.

Ushbu sud Yevropa mamlakatlariga qarshi Gitler agressiyasi tarixiga nuqta qo'ygandi. Shu bilan birga, yangi jahon urushlarining oldini olishga xizmat qiluvchi xalqaro huquqning ilg'or normalari shakllanishi uchun ham zamin bo'lgan edi.

Bundan 75 yil ilgari jahon tarixida ilk bor natsistlarning asosiy harbiy jinoyatchilari ustidan  boshlangan tarixiy Nyurnberg sud jarayoni haqida ko'plab kitoblar va maqolalar yozilgan, ilmiy ishlar himoya qilingan. Shu bilan birga, tarixning yo'rig'i yangi avlodga bu haqda xolis axborot yetkazishning naqadar muhimligini hamisha eslatib turadi.

O'zbekiston — Ikkinchi jahon urushida

Keyingi yillarda izchillik bilan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar tufayli O'zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, qahramonlar — otalarimiz va bobolarimizning jasorati xususida nihoyatda muhim yangi dalillarga ega bo'ldik. Ushbu tadqiqotlar natijalari ayni paytda ommaviy axborot vositalarida, yangi kitob va al`bomlarda keng yoritilmoqda.

Xususan, shu vaqtga qadar respublikamiz hududida o'sha davrda yashagan 6 million 551 ming kishidan salkam 1 million 500 ming nafari urushda ishtirok etgan deb hisoblanardi. So'nggi ma'lumotlar esa, O'zbekistondan frontga qariyb 1 million 951 ming kishi safarbar etilganidan dalolat bermoqda. Bu o'zbekistonliklarning har uchtasidan bittasi qo'liga qurol olib, fashizmga qarshi jangga otlangan, deganidir.

Yana ayrim raqamlarga to'xtalmoqchiman: ilgari janglarda 396 ming nafar vatandoshimiz halok bo'lgan deb hisoblangan bo'lsa, aslida, ushbu raqam 538 mingdan ziyodni tashkil etishi aniqlandi. Bundan tashqari, shu vaqtga qadar bedarak yo'qolganlar haqida ishonchli ma'lumotlarga ega emasdik. Bugun ayon bo'lmoqdaki, 158 ming nafardan ortiq yurtdoshimiz urush yillarida bedarak yo'qolgan ekan.

Toshkent viloyatida yashagan va urush oqibatida besh o'g'lidan judo bo'lgan, to'rt kelini beva hamda besh nafar nevarasi yetim qolgan mushfiq onaizor Zulfiya Zokirova matonat va fidoyilik timsoli hisoblanadi.

Niderlandiyadagi “Amersfort” o'lim lageriga tashlangan 101 nafar o'zbekistonlik jangchining qismati ham o'ta fojialidir. Gebbel`sning rejasiga ko'ra, bu asirlar nemis armiyasining ruhini ko'tarishda muhim rol` o'ynashlari kerak bo'lgan.

Ya'ni, o'lim lagerining baland to'siqlar va tikanli simlar bilan o'ralgan ochiq osmon ostidagi sahnida azobu qiynoqlarga solingan och-yupun, xasta hamda tinkasi qurigan o'zbek asirlari bir buxanka non uchun o'zaro talashib-tortishib, kinokameralarga “qiziqarli” sahna namoyish etishlari kutilgandi. Ammo bu qabih reja chippakka chiqadi. 

Non uchun hech kim talashib-bo'g'ishmaydi. Aksincha, asirlarning eng kichigi ohista borib, uni yerdan ko'taradi. Atrofga sukunat cho'kadi. Navqiron asir nonni ehtiyotlab qo'liga oladi va xuddi muqaddas Qur'onni tavof etgani kabi, uch marta o'padi va har gal ko'ziga surtadi. Keyin nonni asirlarning eng yoshi ulug'iga olib ­boradi.

So'ngra o'zbeklar bir davra atrofida chordana qurib o'tiradilar va non ushoqlarini bir-birlariga uzata boshlaydilar. Har bir asir o'z ulushi tekkanida, issiq non taftida avval hovuchini isitib olar, shundan so'ng shoshmasdan va ko'zlarini yumgancha huzur qilib tanovul qilishga kirishardi. G'aroyib ziyofat yakuniga yetgach, o'lim lageri uzra “Xudoga shukr” degan jo'rovoz shukronalik duosi ­yangraydi.

Ushbu manzara natsistlarning sharmandali muvaffaqiyatsizligidan dalolat berardi va shu bois, Reyx hujjatlarida bu haqda hech qanday ma'lumot saqlanib qolmagan. Yahudiylarning og'zidan qo'porib olingan har bitta tish to'g'risida batafsil hisobot yozib qoldirgan nemis fashistlari  “Amersfort” o'lim lageriga tashlangan 101 nafar o'zbekistonlik jangchidan qanday sharmanda bo'lganlariga doir barcha hujjatlarni yakson qilgan.

Ushbu achchiq va ibratli tarixiy voqeani menga birinchi marta 2017 yil mayida o'sha paytda BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari sifatida O'zbekistonga tashrif buyurgan Zayd Raad al-Husayn so'zlab bergandi.

Gollandiyalik jurnalist Remko Reyding taqchil dalillarni to'plab, bu haqda muhim tadqiqot chop ettirgani diqqatga loyiqdir. ­G'alabaning 75 yilligi munosabati bilan  O'zbekistonda “101” nomli kitob nashr etildi va shu asosda badiiy fil`m tasvirga olindi.

O'zbekistonga urush olovi ichida qolgan respublikalardan 1,5 million kishi, jumladan, 250 ming nafar bola evakuatsiya qilingan. Xalqimiz ularga boshpana berdi, mehr-oqibat va g'amxo'rlik ko'rsatdi, dasturxonidagi burda nonini baham ko'rib, yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etdi.

Biz Ikkinchi jahon urushi davrida o'n millionlab kishilar qurbon bo'lganligi bilan bog'liq insoniyat boshiga tushgan bunday ulkan fojiani hamisha yodda saqlashimiz kerak. Bashariyat XX asrda inson zotiga nisbatan sodir etilgan bu qadar shafqatsizliklarga jahon tarixi davomida sira duch kelmagandi.

Shu ma'noda, Nyurnberg protsessi — nafaqat harbiy jinoyatchilarga nisbatan odil sudlov, balki insoniyatga shaxsni, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida ulkan tarixiy saboq chiqarish imkonini bergan “tarixiy sud” hamdir.

Nyurnberg saboqlari

Nyurnberg tribunali o'z ishini boshlagan sanadan 75 yillik masofada turib, u tarixiy, huquqiy va ijtimoiy-siyosiy sohalar rivojida naqadar ulkan rol` o'ynaganligini yaqqol ko'rish mumkin.

Bugun dunyo yangi xavf-xatarlarga duch kelib turibdi. Xalqaro terrorizm butun insoniyatga tahdid solayotgani, sohada mavjud xalqaro-huquqiy normalar talablariga xilof ravishda yadroviy qurollar tarqalayotgani, zo'ravonlik ekstremizmi o'sayotgani, inson huquqlarining ­ommaviy ravishda buzilishiga sabab bo'luvchi qurolli mojarolar kuchayib borayotgani shular jumlasidan.

Nyurnberg jarayoni saboqlari quyidagi yo'nalishlarda o'z aksini topmoqda.

Birinchi saboq: Nyurnberg tribunalining hujjatlari inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha hozirgi zamon xalqaro-huquqiy bazasiga asos solish uchun dastlabki poydevor vazifasini o'tadi.

XX asrning ikkinchi yarmida xalqaro hamjamiyat  insonning asosiy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo'yicha qat'iy normalar nafaqat davlatlarning milliy huquqida, balki xalqaro huquqda ham mustahkamlab qo'yilishi zarur, degan xulosaga keldi. Boshqacha aytganda, Nyurnberg jarayoni dunyoda yangicha huquqiy tartib-taomillar qaror topishiga muayyan darajada ko'maklashdi.

Xalqaro harbiy tribunal Nizomiga muvofiq, inson huquqlari sohasiga doir bir qancha xalqaro-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Bu hujjatlarda davlatlarning inson huquqlarini hurmat qilish va ularni ta'minlash borasidagi umumiy majburiyatlari mustahkamlandi.

Shuningdek, yuqorida aytib o'tilgani kabi xalqaro jinoyatlarga yo'l qo'ymaslik yoki ularning oldini olish bo'yicha aniq normalarni o'zida aks ettirgan qator xalqaro konventsiyalar tasdiqlandi.

Xususan, Nyurnberg jarayonida shakllantirilgan xalqaro-huquqiy shartnomalar qatorida tajovuzlar, harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarning oldini olishga doir printsip va normalarni o'zida aks ettirgan quyidagi hujjatlarni sanash mumkin: 1948 yilgi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi; 1948 yilgi Genotsid jinoyatlarining oldini olish va uning uchun jazolash to'g'risidagi konventsiya; Urush jabrdiydalarini himoya qilish to'g'risidagi 1949 yilgi Jeneva konventsiyalari; 1950 yilgi Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to'g'risidagi konventsiya; 1954 yilgi Xalqaro nizolar yuz bergan hollarda madaniy qadriyatlarni himoya qilish to'g'risidagi konventsiya; 1966 yilgi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt; 1968 yilgi Harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarga nisbatan eskirish muddati qo'llanilmasligi to'g'risidagi konventsiya; 1973 yilgi Aparteid jinoyatlariga yo'l qo'ymaslik va uning uchun jazolash to'g'risidagi konventsiya hamda shu kabi boshqa bir qator xalqaro-huquqiy hujjatlar.

Ikkinchi saboq: Nyurnberg jarayoni saboqlari xalqaro-institutlashgan odil sudlov organlari uchun zamin bo'lib xizmat qildi.

Nyurnberg jarayoniga qadar xalqaro huquqda faqat davlatlarning  javobgarligigina ko'zda tutilgan bo'lib, bu ham ko'p jihatdan jamoaviy javobgarlik hisoblanardi. Nyurnberg jarayoni dastlabki xalqaro odil sudlov timsolida ana shu vaziyatni tubdan o'zgartirdi.

Nyurnberg jarayonining inkor etib bo'lmas ahamiyati, avvalambor,  yuqori lavozimlardagi davlat arboblarini xalqaro sudda sud qilish pretsedenti yuzaga kelgani misolida yaqqol
ko'rinadi. Aytish mumkinki, ­insoniyatni birlashishga undash tamoyilini xuddi shu omil boshlab bergan.

Xalqaro harbiy tribunal tuzilishi va jinoyatchi natsistlar yetakchilarining jazolanishi, o'z navbatida, “xalqaro javobgarlikning individuallashtirilishi printsipi” degan yangi tamoyilning ishlab chiqilishiga, xususan, jismoniy shaxslarga nisbatan xalqaro huquq normalari asosida jinoiy javobgarlik belgilanishiga olib keldi.

Nyurnberg jarayonining o'ziga xos xususiyati shundaki, u ikkita huquqiy an'ana — anglosakson va kontinental huquqiy tizimlarni o'zaro birlashtirdi.

Nyurnberg jarayoni huquq tarixida birinchi marotaba o'ziga xos yuridik pretsedentni yaratdi. Natijada keyinchalik ushbu huquqiy tajriba Tokio tribunali, Ruanda, sobiq Yugoslaviya, Syerra-Leone uchun xalqaro harbiy tribunallarni tashkil etishda namuna bo'lib xizmat qildi.

Bu jarayonlarda yuridik amaliyotga kim tomonidan va qaysi davlat hududida sodir etilganidan qat'i nazar, jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligi to'g'risidagi yangi qoida joriy etildi.  

Tribunal hozirgi zamon xalqaro sudlari tizimini barpo etish uchun namunaviy model vazifasini ham o'tadi. Xalqaro jinoyat sudi shu negizda tashkil etilgani ushbu fikrimizni tasdiqlaydi. Bu, o'z navbatida, xalqaro gumanitar huquq va xalqaro jinoyat huquqi rivojiga turtki berdi.

Uchinchi saboq: Nyurnberg jarayoni inson huquqlarini himoya qilishning ta'lim va axborot-ma'rifatga doir asoslarini yaratdi.

1993 yili Nyurnberg shahrida isroillik haykaltarosh Dani Karavanning “Inson huquqlari ko'chasi” (“Stra?e der Menschenrechte”) nomli monumental yodgorlik lavhasi bunyod etilgani bejiz emas.

Bu yodgorlik Nyurnberg shahri rahbariyati tomonidan “Partiyalar namoyishlari shahri”ni Ikkinchi jahon urushidan keyingi murakkab o'n yilliklar davomida zamonaviy “Tinchlik va inson huquqlari shahri”ga aylantirish borasida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu yerda 27 ta oppoq ustun o'rnatilgan bo'lib, har qaysi ustunda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining alohida bir moddasi nemis tilida va Yevropaning boshqa tillarida o'yib bitilgan. 

Nyurnberg jarayoni saboqlari insoniyat faqat birdamlikdagi sa'y-harakatlari bilan zulmga bas kelishi mumkinligini o'rgatdi. Aynan Nyurnberg tribunali Nizomidagi printsiplar keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi tomonidan xalqaro huquqning insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan kurashish sohasidagi umume'tirof etilgan printsiplari sifatida tasdiqlangan.

Xalqaro hamjamiyat tinchlik madaniyati, inson huquqlari bo'yicha ta'lim sohasida BMT o'n yilligi, tinchlik va zo'ravonlikka yo'l qo'ymaslik madaniyati g'oyalarini ham aynan Nyurnberg printsiplari asosida ­e'lon qilgani e'tiborlidir.

To'rtinchi saboq: Nyurnberg tajribasi inson huquqlarining xalqaro darajada himoya qilinishi ustidan monitoring o'tkazish uchun asos vazifasini o'tadi.

Huquqiy ahamiyati nuqtai nazaridan, Nyurnberg jarayoni inson huquqlarini rivojlantirish yo'nalishlarini belgilab olishga o'z ta'sirini ko'rsatgani juda muhimdir. Avvalambor, Nyurnberg jarayoni xalqaro jinoyatlarning yangi turlarini belgilab berdi. Keyinchalik bu yangiliklar xalqaro huquq va aksariyat davlatlar milliy qonunchiligidan mustahkam o'rin oldi.

Nyurnberg sudi odil sudlovning umumqabul qilingan protsessual normalariga muvofiq ravishda o'tkazildi. Ayblanuvchilarga advokatlarni erkin tanlash asosida o'z huquqlarini himoya qilish imkoniyati chinakamiga ta'minlandi. Sud majlislarining ochiq va oshkora o'tkazilishi hamda sudlanuvchilar o'z milliy tilidan foydalanishi masalalariga jiddiy yondashildi.

BMTning ustav organlari, xususan, Inson huquqlari bo'yicha kengashi, shartnomaviy qo'mitalari va maxsus protseduralari, aynan BMT ixtisoslashgan muassasalarining inson huquqlarini himoya qilish organlari, jumladan, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot, YUNESKO  hamda inson huquqlarini himoya qilishning mintaqaviy mexanizmlari — Yevropa Kengashi, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Afrika ittifoqi, Arab davlatlari tashkiloti, MDH kabi tashkilotlarni tuzishda bevosita Xalqaro harbiy tribunal printsiplariga asoslangani alohida ahamiyatga ega.

Beshinchi saboq: inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik.

Nyurnberg jarayoni zamonaviy xalqaro huquqni hamda uning tinchlik va asosiy inson huquqlariga rioya etishga taalluqli printsiplarini izchil rivojlantirishda yetakchi rol` o'ynadi. BMT Bosh Assambleyasi 1946 yilning dekabrida Nyurnberg odil sudlovi printsiplari amaldagi xalqaro huquqning tarkibiy qismi hisoblanishini e'lon qildi.

Ayni chog'da, Nyurnberg jarayoni bergan saboqlar bugungi kunda ham biz uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Xalqaro huquqning eng muhim ­printsiplari ishlab chiqilgani va qabul qilingani, shu printsiplarning amalda tatbiq etilishi tufayli insoniyat tinchlik va xavfsizlikni, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari himoyasini imkon qadar ta'minlab kelayotgani buning yaqqol dalolatidir.

Nyurnberg va inson huquqlari

Nyurnberg tribunali insoniyatning barcha muammolariga yechim topib bera olgani yo'q, albatta. Ammo uning qat'iy qarorlari bo'lmaganida, hozirgi dunyo odamzod ko'ziga bu qadar jozibador ko'rinmagan bo'lur edi.

Nyurnberg jarayoni hozirgi zamon jamiyati rivojining nihoyatda chuqur muammolarini, xususan, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha mexanizmlarni tugal ishlab chiqish zaruratini ochib berdi. Nyurnberg tribunali tomonidan ishlab chiqilgan printsiplar bugungi kunda ham nihoyatda dolzarbdir. Ularga amal qilish tajovuzlarning oldini olish va inson huquqlari buzilishiga yo'l qo'ymaslikning muhim sharti hisoblanadi.

Koronavirus pandemiyasi, bir tomondan, butun insoniyatning bunday global tahdidlar qarshisida ojizligini ko'rsatgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, Yer yuzidagi barcha davlatlar va dunyo xalqlari bir-birlari bilan o'zaro bog'liq ekanini yana bir bor tasdiqladi. Binobarin, jahon hamjamiyati a'zolari o'rtasidagi muntazam muloqotlar, ishonch va yaqin hamkorlik alohida ahamiyatga ega.

Insoniyat bir yaqqol haqiqatni yana e'tirof etdi. U ham bo'lsa,  hukumatlar, parlamentlar, fuqarolik jamiyati sa'y-harakatlarini birlashtirish, yalpi javobgarlik, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va o'zaro muvofiqlashtirish printsiplarini mustahkamlash zaruratidir. Faqat shundagina insonning asosiy huquq va erkinliklarini, har bir shaxsning sog'lig'i va farovonligini to'la ta'minlash mumkin bo'ladi.

Bugungi kunda atrofimizdagi barcha murakkabliklar va ziddiyatlarga qaramasdan, dunyo yaxlit hamda mushtarak tus oldi. Biz bir-birimizga yanada bog'lanib qoldik. Shu ma'noda, inson huquqlarini himoya qilish masalasi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha kun tartibini ro'yobga chiqarishga qaratilgan barcha sa'y-harakatlarimizning markazida turishi ayni muddaodir.

Zero, barqaror rivojlanishning 17 ta, ya'ni deyarli barcha maqsadlari inson huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi asosiy hujjatlarda o'z aksini topgan. Barqaror rivojlanishning
17 ta maqsadi — turli sohalarni qamragan bo'lib, ushbu maqsadlarga erishish inson hayotining har tomonlama yaxshilanishi uchun qulay imkoniyatlarni yuzaga keltiradi.

Shunday qilib, hozirgi zamon inson huquqlari davri, shubhasiz, Nyurnberg jarayonidan boshlangan. Garchi, XX asrda ko'plab xalqaro hujjatlar qabul qilingan bo'lsa-da, Nyurnbergdagi Harbiy tribunal inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi muhim voqea hisoblanadi.

Nyurnberg tribunali inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquqni mustahkamlash borasida ulkan rol` o'ynagani, eng muhimi, jahon hamjamiyatiga o'zaro yaqin qo'shni, do'st va hamkor bo'lib tinch-osoyishta yashash mumkinligini ko'rsatib bergani shubhasizdir.

Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori

Manba: yangi O`zbekiston

Powered by GSpeech