Konstitutsiyaga ko‘ra, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas.
Shuningdek, mamlakat hududida iqtisodiy makon birligining, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishining kafolati Bosh qomusimizda mustahkamlandi.
2024 yil 29 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Konstitutsiyadan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
– Qonun bilan Uy-joy va Shaharsozlik kodekslari, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, – deydi Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov. – Jumladan, Uy-joy kodeksida turar joylarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, ularni qayta qurish yoki buzish shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi belgilandi.
Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi ham Uy-joy kodeksiga yangi norma sifatida kiritildi.
Shaharsozlik kodeksiga sel va ko‘chki xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda binolar va inshootlarni loyihalashtirish hamda qurishda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish taqiqlanishi belgilangan yangi norma kiritildi.
Ushbu norma sel va ko‘chki bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish, aholi hayoti xavfsizligini ta’minlash, ko‘riladigan iqtisodiy zarar miqdorini kamaytirish maqsadida kiritildi.
Ma’lumki, iqlim o‘zgarishi oqibatida yildan-yilga sel kelishi va ko‘chki bilan bog‘liq xavfli jarayonlar tobora faollashib bormoqda. Shunga qaramasdan, sel va ko‘chki xavfi mavjud hududlarda uy-joy qurilishi bilan bog‘liq holatlar davom etmoqda.
Sel yo‘llari va ko‘chki xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda bino va inshootlarning qurilishi oqibatida sel va ko‘chki hodisalari insonlar o‘limiga va sezilarli iqtisodiy zararlarga olib kelmoqda.
Misol uchun, 2022 yilda Qamchiq dovonida qurilgan “Kavsar” oshxonasiga ko‘chki tushishi oqibatida 2 nafar fuqaro, Jizzax viloyati Forish tumani “Egizbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sel kelishi oqibatida 5 nafar fuqaro vafot etgan, 6 nafar fuqaro jabrlangan. Sel kelgan yo‘lga qurilgan 22 xonadonga 43 milliard 701 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetgan.
2023 yilda Toshkent viloyati Ohangaron tumani Ertosh qishlog‘i hududida tosh ko‘chishi natijasida 3 nafar fuqaro jarohat olgan bo‘lsa, 1 nafar fuqaro vafot etgan. Shuningdek, sel kelishi natijasida Jizzax, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida 13 xonadonga zarar yetgan.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Xavfli jarayonlarni kuzatish markazi va Gidrometeorologiya xizmati agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda xavfli hududlardan ko‘chirilgan 21 xo‘jalikka 1 milliard 110 million so‘m miqdorida kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berilgan. 2023 yilda 14 xo‘jalikka turar joy qurish uchun jami 43 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya pullari hamda 1,8 gektar yer maydoni ajratilgan.
Qonun bilan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari tovarlari, xizmatlari, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larining erkin harakatlanishi kafolatlanishi, shuningdek, hududiy prinsip bo‘yicha erkin harakatlanishini cheklashga, to‘xtatib turishga va taqiqlashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan norma kiritildi.
Shu bilan birga, amalga oshirilgan ma’muriy islohotlarga muvofiq “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonun xususiy mulkning va mulkdorlar huquqlarining himoya qilinishi kafolatlarini kuchaytirishga, tadbirkorlik faoliyatini erkin amalga oshirish uchun qo‘shimcha kafolatlar hamda shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, qonun asosida shaharsozlik ob’ektlarini loyihalashtirish va qurish chog‘ida tabiiy ofatlar xavfi yuzaga kelishi mumkinligi hamda iqlim o‘zgarishi hisobga olinishi ta’minlanadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 09.09.2024
- Ko'rishlar: 726
- Chop etish