AOKA da o‘tkazilgan brifingda Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’mat Atamuratov sohaga oid fuqarolardan kelgan savollarga javob berdi.
Savol: —Yaqinda aksiya bo‘yicha qonun qabul qilinadi deb bizning mahallamizga tutash yer maydonlarida ko‘pchilik qurilish boshladi. Men ham qursam, yangi chiqadigan qonun bilan shu yerni o‘zimniki qilib, hujjat qilib olsam bo‘ladimi?
Javob: — O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida qonun nazarda tutilayapti. E’tiborli bo‘ling, qabul qilinishi kutilayotgan qonunda joyni noqonuniy egallab olib, u yerda hozir qurilish qilayotganlarning bu ishini oqlash, e’tirof etish nazarda tutilmagan.Aksincha hozirda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilish qilayotganlar qonunbuzarlik turiga ko‘ra, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi. Qonunda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha ma’lum davrlar belgilangan bo‘lib, ushbu davrlar kosmik suratlar yordamida aniqlanadi.
Savol: — Hozirgi vaqtda ham uy-joyni kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish kechiktirilgan bo‘lsa, Kadastr idoralari tomonidan jarimaga tortiladimi? Tortilsa jarima miqdori qancha?
Javob:— Ko‘chmas mulkka, bino va inshootga bo‘lgan huquqlar vujudga kelganidan keyin bir oy ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilinishi lozim. O‘z vaqtida murojaat etmaslik MJTK ning 681-moddasiga asosan, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10, mansabdor shaxslarga esa 15 baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi. Ushbu jarimalarni qo‘llash bo‘yicha Kadastr agentligi vakolatli organ hisoblanadi.
Savol: — Kadastr idoralarida maqsadsiz foydalanilgan yerlarni olib qo‘yish vakolati bormi?
Javob:—Ma’lumki, yerdan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazorati Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda, Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq, ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish bo‘yicha Kadastr agentligi organlari tomonidan sudga murojaat qilinadi. Maqsadsiz foydalanilayotgan yerlarni olib qo‘yish faqatgina sud tartibida hal etiladi.
Savol: —Qanday holatlarda Yer maydonlarini noqonuniy egallab olingani uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi?
Javob: — Yer maydonlarini noqonuniy egallab olingani uchun jinoiy javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 197 hamda 229-1-moddalarida belgilangan. Eng muhim qismini aytib o‘tamiz. 229-1-moddada Sug‘oriladigan yer uchastkalarini, ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish — bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2-yildan 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Savol: — Qurilishi to‘liq yakunlanmagan uyga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish mumkinmi?
Javob: — Vazirlar Mahkamasining 2021-yildagi 389-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, Binolar va inshootlar davlat kadastriga ma’lumotlar belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida ularning qurilishi tugallangandan keyin yoxud qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartib va shartlarda ular bo‘yicha bitimlar tuzilgandan keyin hisobga kiritiladi.
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan holatlarda qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar ham davlat kadastrida hisobga olinishi mumkinligi belgilangan. Shuni ham aytib o‘tishimiz kerak, Kadastr agentligida dolzarb 40 kunlik e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, hududlarda yer va kadastr nazorati tadbirlari kuchaytiriladi. Jumladan, 45 ta dron yordamida nazorat tadbirlari olib boriladi. O‘zbekkosmos agentligi tomonidan taqdim etilgan kosmik suratlarni taqqoslash orqali qonunbuzarliklar aniqlanadi.
Yer nazoratchi inspektorlar tomonidan aniqlangan holatlar joylarga chiqqan holda, maxsus planshetlar yordamida “E-Yer nazorat” axborot tizimiga kiritiladi va onlayn nazorat qilinadi. Jinoyat alomatlari bor ya’ni, sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy qurilish qilish holatlari Prokuratura organlariga yuboriladi.
Savol: — Agar fuqaro o‘zboshimchalik bilan egallangan yerda qurilgan binoni buzib tashlasa, jarimadan ozod qilinadimi?
Javob: — Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash bilan bog‘liq huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta’minlasa va o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Javobgarlikdan ozod etish kodeksning 60-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikka tegishli, ya’ni yer uchastkasini o‘zboshimcha egallab unda qurilish qilish bilan bog‘liq holat bundan mustasno.
Sh.Mamaturopova, O‘zA
- Qo'shildi: 01.05.2024
- Ko'rishlar: 1767
- Chop etish