Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadzeni qabul qildi.
O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan idoralari, shu jumladan Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati muhokama qilinib, kelajakda birgalikda amalga oshiriladigan rejalar ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlash lozim, Markaz bilan hamkorlik tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, terrorizmga qarshi kurashish, tinchlikni mustahkamlashda ayollar va yoshlar salohiyatidan foydalanish, nizolarning oldini olish va hal etish, shuningdek, transchegaraviy suv va energiya resurslaridan birgalikda va oqilona foydalanish kabi masalalarni qamrab oladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston BMT doirasida xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa bo‘lib qo‘shilayotgan tashabbuslarni ilgari surayotgani alohida taʼkidlandi.
Mintaqaviy darajadagi muloqot va hamkorlik uchun turli platformalar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti atigi 3 yil ichida gender tenglikni taʼminlash bo‘yicha dolzarb takliflarni ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylanganiga, bu borada Markazning faol ishtirokiga to‘xtalib o‘tildi.
Shu nuqtai nazardan Muloqot doirasida yangi samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Toshkent shahrida doimiy faoliyat yurituvchi Muloqot kotibiyatini ochish masalasini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, muloqot chog‘ida mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolarining preventiv diplomatiyaning zamonaviy usullari va vositalari haqidagi bilimlarini oshirish bo‘yicha Markaz bilan ushbu sohada samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Kaxa Imnadze Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining o‘zaro munosabatlari tinchlik va barqarorlikni taʼminlash har jihatdan o‘sishni taʼminlashga xizmat qilayotganiga, bunda O‘zbekistonning alohida hissasiga to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida mintaqaviy tusdagi qator dolzarb masalalar yuzasidan yaqin va konstruktiv hamkorlikni yana-da rivojlantirishga kelishib olindi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 01.03.2024
- Ko'rishlar: 2084
- Chop etish