Bugun Venetsiya shahridagi Ka Foskari universitetida “O‘zbekiston: sahrodagi avangard” ko‘rgazmasining “Shakl va ramz” nomli ikkinchi qismi ish boshladi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining XX asr san’ati ikki eng zalvorli muzeyi sara to‘plami namoyishiga bag‘ishlangan loyihasi xalqaro jamoatchilikni Igor Savitskiy siymosi va badiiy merosini asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish imkoniyati bilan ahamiyatli.
Loyiha nima uchun “Shakl va ramz” deya nomlandi?
Shakl haqida gapirarkan, mas’ullar bir jihatga e’tibor qaratgan: 1921-yil Maorif xalq komissarligi Tasviriy san’at bo‘limi huzuridagi Moskva muzeylar byurosi tomonidan Toshkent san’at muzeyiga yuborilgan avangard kolleksiya Markaziy Osiyo rang tasviri yo‘nalishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Bu yerda muxlislar XX asr san’ati jahon miqyosidagi harakat sifatida shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan Ekster, Kandinskiy, Klyun, Popova, Rodchenko, Rozanova kabi avangard rassomlar asarlarini tomosha qilish imkoniga ega.
Ko‘rgazmada “avant-garde orientalis” rassomlarining sara ishlari ham taqdim etilgan. Milliy bezakli amaliy san’at ashyolari bilan boyitilgan ko‘rgazma maydoni chuqur madaniy va tarixiy merosni ifoda etadi. Bu asarlarning aksariyati O‘zbekistondan tashqarida tahsil olgan, ilhom manbaini esa aynan Markaziy Osiyodan topgan o‘zbekistonlik, qozog‘istonlik, rossiyalik va armanistonlik musavvirlar o‘rtasidagi uzviy madaniyatlar aro muloqotni aks ettiradi.
Ma’lumoti bo‘yicha arxeolog, o‘zi rassom va suratlarning ashaddiy shaydosi Savitskiy 1950-yillar oxiridan boshlab Qoraqalpog‘istonda minglab arxeologik topilma va bezakli amaliy san’at buyumlarini to‘plab, O‘zbekiston va sobiq Sovet Ittifoqiga daxldor minglab rang-tasvir va grafika asarlari bilan “mushtarak muzey” tushunchasiga hamohang yonma-yon joylashtiradi.
Ko‘rgazmada arxiv foto suratlari va multimedia qurilmasi ham namoyish etilyapti.
“Shakl va ramz” loyihasi 17-apreldan 29-sentyabrgacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha – 16-aprel kuni Florensiyadagi Uffitsi galereyasi Pitti saroyida “O‘zbekiston: sahrodagi avangard” ko‘rgazmaning “Nur va rang” qismi ochildi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA
- Qo'shildi: 18.04.2024
- Ko'rishlar: 1807
- Chop etish