Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Bandlik va ijtimoiy himoyani uyg‘unlashtirish orqali O‘zbekistonda ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktori Jilber Ungbo boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.
Samarqand temiryo‘l vokzalida mehmonlarni viloyat hokimligi mas’ullari kutib oldi.
Delegatsiya Samarqand bilan tanishuvni mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Samarkand Apparel” xorijiy korxonasidan boshladi. Mazkur korxona tikuvchilik va trikotaj buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, 2013 yildan buyon faoliyat yuritadi.
Mehmonlar korxona faoliyati, jumladan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ishchilar bilan muloqot qildi. Tashrif davomida delegatsiya Samarqand shahrining “Devori ko‘ndalang” mahalla fuqarolar yig‘iniga bordi. Mahalla yettiligi vakillari bilan uchrashuv jarayonida ularning vazifasi, mahallada aholi bandligini ta’minlash, ishsizlarga kasb-hunar o‘rgatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari mahallada shirinliklar tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanayotgan “Aziza Bakery” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Bu yerda o‘n besh nafar mahalla yoshlari va xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan.
– Tashrifimiz dasturi bilan tanishganimda mahallani ko‘rib hayron bo‘lgandim, – deydi janob Jilber Ungbo. – Ammo mahalla va uning xodimlari bilan bevosita muloqot qilib, ularning faoliyati haqida tushunchaga ega bo‘lgach, bundan juda ham xursand bo‘ldim. Xoh ijtimoiy, xoh iqtisodiy muammo bo‘lsin mahallaning o‘zida hal etilishi o‘rgansa arziydigan, keng ommalashtiriladigan tajriba, desam xato qilmayman. Ayollar va yoshlar uchun mahallada kasb-hunar o‘rganish, mehnat qilish sharoiti yaratilishi bugun ushbu qatlam bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga yechim bo‘ladi. Bundan tashqari, mahallada milliy urf-odat va an’analar bardavomligini saqlashga qaratilgan e’tibor ham diqqatimizni tortdi. Mahalladagi muammolar keksalar ishtirokida maslahat bilan yechilishi ham yaxshi tajriba. Umuman, keksalarga ehtirom, yoshlarga e’tibor ko‘rsatish borasidagi an’ana menga juda yoqdi. Mahalla nuroniylari bilan bir dasturxon atrofida gurunglashish, o‘zbek milliy taomi palovni suzishda ishtirok etish bir umrga esda qolarli voqea bo‘ldi. Xulosam shuki mahalla faoliyatining samarali tashkil etilishi, bandlik masalasining tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilganligi mehnat munosabatlariga to‘liq mos keladi.
Delegatsiya a’zolari tashrif davomida Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, yurtimiz tarixi, madaniyati bilan yaqindan tanishdi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 11.07.2024
- Ko'rishlar: 1381
- Chop etish