Joriy yilning 19 iyun kuni “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda ushbu sohada parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, har yili Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani muhokama qilish tartibi joriy etiladi.
Oliy Majlis Senati tomonidan ustuvor xalqaro reyting va indekslarning ro‘yxatini tasdiqlashda tegishli xalqaro reyting hamda indekslarga mutasaddi vazirlik va idoralar biriktiriladi.
Vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari Oliy Majlis Senati tomonidan belgilangan ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning o‘rni yaxshilanishi, shuningdek, ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi.
Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashiga quyidagi vazifalar yuklandi, jumladan:
— mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning o‘rnini yaxshilashda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilib borish;
— ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning o‘rnini yaxshilash, shu jumladan ilmiy-tadqiqot muassasalarini biriktirish;
— milliy ma’ruza tayyorlanishini tashkil etish va uni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish;
— turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning ustuvor xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish.
O‘zA
- Qo'shildi: 21.06.2024
- Ko'rishlar: 1370
- Chop etish