Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Iordaniyaning “Amman News” nashri “O‘zbekiston yangi siyosatchilar paydo bo‘lishi uchun platformalar yaratmoqda” sarlavhali maqola e’lon qildi.

Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti  bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor Gulchehra Malikovaning “O‘zbekistondagi yangi saylov tizimi: qonunchilik va ijtimoiy-siyosiy hayotda nimalar o‘zgaradi?” mavzusidagi fikrlari bayon etilgan. 

– Saylovga doir barqaror huquqiy madaniyatni shakllantirmasdan turib, erkin jamiyat va davlat qurib bo‘lmaydi, – deb yozadi muallif. – Saylov xalq hokimiyati asosi ekani e’tirof etilgan haqiqat. Mamlakatda erkin saylov tizimi mavjudligi demokratik va respublika boshqaruv shakli tamoyili hisoblanadi.

MDHga a’zo davlatlarda “Demokratik saylov, saylov huquqi va erkinligi standarti to‘g‘risida”gi Konvensiyaning 9-moddasi 1-bandida shunday yozilgan: – Haqiqiy saylovda xalqning erkin ifodalangan istak-irodasini aniqlash va bevosita amalga oshirish ta’minlanadi.

Oxirgi bir necha yil ichida O‘zbekiston Respublikasi siyosiy tizimida hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Shunday yangiliklardan biri saylov qonunchiligi bilan bog‘liq. Gap O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tadigan saylovda majoritardan majoritar-proporsional (ba’zan aralash deb ataladi)ga o‘zgarishi haqida bormoqda. Ikki klassik elektorat formula (majoritar va proporsional)larni birlashtirgan aralash saylov tizimi turli qit’alardagi qator davlatlar, Yevropa Ittifoqi (Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Italiya va boshqalar)dan tortib, Uzoq Sharq (Yaponiya va boshqalar)da ham qo‘llanadi.

Muallif “Majoritar-proporsional saylov tizimiga o‘tishdan maqsad nima?” degan savolning javobini ham keltirgan:

Birinchidan, bu tizim ovozlarni to‘liqroq hisoblashga yordam beradi va mamlakatdagi real siyosiy vaziyatni aniqroq aks ettiradi.

Ikkinchidan, parlament quyi palatasidagi hududlar vakilligining yanada mutanosibligiga erishiladi.

Uchinchidan, partiyalar va nomzodlar o‘rtasidagi munosabat formati o‘zgaradi: partiyalar haqiqatan taniqli, obro‘li va saylovchilar bilan faol ishlashga qodir nomzodlarni topishga majbur bo‘ladi.

To‘rtinchidan, yangi davlat siyosatchilari paydo bo‘lishi uchun platforma yaratadi.

Aralash saylov tizimi uch turga bo‘linadi:

proporsional vakillik (proporsional-majoritar) yoki majoritar tizim ustunligiga asoslangan (majoritar-proporsional);

proporsional va majoritar tizim tengligiga asoslangan.

Respublikamiz qonun hujjatlarida proporsional va ​​majoritar tenglikka asoslangan tizimga o‘tish mustahkamlab qo‘yilgan. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 67-moddasi 2-qismida Qonunchilik palatasi deputatlarining yetmish besh nafari bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha, yetmish besh nafari esa yagona saylov okrugidagi siyosiy partiyalar uchun ovoz soniga mutanosib ravishda partiya ro‘yxati bo‘yicha saylanadi, deb belgilangan.

Qayd etish lozim, Saylov kodeksi 401-moddasida Markaziy saylov komissiyasi, shuningdek, bir mandatlik deputatlikka nomzodlar tomonidan partiya ro‘yxatini qayd va e’lon qilish tartibi belgilangan. Saylovchi partiyalar ro‘yxatida ko‘rsatilgan nomzodlar asosida partiya haqida o‘z tasavvurini shakllantiradi.

Saylov natijasini aniqlashdagi o‘zgarish ham qiziqarli. Bir mandatli saylov okrugidan saylanadigan deputatlikka nomzodlar majoritar saylov tizimining nisbiy ko‘pchiligi bo‘yicha aniqlanadi. Bunda Saylov kodeksi 96-moddasi 5-qismiga binoan, eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzod g‘olib deb topiladi. Nisbiy ko‘pchilikning majoritar tizimi 43 mamlakat, jumladan AQSH va Buyuk Britaniya kabi qator davlatlarda parlament palatalari yoki ikkala palataga saylashning yagona tizimi sifatida qo‘llanadi.

Yagona saylov okrugi bo‘yicha saylangan siyosiy partiyalarga nisbatan Saylov kodeksining 961-moddasida yetti foizlik to‘siq belgilangan. Bunda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiya deputatlik mandatiga ega bo‘ladi.

To‘siq saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan partiyalarning parlamentdagi deputatlik o‘rinlarini taqsimlashda saylov uchastkalarida yuz bergan xatolik yoki tasodifiylik darajasini qisqartirish maqsadida kiritilgan. Odatda, bu fuqarolar ovozlari umumiy sonining qariyb ikki foizini tashkil qiladi. Bu qiymat saylovchilar guruhi beqarorligi, tasodifiylikning yuqori darajasi va saylovga ta’sir etuvchi bir qator boshqa omillar tufayli maqbul deb hisoblanadi.

To‘siq parlament ichidagi ortiqcha fraksion bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham qo‘llanadi. Bu nomarkazlashuv va ish falajlanishiga olib kelishi mumkin.

To‘siq muhim qarorlar qabul qilish, jumladan hukumatni shakllantirishda kichik partiyalarning negativ faolligi va ta’sirini istisno qilishga ham xizmat qiladi. Bu ta’sir, kichik partiyalar yakuniy qaror qabul qilishda muhim rol o‘ynaydigan fraksiyalarni tuzishi va yirik partiyalardan ustun kelishini ta’minlashi mumkin. Masalan, xuddi shunday holat Isroilda 2019-2022 yillari siyosiy inqirozga – 3 yarim yil ichida Knessetga besh marta navbatdan tashqari saylov o‘tkazilishiga olib kelgan.

Bundan tashqari to‘siq mandatlarni taqsimlashda ishtirok etuvchi partiyalarga o‘z vazifasini samarali amalga oshirish uchun faol fraksiyalarga ega bo‘lish imkoniyatini ta’minlash maqsadida ham joriy etilgan.

Xo‘sh, bu to‘siq xorijiy mamlakatlarda qanday? Niderlandiyada – 0,67, Isroilda – 3,25, Rossiyada – 5, Qozog‘istonda – 7, Misr va Lixtenshteynda – 8, Turkiyada – 10 foiz. Shu bilan birga, bunday to‘siq umuman qo‘yilmagan qator davlatlar ham bor: Portugaliya, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Shvetsiya va boshqalar.

Gulchehra Malikovaning asosli xulosasi ham keltirilgan.

Ijtimoiy-siyosiy hayot o‘z mexanizmi orqali partiyalar aro raqobat tuzilishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bunday raqobat, o‘z navbatida, partiya tizimi ichidagi islohot omili hisoblanadi. Bularning bari birgalikda saylov tizimidagi o‘zgarishlar asosini tashkil qiladi.

Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA

Powered by GSpeech