Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va xalqaro huquq

Konstitutsiyalar odatda davlat ichki huquqining oliy manbai hisoblanadi. Davlatning boshqa barcha qonunlari va harakatlari konstitutsiyaga muvofiq bo‘lishi shart. Shuningdek, konstitutsiyalar davlatning qudratli ramzi bo‘lib, umumiy qadriyatlarni birlik manbai sifatida belgilab berishi mumkin. Bu xususiyatlar konstitutsiyalarning qanday tuzilishi va ularda nimalar aks etishiga ta’sir ko‘rsatadi. Konstitutsiyalar davlat tuzilishi bilan bog‘liq eng muhim masalalar, jumladan, davlat institutlari o‘rtasidagi munosabatlar, inson huquqlarini ta’minlash, hokimiyatlarning vakolatlari va majburiyatlarini qamrab oladi.

Konstitutsiyalarning mazmunini belgilashda davlatning xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlari ko‘pincha e’tiborga olinadi. Ayniqsa, muhim xalqaro-huquqiy majburiyatlar bevosita Konstitutsiyaga kiritilishi mumkin, bu esa ularga ichki huquqda ustun maqom beradi.

Ko‘pchilik mamlakatlar yuzlab xalqaro-huquqiy majburiyatlarga ega. Shubhasiz, ularning hammasini Konstitutsiyaga kiritib bo‘lmaydi.  

Har bir mamlakat qaysi majburiyatlarni va qanday kiritishni o‘zi hal qilishi kerak. Amalda bu masala asosan ikki turdagi majburiyatlar – davlat tizimiga oid va inson huquqlariga taalluqli majburiyatlar bilan bog‘liq holda ko‘tariladi.

Konstitutsiyalarning huquqlarni himoya qiluvchi qismlarini ishlab chiqishda davlatlarning inson huquqlariga oid xalqaro majburiyatlari odatda katta ta’sir ko‘rsatadi. Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro bill tegishli huquqlar uchun qulay manba hisoblanadi. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni Konstitutsiyaga kiritish, Konstitutsiyani talqin qilish va qo‘llashning odatiy jarayonida unga rioya etish ehtimolini oshiradi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 15-moddasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi mustahkamlandi. Ushbu normaning Asosiy qonunimizga kiritilishi davlatimiz chin ma’noda huquq ustuvorligiga erishishga intilayotganligini namoyon qilgan holda, insonning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari asosida himoyalanishini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasizdir.

Konstitutsiyamizning 15 va 19-moddalaridagi qoidalar mamlakatimiz inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilayotganligi, har bir qabul qilinadigan qonunchilik hujjati mamlakatimizning bu boradagi xalqaro majburiyatlariga muvofiqlashtirilayotganligidan dalolat beradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi hisoblanadi va ularda mustahkamlangan normalar mamlakatimizning amaldagi qonunchiligi bilan tizimli ravishda muvofiqlashtirib borilmoqda. Birgina misol, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 25-moddasiga “mamlakatimizda o‘lim jazosining taqiqlanishi”, 26-moddasiga “hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi”, 44-moddasiga “bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi”ga oid normalarning kiritilishi davlatimizning bu boradagi xalqaro majburiyatlariga sodiqligini namoyon qiladi.

Jo‘rabek Rasulov,

yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.

Powered by GSpeech