Yanvar-mart oylarida 4,4 ming nogironligi bor shaxslarning bandligiga ko‘maklashilgan

2023-yilda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va uning tizim tashkilotlariga jami 370 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning 195 ming 735 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 167 ming 548 tasiga tegishli tushuntirishlar berilgan.

Hududlarda o‘tkazilgan 40 dan ortiq ommaviy sayyor qabullar jarayonlarida fuqarolarning ishga joylashish, mehnat huquqi, mehnat muhofazasi va boshqa masalalarga oid murojaatlari ko‘rib chiqilib, aksariyati ijobiy hal etilgan.

Nogironligi bor shaxslarning bandligini ta’minlash borasida ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2024-yilda 16 ming imkoniyati cheklangan nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgan. Ushbu dasturga asosan shu yilning yanvar-mart oylarida 4,4 ming nafar ushbu toifadagi shaxslarning bandligiga ko‘maklashilgan.

Xususan, 2,2 ming nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlardagi mavjud bo‘sh va zaxiralangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 677 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan.  

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining eshituvida qayd etildi. Ayrim kamchilik va muammolar o‘rtaga tashlanib, tegishli tavsiyalar berildi.  

M.Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech