Ar-Riyod shahrida O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi ko‘magida bo‘lib o‘tayotgan COP16 konferensiyasi doirasida tashkil etilgan “Yerlarni tiklash va qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish uchun davlat va xususiy moliyalashtirishni jalb qilish” moliyaviy safarbarlik bo‘yicha vazirlar muloqotida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ham rais sifatida ishtirok etdi.
Muloqot UNCCD vazirlari, manfaatdor tomonlar va investorlar uchun yerlarni tiklash va butun dunyo bo‘ylab qurg‘oqchilikka chidamlilikni yaxshilash bo‘yicha transformativ yechimlarni taqdim etdi. Tadbirda so‘zga chiqqan A.Abduhakimov O‘zbekiston 2030 yilgacha 2 million gektardan ortiq degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, mamlakat strategiyasini BMTning yer degradatsiyasiga qarshi neytrallik bo‘yicha maqsadlariga muvofiqlashtirish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun barqaror turmush sharoitini ta’minlash niyatida ekanini ta’kidladi.
– So‘nggi besh yil ichida milliy hukumat barqaror yer boshqaruvi va o‘rmonlarni barpo etish tashabbuslariga milliy byudjetdan 1 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ ajratdi, – deydi A.Abduhakimov. – Bunday sa’y-harakatlarga qaramay, butun dunyo bo‘ylab moliyalashtirishdagi kamchiliklar saqlanib qolmoqda. O‘zbekiston xalqaro moliyalashtirishni samarali boshqarish qobiliyatini allaqachon namoyon etgan. Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligimiz natijasida Orolbo‘yida o‘rmonzorlarni barpo etish bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilib, degradatsiyaga uchragan yerlar inson va tabiat uchun foydali ekotizimlarga aylantirildi. Ammo xalqaro moliyalashtirishga osonroq va tezroq kirish orqali biz ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lamiz. O‘zbekiston bu sa’y-harakatlarni kengaytirishga va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik markaziga aylanishga tayyor.
Shuningdek, vazir ushbu maqsadlarni kengaytirish ishonchli moliyalashtirish mexanizmlari va innovatsion hamkorlikni talab qilishini qayd etdi.
Vazirlar muloqotida jahon iqtisodiyotiga yiliga 10 trillion AQSH dollari miqdorida zarar keltiruvchi yerlarning degradatsiyasi, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashga sarmoyalarni ko‘paytirish zaruriyatiga e’tibor qaratildi. Birgalikda amalga oshirilgan davlat-xususiy hamkorlik moliyalashtirishdagi bo‘shliqni yo‘q qilishi va barqaror yechimlarni kengaytirishi mumkin.
Shuningdek, yerlarni tiklash va qurg‘oqchilikka chidamlilikka sarmoya kiritish nafaqat ekologik majburiyat, balki oqilona iqtisodiy tanlov ekani aytib o‘tildi. Yerni qayta tiklashga yo‘naltirilgan har bir dollar qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirishdan suv ta’minotini yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga moslashishgacha bo‘lgan foyda keltiradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 05.12.2024
- Ko'rishlar: 509
- Chop etish