YUNESKO ekspertlari Olunifesi Suraj hamda Annette Obolenski Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurdi.
Ekspertlar mamlakatimizda axborot ochiqligi, media sohasi va jurnalistlarga yurtimizda yaratib berilayotgan sharoitlar haqida ijobiy fikrlar bildirdi.
Ekspert O.Suraj “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan shaxsan tanishib chiqqanini ta’kidlab, unda sohalarni raqamlashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarni yuqori baholadi.
Shuningdek, yaqinda Parijda bo‘lib o‘tgan olimpiadada O‘zbekiston ko‘rsatgan tarixiy natijani e’tirof etib, g‘oliblar qatorida ayollarning borligi sohada ayollar ulushi ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, ekspertlar keyingi yillarda O‘zbekistonda har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilayotgani va ular bilan muntazam tanishib borayotganini bildirdi.
Uchrashuv davomida YUNESKO ekspertlari media va axborot savodxonligi bo‘yicha milliy strategiyani yaratish yuzasidan izlanishlar olib borilayotgani, mazkur loyihani amalga oshirishda parlamentning ham roli muhim ekanligini ta’kidladi.
Mazkur masala yuzasidan senatorlar o‘z fikrlarini bildirib, bu borada sohada qabul qilingan qonunlar hamda Senat tomonidan olib borilgan parlament nazorati natijalari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, YUNESKO bilan hamkorlik bo‘yicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Tomonlar istiqbolda birgalikda amalga oshiriladigan boshqa rejalar hamda tadbirlar bo‘yicha kelishib oldi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 20.09.2024
- Ko'rishlar: 1089
- Chop etish