Mamlakatimizda, 15 aprel holatiga ko'ra, karantin qoidalariga amal qilmaslik bo'yicha 42 ming 782 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Ushbu huquqbuzarliklarning atigi 10 tasi ijtimoiy tarmoqlarda vahima chiqaruvchi yoki asossiz ma'lumotlar tarqatish bilan bog'liq.
Bu o'nta holatni umumiy raqam salmog'i bilan solishtirilsa, chindan ham, juda kichik ko'rsatkich ekani aniq. Ammo, Covid-19 haqidagi noto'g'ri va chalg'ituvchi ma'lumotlar koronavirusdan ham xavfli ekani e'tiborga olinsa, bunday huquqbuzarlikning asoratlari qanchalik jiddiyligini anglash qiyin emas.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish 14 aprel` kuni xalqaro jamoatchilikni Covid-19 bilan bog'liq dezinformatsiya, ya'ni yolg'on axborotlar to'lqiniga to'siq qo'yishga chaqirdi. BMT Bosh kotibi bu borada yangi tashabbusni ilgari surdi: internetdagi mish-mishu uydirmalarga qarshi ilmiy va asosli dalillarni taqdim etish kerak.
Antoniu Guterrish o'z videomurojaatida hozirgi kunda dunyo ahli Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr mobaynida kuzatilmagan o'ta jiddiy inqirozni keltirib chiqargan Covid-19 pandemiyasiga qarshi kurashish uchun jipslashganini qayd etdi. «Ammo bugun biz yana bir xavfli epidemiya – uydirma axborotlar epidemiyasiga duch kelib turibmiz», - deb ta'kidladi u.
BMT Bosh kotibi ta'biri bilan aytganda, bugun hamma joyda turli maslahatgo'ylaru emchilar ko'payib ketdi. Bundaylar tomonidan tavsiya etilayotgan har xil "dori-malhamlar" pirovardida inson sog'ligiga tuzalmas ziyon-zahmat yetkazishi mumkin.
Havo to'lqinlarida ham ochiqdan-ochiq yolg'on ma'lumotlar tarqatilmoqda. Internet tarmoqlari kasalga qarshi qaytariq qilish, afsun o'qish va shu kabi safsatalarga to'lib-toshgan. Fitna, nafrat, alohida insonlar va butun boshli guruhlarni nohaq ayblash va qoralash holatlari tobora avj olmoqda.
«Butun dunyo mana shu xastalikka qarshi kurashish yo'lida ham birlashishi darkor. Bu kasallikning eng maqbul davosi – ishonchdir», - dedi BMT Bosh kotibi. Ilm-fanga, mas'ul institutlarga, insonlar o'rtasida o'zaro ishonch juda muhimdir.
Antoniu Guterrish ijtimoiy tarmoqlardagi jamoatchilikni yanglishtiradigan uyum-uyum maqola va munosabatlar orasidan aniq dalillarni uydirmalardan ajratib, alohida saralab taqdim etayotgan jurnalistlarning xizmatini e'tirof etdi. Shu bilan birga, uning fikricha, ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi kompaniyalar Covid-19 pandemiyasi bilan bog'liq adovatli va zararli bayonotlarga yanada qat'iyatliroq qarshi turishlari zarur.
Davlat tashkilotlari esa fuqarolarning ishonchini qozonishi uchun, birinchidan, o'z faoliyatiga o'ta mas'uliyat bilan yondashishi, ikkinchidan, ishonchli axborotga tayanishi taqozo etiladi. Bosh kotibning ta'kidlashicha, hozirgi inqirozni yengib o'tishda o'zaro hurmat va inson huquqlariga amal qilish mezonlari barchamiz uchun yo'lchi yulduz vazifasini o'tashi lozim.
Antoniu Guterrish BMTning yangi tashabbusini e'lon qilar ekan, bundan buyon "internetni aniq dalillar va ilmiy asoslangan ma'lumotlarga to'ldirib tashlash"ga chaqirdi. Shundagina «dezinformatsiya to'lqini»ga bas kelsa bo'ladi.
BMT Bosh kotibi uydirma va yolg'on axborotga nisbatan «og'u» ta'rifini qo'lladi.
Darhaqiqat, og'u bilan yolg'on axborotning salbiy ta'siri o'xshashdir. Ikkalasi ham insonning sog'ligiga putur yetkazishi, hatto hayotiga zomin bo'lishi mumkin.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 16.04.2020
- Ko'rishlar: 4245
- Chop etish