Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida manzilli chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Zero, ushbu masalaga kompleks yondashgan holda huquqbuzarliklarning tizimli ravishda sodir etilishi sabab va shart-sharoitlarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarning yo‘lga qo‘yilishi juda muhim.
Bu “Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi”gi qonunda nazarda tutilmoqda.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisida shu haqda so‘z yuritildi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoiy qilmishni jinoiy jazo tarkibidan chiqarib, uni ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazish, yarashuv institutiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar doirasini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotgani qayd etildi.
Yarashuv instituti doirasining kengaytirilishi inson huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga, mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasining samaradorligi oshishiga hamda jinoiy jazolarning ayrim turlarini yanada liberallashtirishga xizmat qiladi.
Majlisda “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama etildi.
Qonun bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining vakolatlariga aniqlik kiritish nazarda tutilmoqda. Shu tariqa vazirlikning shaharsozlik siyosatini muvofiqlashtirishdagi roli kuchaytiriladi. Shaharlar va aholi punktlarini rivojlantirishni samarali boshqarishga zamin yaratiladi.
Qonunda shaharsozlik rivojlanishining yagona konsepsiyasini yaratish, alohida shaharlar va tumanlar bo‘yicha rivojlanish rejalarini muvofiqlashtirishni ta’minlash imkonini berish, shuningdek, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq muddatli prognozlarini ham hisobga olish nazarda tutilgan.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan ushbu qonun O‘zbekistonda yanada samarali va shaffof shaharsozlik tizimi yaratilishi, zamonaviy hududlar barpo etilishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Qonunlar yuzasidan ishtirokchilar fikr-mulohazalar bildirdi va yakunda qo‘mita qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 23.05.2024
- Ko'rishlar: 1476
- Chop etish