“YOSHLAR HUQUQLARI: IMKONIYATLAR VA HIMOYA QILISH MEXANIZMLARI”
XALQARO FORUMI
KONSEPSIYASI
Umimiy ma’lumot
Har qanday davlatning kelajagini 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Yoshlarning ijodkorligi, faolligi, ijtimoiy mas’uliyati va kasbiy tayyorgarligi har qanday demokratik jamiyatning barqaror faoliyat yuritishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bugungi kunda dunyoda 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan 1,2 milliard yoshlar mavjud, bu dunyo aholisining 16 foizini tashkil qiladi. 2030 yil kun tartibidagi Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishning belgilangan sanasi – 2030 yilga kelib, yoshlar soni 7 foizga oshib, qariyb 1,3 milliard kishiga oshishi kutilmoqda.
Yoshlar o‘z jamiyatlarida adolatli, teng va ilg‘or imkoniyatlar va yechimlarni tobora ko'proq talab qilar ekan, yoshlar oldida turgan ko‘p qirrali (ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va gender tengligi kabi) muammolarni hal qilish zarurati har qachongidan ham kuchaydi..
Yoshlar rivojlanishda muhim rol o‘ynashi mumkin va ularga o'z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan bilim va imkoniyatlar berilishi zarur. Xususan, yoshlar iqtisodiyotga hissa qo‘shish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi; va ular mehnat bozoriga kirishlari lozim.
BMT tarixida ilk bor tizimli strategiya – “Yoshlarni jamiyat hayotiga jalb etish orqali demokratiyani mustahkamlash” – 2030-yilga qadar Yoshlar strategiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston bu strategiya jadal sur’atlar bilan amalga oshirilayotgan dunyoning o’nta davlatidan biri hisoblanadi. BMT O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida Yoshlar parlamenti va BMT Yoshlar maslahat kengashining tashkil etilganini; yoshlarni mazmunli qamrab olish va imkoniyatlarini kengaytirishni ta’minlash uchun ko'plab strategiyalar, dasturlar va moliyaviy vositalarni qabul qilinganligini olqishladi.
Ushbu haqiqatni anglagan O‘zbekiston ularning intellektual, jismoniy, ma’naviy-axloqiy kamolotiga ko‘proq mablag‘ sarflamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasida BMTda Markaziy Osiyoda yoshlarni rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ishchi guruhini tuzish tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini ta’minlash va ularni amalga oshirishdan yuqori darajada manfaatdor ekanligini yana bir bor namoyon etadi. Aholining qariyb yarmini yoshlar tashkil etuvchi Markaziy Osiyoda navqiron avlod, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq masalalar alohida ahamiyat kasb etishi hisobga olinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida jahon hamjamiyatini “BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi”ni qabul qilish bo‘yicha O‘zbekistonning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Mazkur tashabbus yoshlar muammolarini hal etish, sohaga oid xalqaro hujjatlardagi nomutanosibliklarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan tobora ko'proq qo'llab-quvvatlanmoqda. Asosiy vazifasi yoshlar siyosati sohasidagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro huquqiy hujjatni ishlab chiqish boʻyicha saʼy-harakatlarni ragʻbatlantirishdan iborat bo‘lgan yoshlar huquqlari boʻyicha “Doʻstlar” guruhi tashkil etildi.
Yoshlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari
Yoshlar huquqlarini himoya qilish tizimini rivojlantirishda muhim o‘rinlardan birini Afrika, Osiyo, Tinch okeani mintaqasi, Yevropa, Lotin Amerikasi kabi mintaqalarda hukumatlararo konferensiyalar tomonidan qabul qilingan vositalar va standartlar egallaydi. Ushbu hujjatlar va standartlarning aksariyati BMT doirasida qabul qilingan. So‘nggi 30 yil ichida yoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hujjatlar soni
10 dan oshdi.
Asosiy inson huquqlarini o‘z ichiga olgan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan birinchi noyob xalqaro huquqiy hujjat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bo‘lib, 2023-yilda uning qabul qilinganining 75 yilligi keng nishonlanadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining yubileyi 1993-yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining tashkil etilishiga asos solgan Inson huquqlari bo‘yicha Butunjahon konferensiyasining 30 yilligiga to‘g‘ri keladi. Bu inson qadr-qimmatini yanada hurmat qilish yo‘lidagi ikkita muhim bosqichdir.
Insoniyat uchun eng muhim va zarur bo‘lgan hujjatning 75 yilligini nishonlash arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” Farmoni qabul qilindi. Farmonda inson huquqlarini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan asosiy va umuminsoniy huquqlardan xabardorlikni oshirishga qaratilgan turli dastur va tadbirlar nazarda tutilgan.
Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Butunjahon konferensiyasining 30 yilligi, Vena deklaratsiyasi va Harakat dasturining qabul qilinishi yoshlar huquqlarini hayotga tatbiq etish majburiyatini yana bir bor tasdiqlash va mustahkamlash lahzasi hisoblanadi.
Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligini nishonlashda va yoshlar o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarishda alohida qiyinchiliklarga duch kelishlarini va ko‘pincha inson huquqlari bo‘yicha ishlarda birinchi o‘rinda turishini e’tirof etgan holda, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi inson huquqlari bo‘yicha harakatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, kuzatish va “Inson huquqlari 75” tashabbusining amalga oshirilishi bilan shug‘ullanuvchi Yoshlar maslahatlashuvi guruhini tuzdi. Ushbu tashabbus doirasida yoshlar vakillari, shuningdek, yoshlar va yoshlar masalalari bo’yicha faoliyat olib boruvchi tashkilot va muassasalar inson huquqlarining buguni va kelajagi haqida o‘z fikrlarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, yoshlar tomonidan bildirilgan fikrlar 2023-yil dekabr oyida Jenevada bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi tadbirda taqdim etiladigan “Inson huquqlari 75” Yoshlar deklaratsiyasini ishlab chiqishda foydalaniladi.
Yoshlar O‘zbekistonning asosiy e’tiborida
Yosh avlod har doim davlatning diqqat markazida bo'lib kelgan, chunki bu ijtimoiy guruhning faolligi va harakatchanligi mamlakatni yanada izchil rivojlantirish uchun manba hisoblanadi. O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etuvchi davlat hisoblanadi. 2022-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, 30 yoshgacha bo‘lgan aholi soni 19,6 million kishini tashkil etadi, bu umumiy doimiy aholining 55,6 foizini tashkil qiladi. Shuning uchun ham zamonaviy O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishi – turli darajadagi qarorlar qabul qilish jarayonida yoshlarning ovozi yanada inobatga olinishini ta’minlashdan iborat.
Konstitutsiyaning yangi tahririda davlatlarning ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy, bandlik, ishlash va dam olish huquqlarini himoya qilish, shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlarni ta’minlash hamda uning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirish majburiyatlarini belgilab beruvchi yangi normalar yoshlarga alohida e’tibor qaratilayotganining yorqin dalilidir. Jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etish shart-sharoitlariga kelsak, davlatning majburiyati yoshlarni har tomonlama – intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlantirish uchun zamin yaratishdan iborat.
Bugungi kunda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida huquq va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish kafolatlari himoyasini ta’minlash borasida qator keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarga oid davlat siyosatining asosini “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun tashkil etib, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash asoslarini belgilab beradi. Xususan, yoshlar kamoloti ta’lim, ijodiy va intellektual rivojlanish, bandlik va yoshlar ilgari surayotgan innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy elementlariga asoslanadi. Sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, yoshlar ongida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Bu komponentlar u yoki bu tarzda yoshlar bilan ishlashga jalb qilingan barcha ijtimoiy institutlarning yoshlar rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasining ajralmas qismi hisoblanadi.
Yoshlarni institutsional darajada qo‘llab-quvvatlash Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshirilmoqda, mahallalarda esa 2022-yildan yoshlar yetakchilari lavozimi joriy qilingan bo‘lib, mahallalarda o‘z faoliyatini ko‘rsatmoqda. Agentlik tomonidan har bir yosh ushbu tashkilot tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak haqida ma’lumot olishi, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish va imtiyozli kredit olish, o‘z biznesini ochish, malaka oshirish, huquqiy yoki psixologik maslahatlar olish uchun o‘z arizasini topshirishi imkoni mavjud bo‘lgan platforma ishlab chiqilgan. “Yoshlar daftarchasi” orqali 700 mingdan ortiq o‘g‘il-qizni qo‘llab-quvvatlashga 650 milliard so‘m ajratildi.
“O‘zbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasi, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashning yagona mezonlari, yoshlar siyosatini baholash milliy indeksi kabi yoshlar siyosatini chuqurlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish davom etmoqda.
Shu jihatdan, rejalashtirilgan strategiyalarni amalga oshirishda yoshlarning bu jarayondagi faol pozitsiyasi birdek muhim omil hisoblanadi. Huquqiy savodxonlikni oshirish, huquq va manfaatlarni qonun asosida himoya qilish, jahon hamjamiyatining hayot tamoyillarini tushunib, mahalliy va xalqaro muammolarga qarshi faol kurashish lozim. Bu yoshlar boshlagan tashabbuslar yuqori sifatli natijalar berishi va dunyoni yanada yaxshiroq joyga aylantirishi uchun ularning ishtiyoqi va ilhomlantirilishi kerak bo'lgan vazifalar hisoblanadi.
Birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Sh.M. Mirziyoyev BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan 2020-yil 12-13-avgust kunlari Yoshlar huquqlari boʻyicha Butunjahon konferensiyasi boʻlib oʻtgan. Forum natijasi bo‘yicha Samarqandda “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatda tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini ta’minlashda yoshlar muhim rol o‘ynashi, qarorlar qabul qilishda yoshlarning faol, mazmunli va inklyuziv ishtiroki muhimligi ta’kidlangan.
Yoshlarga oid siyosat sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyo davlat rahbarlari 2023-yil 15-sentabrda kuni Markaziy Osiyo davlatlarining ijtimoiy, madaniy, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga yoshlarni yanada kengroq jalb qilish uchun sharoit yaratishga qaratilgan “Yoshlarga oid siyosatning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi kelishuvni” imzoladilar.
Ushbu tashabbus doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha davlatlarning sa'y-harakatlarimizni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta'minlash maqsadida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etish hamda yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Mintaqaviy kompleks dastur ishlab chiqish qabul qilish orqali yosh avlodni ekstremistik g‘oyalar ta'siridan himoya qilish choralarini ko‘rishni taklif etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi hukumati Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusida Xalqaro forum o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
XALQARO FORUMNING
MAQSADI, VAZIFALARI, FORMATI, UNDAN KUTILAYOTGAN NATIJALAR
Forumning asosiy maqsadi:
Forum o‘z ishtirokchilariga zarur bilimlarni olish, tajriba almashish va o'z g'oyalari va loyihalarini amalga oshirish; siyosatchilar, jamoat arboblari, ilmiy va akademik doiralar vakillari bilan jonli muloqot qilish imkoniyatini beruvchi axborot-maʼrifiy va munozara maydonchasi hisoblanadi.
Forumning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
- yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha amaldagi xalqaro va mintaqaviy hujjatlar hamda mexanizmlarni qo‘llash ko‘lamini xolisona tahlil qilish;
- yoshlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari va imkoniyatlari samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashish;
- aholining yoshlar huquqlarini himoya qilish muhimligi to‘g‘risida xabardorligini oshirish va tushunish;
- yoshlar huquqlarini himoya qilishning ilg‘or tajribalari va samarali mexanizmlarini muhokama qilish va tajriba almashish;
- yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishga qaratilgan strategiya va qonun hujjatlarini ishlab chiqishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash;
- yoshlar huquqlarini himoya qilish sohasida davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va yoshlar tashkilotlari o‘rtasida sheriklik va hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashish;
- yoshlarni ularning huquq va manfaatlari bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish va rejalashtirish jarayonlariga jalb etish;
- yoshlarning teng imkoniyatlarni ta’minlash, salohiyatini rivojlantirish va turmush farovonligini oshirishga qaratilgan dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash;
- yoshlar huquqlari sohasida kelgusidagi harakatlar va siyosiy tashabbuslar uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan tavsiya va qarorlarni shakllantirish;
- gender tengligini ta’minlash, rivojlanish jarayonlarida to'liq ishtirok etish va hissa qo'shish va yoshlar hayotiga ta'sir qiluvchi qarorlar qabul qilishda ishtirok etish.
Forumning vazifalari:
- yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy tajriba va yondashuvlarni muhokama qilish;
- yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha amaldagi xalqaro va mintaqaviy hujjatlar va mexanizmlarni qo‘llash ko‘lamini tahlil qilish;
- yoshlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari va imkoniyatlari samaradorligini oshirish yo‘llarini ishlab chiqish;
- yoshlar o‘z huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishida duch keladigan asosiy muammolarni yoritib berish;
- Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shish imkonini beruvchi barcha davlat siyosatiga yoshlar huquqlarini integratsiyalash bo‘yicha aniq tavsiyalar bilan huquqiy, ma’muriy va siyosiy asoslarni takomillashtirish yo‘llari va vositalarini ishlab chiqish;
- “Inson huquqlari 75” yoshlar deklaratsiyasini ishlab chiqish uchun inson huquqlarining buguni va kelajagi haqida yoshlarning fikrlarini to‘plash;
- forumning asosiy natijalari sarhisobini va yoshlar huquqlari sohasida keyingi harakatlar va tashabbuslar uchun asos bo'lishi mumkin bo'lgan tavsiyalarni o'z ichiga olgan yakuniy hujjatni ishlab chiqish.
Xalqaro forum formati
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Butunjahon konferensiyasining 30 yilligini nishonlash doirasida 2023-yil 23 oktabr kuni Toshkent shahrida gibrid formatda “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” xalqaro forumi o‘tkaziladi.
Ushbu format katta auditoriyaga, butun dunyo bo‘ylab soha bo‘yicha mutaxassislarga virtual ulanish va uning muhokama sessiyalarida ishtirok etish imkoniyatini beradi.
Xalqaro forum doirasida ochilish va yopilish marosimi, yoshlar tashkilotlari vakillari va asosiy ma’ruzachilar ishtirokida yalpi majlislar bo‘lib o‘tadi.
Yalpi majlislar davomida moderatorlar imkon qadar ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda auditoriyani faol jalb qilish orqali maqsadli muhokamalarni davom ettirishda asosiy rol o‘ynaydi.
Taklif etilgan ishtirokchilar seminar mavzusining huquqiy va konseptual jihatlariga, shuningdek, ilg‘or tajriba almashishga e’tibor qaratishlari kutilmoqda. Ishtirokchilarga o‘z mamlakatlaridagi ishlarning hozirgi holatining situatsion (vaziyat) tahlili taqdim etiladi va yoshlarga ta’sir etuvchi joriy siyosat va dasturlar tavsiflanadi. Shuningdek, ular panel ishtirokchilariga savollar berishlari va o'z tajribalariga asoslanib, milliy va xalqaro darajadagi turli manfaatdor tomonlarga siyosat va harakatlar bo'yicha aniq tavsiyalar berishlari mumkin.
“Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari”
xalqaro forumi
DASTURI
Forum doirasida 3 ta yalpi majlis oʻtkazish rejalashtirilgan:
1-YALPI MAJLIS:
YOSHLAR VA GLOBAL CHAQIRIQLAR: BARQARORLIK VA TINCHLIKNI QO‘LLAB QUVVATLASH
Inson huquqlari bo'yicha ta'lim inson huquqlari va asosiy erkinliklarini samarali amalga oshirishda katta ahamiyatga ega va bag'rikenglik, kamsitmaslik, tenglik, nizolarning oldini olish, radikalizatsiya va zo'ravon ekstremizmga qarshi kurashishda yordam beradi.
Inson huquqlari bo'yicha samarali ta'lim nafaqat inson huquqlari va ularni himoya qilish mexanizmlari to'g'risida bilim manbai bo'lib xizmat qiladi, balki kundalik hayotda inson huquqlarini rag'batlantirish, himoya qilish va amalga oshirish uchun zarur bo'lgan ko'nikmalarni shakllantiradi.
Sessiya yoshlarning bugungi jamiyatdagi asosiy rolini muhokama qiladi va belgilaydi, shuningdek, inson huquqlari bo'yicha ta'lim zo'ravon ekstremizmga qarshi tura oladigan ongli va faol fuqarolarni shakllantirishga qanday yordam berishi mumkinligini ko'rib chiqadi.
2-YALPI MAJLIS: YOSHLAR HUQUQLARINI RAG‘BATLANTIRISH VA HIMOYA QILISHNING XALQARO, MINTAQAVIY VA MILLIY VOSITALARI VA MEXANIZMLARI
Sessiyada yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha amaldagi xalqaro va mintaqaviy hujjatlar va mexanizmlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy hujjatlarda yoshlar huquqlarini himoya qilishning belgilangan standartlari muhokama qilinadi.
3-YALPI MAJLIS: YOSHLAR BILAN MASLAHATLASHISH: XALQARO MIQYOSDA YOSHLAR HUQUQLARINI ILGARI SURISH ISTIQBOLLARI
Yoshlar maslahatlashuvi shaklida o‘tkaziladigan ushbu uchrashuv ishtirokchilarga inson huquqlarining buguni va kelajagi, davlatlar, fuqarolik jamiyati, xalqaro tashkilotlar va BMT inson huquqlarini mustahkamlash, hurmat qilish va himoya qilish uchun nima qilishi kerakligi va kelajakda inson huquqlarini ilgari surish uchun yoshlar qanday majburiyatlarni olishi kerakligi haqida fikr almashish imkonini beradi.
Yoshlarning ushbu maslahatlashuvda bildiradigan fikr-mulohazalari 2023-yil dekabr oyida Jenevada boʻlib oʻtadigan yuqori darajadagi tadbirda taqdim etiladigan “Inson huquqlari 75” yoshlar deklaratsiyasini ishlab chiqishda foydalaniladi.
Ushbu majlis suhbatga yosh ishtirokchilarni jalb qilgan holda interaktiv formatda o‘tkaziladi.
Kutilayotgan natijalar:
Forum ishtirokchilari oʻrtasida aloqalar tarmogʻini yoʻlga qoʻyish va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar huquqlari sohasida kelgusida axborot almashish va hamkorlik qilish uchun platforma yaratish.
Yoshlarni, forum ishtirokchilarini yoshlar huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etishga, o‘z huquq va manfaatlariga doir qarorlar qabul qilishga ta’sir ko‘rsatishga ilhomlantirish va rag‘batlantirish.
Yoshlar huquqlari masalalari bo‘yicha aholining xabardorligini oshirish va ushbu muhim mavzuga jamoatchilik, OAV va siyosatchilar e’tiborini jalb qilish.
Xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada yoshlar huquqlarini himoya qilishning yangi mexanizmlari va vositalarini ishlab chiqish va mavjudlarini takomillashtirishga ko‘maklashish.
Forum yakuniga koʻra yoshlar huquqlarini ilgari surish va himoya qilish boʻyicha uzoq muddatli strategiya va harakatlar rejasini yaratish.
Jahon miqyosida yoshlarning ahvolini yaxshilash va ularning huquqlarini ta'minlash uchun faol harakat qilishga tayyor xalqaro hamjamiyatni shakllantirish.
Turli mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida o‘zaro tajriba va bilim almashinuvi butun dunyoda yoshlar huquqlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
Forumni tashkil etish
Forumning asosiy milliy tashkilotchisi
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi.
Milliy hamkorlar:
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi
O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi
Xalqaro hamkorlar:
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi,
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo’yicha mintaqaviy bo‘linmasi,
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti
YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi
BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori idorasi
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari koordinatori
Fridrix Ebert nomidagi Fondning O‘zbekistonda vakolatxonasi
ISHTIROKCHILAR
Xalqaro forumda 150 ga yaqin ishtirokchi, jumladan, mahalliy va xorijiy ekspertlar, yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari, yoshlar huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir o‘tkazilish sanasi va joyi:
2023-yil 23-oktabr, Тoshkent shahri
Muloqot tili:
O’zbek, ingliz va rus tillari.
Bog‘lanish uchun ma’lumot:
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Elektron pochta manzili: info@nhrc.uz
Telefon / Faks: (+ 998 71) 239 47 22