Ba’zan inson hayotini saqlab qolishda oz miqdordagi toza qon hal qiluvchi omilga aylanadi. Bir necha tomchi qon bemor insonning tezroq sog‘ayishiga, oyoqqa turishiga ko‘mak bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda donorlik har qanday inson qilishi mumkin bo‘lgan oddiy, ammo qahramonlikka teng ezgu ishdir.
Ma’lumki, “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tomonidan har yili «Bor mehrimiz senga, bolajon!» beg‘araz donorlik xayriya aksiyasi o‘tkazib kelinadi. Partiya matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, 7 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ushbu donorlik xayriya aksiyalarida bugungi kungacha 24 ming 753 nafar fuqaro ko‘ngilli donor sifatida ishtirok etgan. Natijada 8 ming 663 litr hayot tomchilari yig‘ilib, 42 ming 612 nafar bolajonlarning salomatligini tiklash va hayotini saqlab qolish uchun ishlatilgan.
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «Bor mehrimiz senga, bolajon!» shiori ostidagi navbatdagi donorlik aksiyasi o‘tkaziladi. Aksiya 31 may kuni soat 9:00dan 16:00gacha Respublika qon qo‘yish markazida hamda uning barcha hududiy bo‘limlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Qon donorligi aksiyasida ishtirok etadigan yurtdoshlarimiz eng ulug‘vor ishni amalga oshirib, ham bemor bolalarga ko‘mak berishadi, ham o‘z sog‘lig‘iga foyda keltiradi. Gap shundaki, qon donorligi inson salomatligi uchun ham foydali bo‘lib, qonni yangilashga va organizmning doimo tetik bo‘lishiga yordam beradi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom odamlar, og‘irligi 50 kilodan ziyod bo‘lganlar, kamida oxirgi 6 oy davomida jiddiy kasallik va jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirmaganlar qon donori bo‘lishi mumkin. Donorlik aksiyasi ishtirokchilari ezgulik sari qadam tashlab, bemor bolajonlar hayotini asrab qolishga o‘z hissasini qo‘shadi.
M.Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 30.05.2024
- Ko'rishlar: 1509
- Chop etish