23 aprel – Ingliz tili xalqaro kuni
1066 yili Frantsiya Qiroli Uil`yam Viktor (Zafardor) tomonidan Angliya bosib olinganidan keyin bu yerda anglo-norman tili qo'llanila boshlagan. Ingliz-lotin-frantsuz tillarining varianti hisoblanuvchi ushbu til asosan Angliyada va Buyuk Britaniyaning boshqa hududlarida ishlatilgan. Bu uch til omuxtasi bo'lgan til variantini maqolamiz davomida, qulaylik uchun, frantsuz tili deb ataymiz.
Ma'lumki, Frantsiya Qirolining Normandiyadan kelgan mansabdorlari hamda kelib chiqishi shimoliy va g'arbiy Frantsiyadan bo'lgan tarafdorlari eski shimoliy lotin, yanada aniqrog'i, eski shimoliy frantsuz tilida so'zlashishgan. Mazkur til varianti Angliyada XII asr boshidan – XV asrning oxirigacha ham badiiy adabiyotda, ham davlatning ma'muriy boshqaruv ishlarida, ta'lim, madaniyat, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hamda sud-huquq sohalarida keng va faol qo'llanilgan.
Frantsuz tili uch asrdan ko'proq davr mobaynida Angliya davlati hududida rasmiy til, davlat tili sifatida amal qilgan. Ayniqsa, shakllanib borayotgan burjuaziya jamiyatidagi muloqotlar, sudlardagi ish jarayoni, maktablar, universitetlar va lozim bo'lgan ta'lim-tarbiya kurslarida ham saboqlar frantsuz tilida olib borilgan. Din sohasida cherkov ishlarini olib borishda esa lotin tilidan foydalanilgan.
Angliya aholisi o'rtasidagi muloqotda ingliz tilini rasmiy til sifatida qo'llash batamom taqiqlab qo'yilgan. Undan faqat oila davrasida yoki chekka hududlardagi kambag'allar orasidagina kamdan-kam hollarda foydalanilgan, xolos.
Ingliz tilining shunday tor doirada ishlatilishi asnosida ham frantsuz tilidan ijtimoiy va iqtisodiy, siyosiy va harbiy sohalarda, sud-huquq, ilm-fan va ta'lim tizimlarida juda ko'p so'zlar o'zlashtirilgan. Misol uchun, Britaniya Qirolligi armiyasi ust kiyimidagi emblema yozuvlari hali ham frantsuzchadadir.
Shuningdek, Birlashgan Qirollik Parlamentida, Qirollik ishlarini olib borishda, qonuchilik ishlarini yuritishda ham frantsuz tilidan keng foydalanib kelingan.
Binobarin, XII asrga qadar frantsuz tili hech qachon Angliyaning asosiy ma'muriy ish yuritish tili bo'lmagan. O'rta asrlar davrining ko'proq qismida Angliyada huquqqa oid va boshqa barcha rasmiy hujjatlar va hisobotlar asosan lotin tilida olib borilgan.
XII asr oxiri – XV asr boshlarida frantsuz tili huquqiy hujjatlar, nizomlar, buyruqlar, rasmiy xatlar, barcha darajadagi savdo-sotiqlar sohasida ishlatilgan. Ya'ni, bu davrda frantsuz tili Angliyada Qirollikning ma'muriy boshqaruv tili va yuqori mansabdorlar sinfining rasmiy ish yuritish hamda o'zaro muloqot tili sifatida xizmat qilgan.
Mazkur jarayon XV asr oxirigacha davom etgan. XVI asr boshidan – to XIX asrgacha esa inglizchalashtirish jarayoni hukm surgan.
Frantsuz amaldorlarining millatparastlik harakatlari tufayli inglizlar o'rtasida milliy vatanparvarlik ruhi yuksalib, 300-400 yilcha davom etgan muttasil kurashlar natijasida ingliz tili rasmiy davlat tili sifatida o'z mavqeini asta-
sekin egallab borgan. Ammo frantsuz tili allaqachon ingliz tilli xalqlar ong-shuuriga chuqur o'rnashib qolgan bo'lib, o'sha davrda hatto badiiy adabiyot namunalari ham frantsuz tilida ijod qilingan.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, atoqli yozuvchi Jefri Choser ingliz tilida birinchi bo'lib badiiy asarlar yaratgan. Shuning uchun u ingliz tili va badiiy adabiyotining asoschisi hisoblanadi.
O'rta asrlarning mashhur shoiri va dramaturgi Uil`yam Shekspir ham asarlarini ingliz tilida yaratgan. U o'z ijodini inglizcha sonetlar yozishdan boshlagan.
Har qanday til rivojining muhim ko'rsatkichlaridan biri – o'sha tilda she'r yozish imkoniyati nechog'lik kengligidir. Ilgari Angliyada she'rlar lotin va yunon tillarida yozilgan. Keyinchalik ingliz vatanparvar adiblari barcha janrlarda ijod qilishga kirishgani natijasida ingliz tilida badiiy va publitsistik asarlar, sud-huquq va qonunchilik sohalari, ta'lim va ilm-fan yo'nalishlari bo'yicha adabiyotlar, turli lug'at va qomuslar yaratilgan.
Shunga qaramasdan, frantsuzcha so'zlar angliyaliklar tilida hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Ingliz tili lug'atining 28 foizini, ya'ni qariyb uchdan bir qismini frantsuzcha so'zlar tashkil qilishi shundan dalolatdir.
Ingliz tili maqomini rasmiy til sifatida qayta tiklash ishlarini Angliyaning birinchi Qiroli Henri IV boshlab bergan va Tyudorlar Qirolligi davom ettirgan. Tyudorlar, bir tomondan, frantsuz oqsuyak malikalarga emas, balki asl ingliz ayollariga uylangan bo'lsa, ikkinchi tomondan, xalqni ingliz tilida so'zlashishga undovchi qonun-qoidalar chiqargan.
1362 yili qabul qilingan “Ingliz tilida aybiga iqror bo'lish to'g'risida”gi qonun bilan ingliz tili rasmiy tilga aylangan. Mazkur qonunga muvofiq, Qirol Henri V hukmdorligi davrida davlat ishlarini yuritishda devon tili sifatida ingliz tili amal qilgan.
Tyudorlar davrida sud, ta'lim-tarbiya, ma'muriy boshqaruv ishlarida, hatto har bir fuqaroning o'zaro muloqotida ham ingliz tiliga tayanish talab qilingan. O'z navbatida, 1490-yillar boshida Tyudorlar avlodidan bo'lgan Qirol Henri VII Qirollikning barcha hududlarida ingliz tilida ish yuritish va muloqot olib borishni qat'iyan rasmiylashtirgan.
Xususan, 1490 yili Angliya Qiroli Henri VII o'z xalqiga murojaatida ushbu qisqa va aniq talabni e'lon qilgan: “Ok, everybody, we are all going English”. Ya'ni: “Shunday qilib, bugundan e'tiboran har birimiz rasman ingliz tilida muloqot qilamiz. Gap tamom, vassalom”.
Bugungi kunda qariyb 70 ta mamlakatda ingliz tili davlat tili hisoblanadi. Dunyodagi ko'p sonli xalqaro tashkilotlarning 85 foizi rasmiy ish tili va millatlararo muloqot vositasi sifatida ingliz tilini qo'llaydi.
BMTning rasmiy tillari 5 ta – ingliz, ispan, xitoy, arab, rus tillari bo'lishiga qaramasdan, xalqaro huquq normalari, BMT doirasida qabul qilingan rasmiy hujjatlar matni avvalo ingliz tilida ishlab chiqiladi va qabul qilinadi, keyin boshqa tillarga tarjima qilinadi.
Ingliz tili allaqachon jahon miqyosidagi diplomatik til sifatida xalqaro biznesning rasmiy tiliga aylangan. Yer yuzida xitoy tilida so'zlashuvchilar eng ko'p sonli bo'lsa-da, xalqaro biznes, xalqaro mehnat, xalqaro ta'lim, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar taqsimotida faol qatnashish uchun Xitoy fuqarolari ham ingliz tilini o'rganmoqda va bu til imkoniyatlaridan unumli foydalanmoqda.
Jahon kino mahsulotlarining 85 foizi, ilmiy ishlarning esa 90 foizi ingliz tilida nashr qilinadi. Nobel` mukofotiga loyiq deb topilgan ilmiy ishlar va badiiy adabiyot namunalarining aksariyati ingliz tilida yaratilgan yoki shu tilga tarjima qilingan nodir asarlardir.
Hozirgi vaqtda dunyo xalqlariga mansub 1,7 milliard nafar inson ingliz tilida gaplashadi. Ulardan 375 million nafari uchun ingliz tili ona tili hisoblansa, 750 milliondan ortig'i ingliz tilidan ikkinchi til sifatida foydalanmoqda.
Muxtasar aytganda, 350 yillik taqiqdan keyin ingliz mansabdorlari va xalqi ona tili rivoji uchun astoydil jonbozlik ko'rsatgan. Harakatda – barakat, deydilar. Bugun ingliz tili global ko'lamdagi birinchi raqamli xalqaro til darajasiga yetishgani bu naqlning naqadar haqqoniyligini yaqqol tasdiqlab turibdi.
Qosimboy Mamurov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining
ingliz tili bo'yicha muharrirlari guruhi boshlig'i, f.f.n., professor
- Qo'shildi: 23.04.2021
- Ko'rishlar: 3451
- Chop etish