Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi yangi bosqichida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” ustuvor g'oyasi asosida jamiyat hayotining barcha sohalarida tub jihatdan chuqur va keng ko'lamli
islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu yangilanishlarning asosiy yo'nalishlaridan biri - inson huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligini ta'minlashdir. Bu o'rinda Konstitutsiyamizning 13-moddasida “O'zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga ko'ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi” deb qonuniy mustahkamlab qo'yilganini alohida ta'kidlash zarur.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev uqtirib o'tganidek, “O'zbekiston inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha mustaqil siyosatini qat'iy davom ettirmoqda va bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilmoqda”.
Shuni alohida qayd etish kerakki, O'zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo'lib inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar tizimini yaratgan. 1995 yilda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) lavozimi joriy etildi. Ombudsman inson huquqlariga oid masalalarni o'rganish va hal etish bo'yicha ko'plab vakolatlarga ega.
O'zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining Farmoni bilan 1996 yilda inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning ta'sirli vositasini barpo etish, xalqaro va huquqni muhofaza qilish tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish, davlat muassasalari xodimlari va barcha aholining inson huquqlari bo'yicha madaniyatini oshirish maqsadida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilgan edi. Shuningdek, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti va boshqa 8 mingdan ziyod nodavlat notijiroat tashkiloti faoliyati ham inson huquq va erkinliklarini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev Farmoni bilan Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha sudga daxli bo'lmagan yangi mexanizm – Biznes-Ombudsman ham tuzilgan.
O'tgan davr mobaynida mamlakatda insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlashning mustahkam huquqiy asosi yaratildi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan bir qatorda inson huquqlariga taalluqli 16 ta kodeks va 400 dan ortiq qonun qabul qilinib, hayotga tizimli va izchil tatbiq etilmoqda. “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”, “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”, “O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risida”, “Xayriya to'g'risida”gi va boshqa qonunlar shular jumlasidan bo'lib, ular inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga zamin bo'lmoqda.
Shuningdek, O'zbekiston inson huquqlari bo'yicha 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan inson huquqlari bo'yicha 10 ta majburiy xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilgan. Ushbu asosiy xalqaro hujjatlarning O'zbekiston Respublikasi tomonidan bajarilishi to'g'risida muntazam ravishda milliy ma'ruzalar tayyorlanib, BMTning shartnomaviy organlariga ko'rib chiqish uchun yuboriladi. Ularning muhokamasi yakunlari bo'yicha tayyorlangan tavsiyalar ijrosini ta'minlash maqsadida “yo'l xaritalari” ishlab chiqilib, ushbu milliy harakatlar rejasi izchil hayotga tatbiq etilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha Milliy markazda fuqarolarni direktor, mas'ul xodimlar tomonidan qabul qilish, ularning elektron va yozma arizalarini ko'rib chiqish, tegishli idoralar bilan hamkorlikda tekshirishlar o'tkazish, buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu bilan birga fuqarolarga telefon orqali bepul yuridik maslahatlar berib boriladi.
Markaz inson huquqlarining buzilishi aniqlangan holatlarda vakolatli davlat organlari tomonidan inson huquqlari buzilganligi haqidagi ma'lumotlar tekshiruvini uyushtirishni tashkil etib kelmoqda. Shu bilan birga davlat organlari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari, xususan jazoni ijro etish muassasalari, ilmiy va ta'lim muassasalari hamda boshqa tuzilmalarda inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha faoliyat amaliyoti joylarda bevosita o'rganiladi. Buning uchun Markazning mas'ul xodimlariga jazoni ijro etish muassasalariga, qamoqda saqlash joylariga va maxsus qabulxonalarga moneliksiz kirish huquqi berilgan.
O'zbekiston Prezidentining “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g'oya asosida tashkil etilgan Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etilganligi insonning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlashni sifat jihatdan yangi bosqichga chiqardi. Davlat xodimlari, avvalo, birinchi rahbarlar faqat kabinetda o'tirmasdan, joylarga borib, aholini bezovta qilayotgan eng dolzarb muammolarning amaliy yechimi bilan shug'ullanmoqda. Bu xalq hokimiyati nomiga emas, amalda joriy etilayotganini ko'rsatadi.
O'zbekistonda ushbu yo'nalishda keyingi yillarda amalga oshirilgan samarali ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib baholanmoqda. Xususan, BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn rasmiy ravishda “O'zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar dunyo davlatlari o'rnak olishiga loyiq” deb e'tirof etgan.
2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro norma va standartlarni samarali amalga oshirish maqsadida 2018 yil 10 dekabrda davlatimiz rahbarining “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Prezidentimizning ushbu qarorida Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning quyidagi asosiy vazifalari belgilab qo'yilgan:
-inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, ushbu sohadagi O'zbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo'yicha davlat organlari faoliyatiga ko'maklashish;
-inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o'rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish;
-O'zbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo'yicha milliy ma'ruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo'yicha milliy harakat rejalarini (“yo'l xaritalari”)ni ishlab chiqish;
-normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta'minlash bo'yicha takliflar tayyorlash;
-inson huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari bo'yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlarga maslahat berish funktsiyasini amalga oshirish va ularga amaliy ko'maklashish;
-inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko'maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o'tkazish, shuningdek, noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
-inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish.
Markaz inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi uchun ushbu sohada mamlakatimizning xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo'yicha davlat organlari faoliyatiga ko'maklashadi. Xususan, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, mamlakatimizning ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi monitoringini olib boradi va tizimli tahlil qiladi, xalqaro shartnomalarni qo'llash mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo'yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlarining takliflarini to'playdi va umumlashtiradi, ularning axborotlarini tinglaydi, xalqaro tuzilmalardan kelib tushadigan murojaatlar bo'yicha tegishli choralar ko'radi.
Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasi, BMT tizimidagi dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalar, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlariga rioya qilish, ularni himoya qilish va rag'batlantirish masalalari bo'yicha qalin hamkorlik qilib kelmoqda.
Markaz davlat organlari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari, shu jumladan jazoni ijro etish muassasalari, ilmiy va ta'lim muassasalari hamda boshqa tuzilmalarda inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha faoliyat amaliyotini joylarda bevosita o'rganish, shuningdek inson huquqlarining buzilishi aniqlangan holatlarda vakolatli davlat organlari tomonidan inson huquqlari buzilganligi haqidagi ma'lumotlar tekshiruvini uyushtirish huquqiga ega.
Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz faoliyatida fuqarolarning shikoyatlarini ko'rib chiqish va tahlil qilish, qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini monitoring qilish jarayonida aniqlangan qonun buzilishini bartaraf etish, inson huquq va erkinliklarining buzilishiga olib keladigan holatlarni bartaraf etish bo'yicha chora-tadbirlarni o'z vaqtida amalga oshirish to'g'risida tavsiyalar ishlab chiqish alohida o'rin tutadi.
Markaz ayniqsa yurtimizda onalar va bolalar, nogironlar huquqlarini himoya qilish, yoshlar va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo'yicha izchil ish olib bormoqda.
Bir so'z bilan aytganda, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz adolat qaror topishiini ta'minlash uchun xalqimiz manfaati, uning orzu-umidlari, ezgu niyatlarini ro'yobga chiqarishdek xayrli maqsadga xizmat qilmoqda.
Erkin Ernazarov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 26.12.2019
- Ko'rishlar: 4996
- Chop etish