Akmal Saidov BMTdagi Parlament eshituvlarida so'zga chiqdi

2021 yil 17-18 fevral kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotida videokonferentsiya tarzida o'tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqning har yilgi Parlament eshituvlarida dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan qariyb 200 nafar parlament a'zosi, jumladan, O'zbekiston Parlamenti delegatsiyasi ishtirok etdi.

Parlamentlararo Ittifoqning bu yilgi Parlament eshituvlari "Hukumatga ishonchni tiklash va rivojlanish istiqbollarini yaxshilash uchun korruptsiyaga qarshi kurashish" mavzusiga bag'ishlandi. U joriy yil iyun` oyida N`yu-Yorkda bo'lib o'tadigan BMT Bosh Assambleyasi maxsus sessiyasining Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha siyosiy deklaratsiyasini ishlab chiqishda parlamentlar tomonidan hissa qo'shishga qaratildi.

Parlament eshituvlarining ochilishida BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir va Parlamentlararo Ittifoq raisi  Duarte Pacheko so'zga chiqdi. Munozaralarda parlamentlar a'zolari bilan bir qatorda BMT rasmiy shaxslari, elchilar, olimlar va fuqarolik jamiyati vakillari ham qatnashdi.

Anjumanning barcha sessiyalariga BBC sobiq muxbiri Kler Dul moderatorlik qildi. To'rtta yalpi sessiya doirasida parlament a'zolari quyidagi muhim mavzularni muhokama qildilar:

birinchi sessiya: «Korruptsiyaga qarshi konventsiya: mazmun-mundarijasi va amalga oshirish muammolari»;

ikkinchi sessiya: «Ulkan mablag'lar (aktivlar) ishtirokidagi korruptsiya, boshqacha aytganda, «yirik korruptsiya»»;

uchinchi sessiya: «Gender omillarini hisobga olgan holda, korruptsiyaga qarshi kurashish siyosati»;

to'rtinchi sessiya: «Korruptsiyaga qarshi asosiy choralar: mablag'lar miqdori va undan kimlar foyda ko'rishiga doir ma'lumotlarni, shuningdek siyosiy partiyalar va saylovlarning moliyalashtirilishi to'g'risidagi axborotni ochiq e'lon qilish».

Xalqaro forum doirasida "Transparency International" Boshqaruvi raisi Deliya Ferreyra Rubio korruptsiya demokratiyaga qanchalik putur yetkazishi va mamlakatlar taraqqiyoti yo'liga g'ov bo'lishi bilan bog'liq ma'lumotlarni taqdim etdi. Shuningdek, u parlamentlarning korruptsiyaga qarshi kurash olib borishi zarurligi xususida to'xtaldi.

Parlamentlararo Ittifoq har yili BMT Bosh Assambleyasi majlislari doirasida parlamentlar a'zolari uchun Parlament eshituvlarini tashkil etadi. Bundan ko'zlangan maqsad – BMT mansabdor shaxslari va diplomatik hamjamiyati vakillari, shuningdek yetakchi olimlar hamda akademiklar bilan o'zaro fikr almashishdir.

Bu galgi Parlament eshituvlari ishtirokchilari parlament diplomatiyasining ahamiyati xususida fikr yuritdilar. Bunday diplomatiya, ayniqsa, o'ta dolzarb xalqaro va mintaqaviy miqyosdagi muammolarni hal etish, bugungi zamonning turli da'vatlari va korruptsiya tahdidlariga javoban zarur choralar ko'rishda dunyo mamlakatlari parlamentlari a'zolarining hamjihatligini mustahkamlash yo'lida samarali xizmat qilmoqda.

Parlamentlararo Ittifoq va BMTning joriy yildagi Parlament eshituvlarida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo'mitasi raisi o'rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi. U to'rtinchi yalpi sessiya munozaralari doirasida so'zga chiqdi.

A.Saidov o'z chiqishida avvalo BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasi qoidalarini bajarish borasida O'zbekiston erishgan natijalarni tahlil qilib berdi. Shuningdek, ishtirokchilarni mamlakat parlamenti va hukumati tomonidan COVID-19  pandemiyasi sharoitida korruptsiyaning oldini olish bo'yicha qabul qilingan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi.

Ushbu chora-tadbirlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida ko'zda tutilgan vazifalar bilan uyg'un va hamohang ekani alohida ta'kidlandi. Xususan, ular BRM 16-maqsadida belgilangan barcha shakllardagi korruptsiya va poraxo'rliklarni sezilarli darajada kamaytirish vazifasini bajarishga qaratilgan.

Parlament eshituvlari ishtirokchilariga, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi, ya'ni COVID-19 sharoitida ijtimoiy siyosat va korruptsiyaga qarshi kurash yanada kuchayishini hisobga olgan holda, BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish taklifi haqida ham axborot berildi.

BMT 75-yubiley sessiyasi minbaridan yangragan ushbu tashabbus mohiyatiga ko'ra, bunday xalqaro kodeks o'zida inqirozli hodisalarga nisbatan butun dunyo miqyosida jamoaviy chora ko'rishning ishonchli tizimini ishlab chiqish uchun nazariy hamda huquqiy asoslarni o'zida mujassam etishi ko'zda tutilgan. Bu, o'z navbatida, xalqaro hamjamiyatga transmilliy ko'lamdagi har qanday tahdidlarga nisbatan muvofiqlashtirilgan va tezkor javob choralarini ko'rishida juda qo'l keladi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar e'tiboriga bugungi kunda O'zbekistonda amal qilayotgan korruptsiyaga qarshi kurashishning qonunchilik va institutsiyaviy asoslari haqidagi ma'lumotlar taqdim etildi. Xususan, Korruptsiyaga qarshi kurash bo'yicha Milliy kengash hamda Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati haqida so'z yuritildi.

Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tarkibida korruptsiyaga qarshi kurashish qo'mitalari mavjudligi, mahalliy vakillik organlarida ham xuddi shunday komissiyalar faoliyati yo'lga qo'yilgani xalqaro forum qatnashchilarida katta qiziqish uyg'otdi.

Bundan tashqari, jamiyatimizda korruptsiyaga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirilmoqda. Mamlakat ta'lim muassasalari o'quv dasturlariga korruptsiyaga qarshi kurashga doir maxsus kurslarni kiritish bo'yicha aniq choralar ko'rilgan. 

Ayni chog'da, fuqarolar korruptsiya holatlari haqida xabar berishda foydalanishlari uchun e-anticor.uz internet platformasi va mobil ilova yaratilmoqda. Bunda korruptsiya holatlari haqida xabar bergan fuqarolar pul mukofotlari bilan rag'batlantiriladi.  

Bugungi kunda 2021-2025 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish Milliy strategiyasini tayyorlash ishlari boshlangan. Bu jarayonda milliy va xalqaro ekspertlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari faol ishtirok etmoqda.

Parlament eshituvlari videokonferentsiya tarzida tashkil etilganiga qaramay, ishtirokchilar samarador ish olib borishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi. Shu ma'noda, Parlamentlararo Ittifoq tomonidan BMTda o'tkazilgan bu yilgi Parlament eshituvlarining natijalari dunyoning barcha mamlakatlari hayotini yaxshilashga hissa qo'shishi tayin.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech