16 mart kuni Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi parlamentlar uchun “Hech kim e'tibordan chetda qolmaydigan yaxshi kelajak barpo etish: parlamentlar COVID-19 dan tiklanish strategiyalarini BRMga mos kelishini qanday ta'minlashi mumkin?” mavzuida vebinar o'tkazildi. Forum Parlamentlararo Ittifoq tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (IIKOTO) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Vebinar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) pandemiya davrida amalga oshirish bo'yicha Parlamentlararo Ittifoqning qator mintaqaviy tadbirlari bir qismi sanaladi.
Uning ochilishida Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong va Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi Ijrochi kotibi Armida Salsia Alisjabana so'zga chiqdilar. Tadbirda 50 dan ortiq IIKOTOga a'zo mamlakatlarning parlament a'zolari ishtirok etdi.
Vebinar davomida ishtirokchilar BRMni amalga oshirish holati, xususan, pandemiya sharoitida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini ro'yobga chiqarish bo'yicha dolzarb ma'lumotlar bilan tanishdilar. Parlamentariylar fikr almashish hamda umumiy muammolarni muhokama qilish, shuningdek, ekologik toza tarmoqlarni tiklash va 2030 yilga qadar BRM muvaffaqiyatlariga hissa qo'shishni amalga oshirish strategiyalariga ega bo'ldilar, deyiladi parliament.gov.uz sayti xabarida.
Muhokamalarda hukumat faoliyatini monitoring qilish, milliy mas'uliyatni mustahkamlash va BRMni siyosiy qo'llab-quvvatlash uchun ixtiyoriy milliy tahlillar jarayonida parlamentlar ishtirokining ahamiyatiga qaratildi.
Uch sektsiyali majlisdan iborat bo'lgan vebinarda barqaror rivojlanish uchun 2030 yil davrida kun tartibidagi mintaqaviy holatni amalga oshirish, COVID-19 pandemiyasi doirasida BRMga erishish bo'yicha tajriba almashish, shuningdek, Ixtiyoriy milliy tahlil (IMT) o'tkazish mintaqaviy tajribasi va bu jarayonda parlamentlarning ishtiroki muhokama qilindi.
Shuningdek, Parlamentlararo Ittifoq va BMT Atrof-muhit muhofazasi dasturining “COVID-19dan keyingi tiklanishga “yashil” yondashuvlar: parlamentariylar uchun siyosiy yozuv” nomli yangi nashri, 2020 yilda parlamentlarning IMTdagi ishtiroki bo'yicha Parlamentlararo Ittifoq tadqiqotining natijalari taqdim etildi.
Vebinarda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentlararo Ittifoq vitse-prezidenti A.Saidov ishtirok etib, O'zbekiston Barqaror rivojlanish bo'yicha xalqaro kun tartibiga qo'shilgani va Milliy darajadagi BRMni amalga oshirishga o'z majburiyatini olganini ta'kidladi. O'tgan uch yil davomida yangi bu yo'nalishda keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda.
O'zbekiston, shuningdek 2020 yilda barqaror rivojlanish bo'yicha yuqori darajadagi siyosiy forumda Ixtiyoriy milliy tahlilni taqdim etdi. Ma'ruzada qayd etilishicha, O'zbekistonda BRMning amalga oshirilishi 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida keng ko'lamli islohotlarga to'g'ri kelgan bo'lib, uni amalga oshirish uchun “yo'l xaritasi” hisoblanadi. BRM haqida hisobot berish uchun milliy platforma tashkil etildi (http://nsdg.stat.uz).
BRMni milliy rivojlanish strategiyasi va dasturlariga, jumladan, kompleks, tarmoq va mintaqaviy dasturlarga integratsiya qilish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar 125 milliy maqsadli BRM ko'rsatkichlaridan 105 (yoki 84 foiz) hukumatning 190 dan ortiq normativ, dasturiy va strategik hujjatlarida qamrab olingan.
Viloyat va tumanlar kesimida ham milliy, ham mintaqaviy darajada mas'ul davlat idoralarining davriy hisobotlarini eshitadigan Milliy maqsadlar va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo'yicha Parlament komissiyasining shakllantirilishi muhim qadam bo'ldi.
Bundan tashqari, Parlament komissiyasi ishiga maksimal darajada oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari jalb etilgan.
Vebinar ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining BRMni amalga oshirish va inson huquqlarini himoya qilishda parlamentning rolini oshirish bo'yicha maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini qo'llab-quvvatladilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.03.2021
- Ko'rishlar: 3431
- Chop etish