Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-yubiley sessiyasi: kecha, bugun va istiqbol

2020 yil 15 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasi boshlandi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish sessiyaning ochilish marosimida ta'kidlaganidek, «Joriy yilda biz BMT tashkil topganining 75 yilligi sanasini nishonlayapmiz va tabiiyki, xalqaro tizim qoidalariga asoslangan ko'p tomonlama munosabatlar va o'zaro hamkorlikning bosh maydoniga butun dunyo katta umid bilan ko'z tikib turibdi".

Shu munosabat bilan xalqaro huquq sohasining yetuk mutaxassisi va taniqli diplomat, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOVga bir necha savollar bilan murojaat qildik.

– Hurmatli Akmal Xolmatovich, BMT Bosh Assambleyasi joriy sessiyasining o'ziga xos xususiyatlari nimada, deb hisoblaysiz?

– O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, "Afsuski, biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yillik yubileyini misli ko'rilmagan tahdidlar sharoitida nishonlashimizga to'g'ri kelmokda. Yangi ko'rinishdagi koronavirus pandemiyasi nafaqat sog'liqni saqlash, balki iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalarda g'oyat og'ir inqirozga olib keldi. Bunday murakkab holatdan chiqariladigan asosiy saboq shundan iboratki, bu ofat jahondagi barcha mamlakatlar bir-biri bilan uzviy bog'lanib ketganini yana bir bor namoyish etdi".

Shu ma'noda, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi muayyan an'anaviy va o'ziga xos xususiyatlarga ega. Shulardan ayrimlariga e'tiboringizni qarataman.

Avvalambor, BMT oliy organi bo'lmish Bosh Assambleyaning navbatdagi sessiyasi, mazkur nufuzli xalqaro tashkilot Nizomiga muvofiq, har yili sentyabr` oyining uchinchi seshanbasida ochiladi. Bu
yil ham 15 sentyabr` kuni N`yu-York shahrida Bosh Assambleyaning navbatdagi sessiyasi an'anaviy tarzda ochildi.

Ayni chog'da, BMT Bosh Assambleyasi yangi sessiyasining avvalgi 74 ta sessiyadan shaklan va mazmunan farq qiladigan bir qator xususiyatlari mavjud.

Birinchi xususiyat – koronavirus pandemiyasi sababli sessiya ishi masofaviy, ya'ni onlayn shaklda tashkil etilmoqda. Bu, o'z navbatida, sessiyaning yalpi majlislarida avvalgilardan ko'ra ko'proq davlat va hukumat boshliqlari ishtirok etishiga imkoniyat yaratadi.

Biz bunday ijobiy voqelikka inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini tashkil etish asnosida duch keldik. Ya'ni, bu yilgi Samarqand veb-forumi ishtirokchilari soni ikki yil oldin Samarqandda o'tkazilgan inson huquqlari bo'yicha Osiyo anjumani ishtirokchilari miqdoriga nisbatan qariyb 2,5 barobar ko'p bo'ldi. Forum onlayn shaklda tashkil etilgani, ayniqsa, xalqaro tashkilotlarning ko'plab oliy darajadagi martabali shaxslari uchun qulaylik tug'dirdi.

Ikkinchi xususiyat – Bosh Assambleya 75-sessiyasiga ilk bor Turkiya vakili raislik qiladi. Avvalgi sessiyaga raislik qilib kelgan nigeriyalik diplomat Tidjani Muhammad-Bande o'rniga navbatdagi sessiyaga raislik qilish uchun turkiyalik diplomat Vulqon Bo'zqir saylandi.

Tidjani Muhammad-Bande o'z o'rindoshiga omad tilar ekan, faoliyati dunyodagi barcha davlatlar tengligiga asoslangan Bosh Assambleyaning o'rni naqadar muhimligini ta'kidladi. Chindan ham, qaror qabul qilish uchun ovoz berishda barcha davlatlar teng huquqqa ega ekani nazarda tutilsa, BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyalari butun insoniyat orzu-tilaklarini ifoda etishi va xalqaro huquq normalari rivojiga ko'maklashishi nuqtai nazaridan beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Uchinchi xususiyat – bu yilgi sessiya yubiley anjumani hisoblanadi. Chunki u BMT tashkil etilganining 75 yillik qutlug' sanasi nishonlanayotgan yilda o'tkazilmoqda.

To'rtinchi xususiyat – yuqori darajadagi tadbirlar haftasi doirasida yana uchta muhim uchrashuv tashkil etiladi. Bular – 30 sentyabrga mo'ljallangan Bioxilmaxillik bo'yicha sammit, 1 oktyabrda o'tkaziladigan Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha Pekin deklaratsiyasining 25 yilligiga bag'ishlangan majlis hamda 2 oktyabr kuniga rejalashtirilgan yadroviy qurolsizlanish masalalari bo'yicha majlisdir.

Beshinchi xususiyat – BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining oliy darajadagi asosiy tadbirlari 22-30 sentyabr kunlari bo'lib o'tadi. Shu bir hafta ichida ko'plab davlat rahbarlari ma'ruza bilan chiqish qiladi.

Dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, davlat rahbarlaridan faqat AQSH Prezidenti Donald Tramp BMTning Nyu York shahridagi qarorgohidan ishtirok etadi. Boshqa davlatlar rahbarlari masofaviy tarzda qatnashib, o'z ma'ruzalarini videokonferentsiya shaklida o'qib beradilar.

Oltinchi xususiyat – Bosh Assambleya 75-sessiyasi kun tartibida 23 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ma'ruzasi ko'zda tutilgan. Davlatimiz rahbarining BMT yuksak minbaridan yangraydigan navbatdagi chiqishidan ham nafaqat xalqimiz, balki mintaqamiz, butun dunyo jamoatchiligi o'tkir va dolzarb xalqaro tashabbuslarni kutmoqda.

Yettinchi xususiyat – koronavirusga qarshi kurash, vaktsina egoizmiga yo'l qo'ymaslik, sog'liqni saqlash tizimini mustahkamlash, pandemiya sharoitida aholining nochor qatlamlarini himoya qilish kabi masalalar muhokama va munozaralar markazida bo'ladi. Bu ham yangi tahlikali davrning dolzarb talabidir. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish haqqoniy ta'kidlaganidek, "COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozning naqadar jiddiy ekani barcha uchun tushunarli bo'lmog'i kerak".

Sakkizinchi xususiyat – sessiyada bugungi koronavirus inqirozi sharoitida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalasiga alohida e'tibor qaratiladi. Nega deganda, dunyo tarixiy ko'lamlarga ega bo'lgan, ya'ni keyingi 50 yil davomida kuzatilmagan eng yirik tahdid va inqirozga duch kelib turibdi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari insoniyatni himoya qilish va farovonligini oshirishga qaratilgan bo'lib, bu borada yakdillik bilan sa'y-harakat qilish uchun o'ziga xos chaqiriq hisoblanadi.

– Sizningcha, jahon jamoatchiligi BMTning navbatdagi sessiyasidan nimalarni kutmoqda?

– Bu savolingizga javob berishdan oldin, Birlashgan Millatlar Tashkiloti joriy yilning yanvar oyidan boshlab turli mamlakatlar, tarmoqlar va avlodlarni qamrab olgan keng ko'lamli xalqaro muloqotlar o'tkazganiga e'tibor qaratish maqsadga muvofiq, deb o'ylayman.

Bunda yer yuzidagi insonlar nimalarga ishonishi va nimalardan xavotirda ekanini anglash, ularning hayot tajribasidan saboq chiqargan holda, dunyodagi barcha insonlarning yaxshi yashashiga erishish yo'llarini global hamjihatlikda belgilab olish hamda bu haqda jahon jamoatchiligiga axborot yetkazish maqsadi ko'zda tutildi. «BMT – 75» deb nomlangan ushbu tashabbus asosida 2045 yilgacha, ya'ni BMTning 100 yilligi nishonlanadigan davrga qadar bo'lgan muddat uchun ayni yo'nalish bo'yicha global yondashuv shakllantirildi.

Bu borada aniq, batafsil va xolis dalillarga tayangan statistik ma'lumotlarga ega bo'lish uchun ijtimoiy so'rovlar ham o'tkazildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari materiallari tahlil qilindi.

Mazkur muloqot va tadqiqotlar asosan uchta masala, xususan, insoniyat kelajagi, dunyodagi mavjud tendentsiyalar va global hamkorlik istiqbollariga qaratildi.

Ana shu uchrashuv va muloqot ishtirokchilari tomonidan ilgari surilgan g'oyalar endilikda Bosh Assambleya sessiyasi munozaralarida davlatlar boshliqlari va BMT rahbariyati muhokamasi uchun taqdim etilmoqda.

– O'zbekistonning bu boradagi ishtiroki qanday bo'ldi?

– Mamlakatimiz BMT Bosh kotibi ilgari surgan «Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi: kelajakka nigoh» mavzusida turkum Global munozaralar o'tkazish tashabbusini to'la qo'llab-quvvatladi. Shu tashabbus doirasida joriy yil davomida milliy va xalqaro hamkorlarimiz bilan uchta global onlayn munozara tashkil qildik.

Global munozaralarning birinchisi: «O'zbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lidagi hamkorlik» deb nomlandi. Anjuman 2020 yil 26 iyun` kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari hamda BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan videokonferentsaloqa shaklida tashkil etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Forum ishtirokchilariga murojaatida ta'kidlaganidek, "O'zbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda o'z zimmamizga olgan majburiyatlarimizni og'ishmasdan bajarib kelmoqdamiz. Bu biz amalga oshirayotgan, 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Milliy harakatlar strategiyasining eng muhim yo'nalishlaridan biridir".

Ushbu xalqaro forum BMT Nizomi imzolangan tarixiy kunda o'tkazilganida, uning ishida BMT va ushbu nufuzli tashkilotning butun dunyodagi tuzilmalaridan oliy darajadagi vakillar ishtirok etganida hamda mazkur anjuman yer yuzidagi insonlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida ta'kidlashga xizmat qilishida o'ziga xos ramziy ma'no bor.

Binobarin, BMT Nizomi 1945 yil 26 iyunda San-Frantsisko shahrida 50 ta davlat, jumladan, sobiq SSSR, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH, Ukraina va Frantsiya tomonidan imzolangan bo'lib, huquqning muhim vositasidir. 1945 yil 24 oktyabrda kuchga kirgan BMT Nizomida tashkilotning tuzilmasi, mojarolarni hal qilish va tajovuzkor harakatlar, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga javob berishning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. Ushbu sana BMT tashkil topgan kun sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi.

Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyodagi yagona, tom ma'noda universal xalqaro tashkilot hisoblanadi. BMT davlatlarning o'z sarhadlaridan tashqariga chiqadigan masalalarni hal etib kelmoqdaki, bu muammolarga birorta mamlakatning yolg'iz o'zi yechim topishi mumkin emas.

Bundan 28 yil oldin yangi demokratik davlat – O'zbekiston Respublikasi Tashkilotning teng huquqli a'zosiga aylandi. Shundan buyon biz o'z masalalarimizni hal etishda har doim BMTning ko'magiga tayanib kelmoqdamiz.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qayd etganidek, "Oldimizda turgan muammolarni hech bir mamlakat, hech qaysi jamiyat yakka holda hal eta olmaydi va shuning uchun barcha sa'y-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur. Biz nafaqat so'zlashimiz, balki tinglashimiz ham lozim".

Ma'lumki, bundan besh yil avval BMTga a'zo-davlatlar 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qilgandi. O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha Milliy indikatorlar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda. Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha o'zining birinchi Ixtiyoriy milliy sharhini keng jamoatchilik muhokamasidan o'tkazib, BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etdi.

– O'zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan “BMTning 75 yilligi: kelajakka nigoh” global muhokamalari doirasida yana bir xalqaro anjuman o'tkazilgandi, to'g'rimi?

– Ha. Global munozaralarning ikkinchisi: shu yil 21 iyul` kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlari va barqaror ijtimoiy taraqqiyot: COVID-19 asoratlaridan keyin samarali tiklanish” mavzuida videokonferentsaloqa shaklida tashkil etildi. Unda parlament palatalari, tegishli vazirlik va idoralar, BMT va uning ixtisoslashtirilgan tuzilmalari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o'tkazilgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

JSST Bosh direktori T.Gebreysus anjuman ishtirokchilariga yo'llagan videomurojaatida “Pandemiya bizga sog'liq hashamat belgisi emasligini eslatib qo'ydi. Bu iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlik asosidir. U favqulodda vaziyatlarga tayyorlik va unga javob berishni ta'minlashga investitsiya umumiy kelajagimiz uchun sarmoya ekanligini anglatib qo'ydi. Sog'liqni saqlashning asosiy xizmatlaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratishni qo'llab-quvvatlash COVID-19dan keyin mamlakatlarning qayta oyoqqa turishida hal qiluvchi ahamiyatga ega”, deya ta'kidladi.

YUNESKO Bosh direktori Odre Azule ham tadbir qatnashchilarini qutlab, ta'lim maqsadlari uchun ko'mak berish yana kuchaytirilayotgan bo'lsa-da, bugungi kunda COVID-19 pandemiyasi bizni bir necha yil ortga qaytarib yuborish tahdidini yuzaga keltirayotganini qayd etdi.

O.Azule ta'biri bilan aytganda, “Pandemiyaning buzg'unchi oqibatlariga duch kelgan ekanmiz, ta'lim ehtiyojlari uchun yordam, shubhasiz, har qachongidan ham ko'ra muhimdir. Mamlakatlarga pandemiyaga qarshi kurashish uchun qo'shimcha mablag'lar kerak bo'ladi va ta'lim ham ko'mak berish, ham milliy miqyosda mablag' ajratish hajmlari nuqtai nazaridan ustuvor yo'nalishga aylanishi shart. Bu ta'lim sohasidagi Global maqsadlarimiz – BRM-4ga erishishdan ortda qolishdan qochishimiz uchun kerak”.

Global munozara ishtirokchilari O'zbekistonda 2030 yilgacha bo'lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari kun tartibi ijrosiga ijobiy munosabat bildirdi. Ayniqsa, O'zbekistonning pandemiyadan keyin Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, madaniy merosning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi roli va hissasi, barqaror ijtimoiy rivojlanishni ta'minlash maqsadida barcha uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish zarurligi to'g'risidagi nuqtai nazari yuqori baholandi.

– "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" mavzuidagi Samarqand veb-forumi shunday Global munozaralar sirasiga kiradimi?

– Albatta. 12-13 avgust kunlari yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan mazkur uchinchi Global munozara tafsilotlariga qisqacha to'xtalish joiz, deb o'ylayman.

Bu Global munozara, O'zbekiston Prezidenti ta'biri bilan aytganda, "nafaqat mamlakatimiz, balki jahon yoshlari hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan muhim
ahamiyat kasb etadi". Unda "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Yaqinda Samarqand rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi. Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Doimiy kengashining yaqinda bo'lib o'tgan majlisi yakunida Samarqand rezolyutsiyasi YEXHT Doimiy kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibiyatining rasmiy xati bilan esa Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumining yakuniy hujjati IHTga a'zo barcha davlatlarga yuborilgan. Mazkur hujjat Mustaqil davlatlar hamdo'stligi (MDH) rasmiy saytida ham e'lon qilingan.

– O'zbekiston va BMT o'rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollariga ham to'xtalsangiz?

– O'zbekiston Bosh kotib Antoniu Guterrishning BMTni zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan sa'y-harakatlarini to'la qo'llab-quvvatlaydi.

Bugungi kunda Tashkilot oldida butun insoniyat uchun o'ta muhim ahamiyatga ega bo'lgan dolzarb vazifalar turibdi. Bular – turli mojarolarni hal qilish, xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, iqlim o'zgarishlari oqibatlarini bartaraf etish, pandemiyalarning tarqalib ketishiga yo'l qo'ymaslik, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash kabi vazifalardir.

O'zbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda o'z zimmasiga olgan majburiyatlarini og'ishmasdan bajarib kelmokda.

Yangi tashabbuslar va qo'shma loyihalarni ilgari surish maqsadida O'zbekiston tomonidan BMT bilan o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” ishlab chiqildi va izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatdagi vazifalarning to'liq ro'yobga chiqarilishi munosabatlarimizni yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Xulosa o'rnida BMT tashkil etilganining 75 yillik yubileyi barchamizga muborak bo'lsin, deymiz. Bugungi kunda, ayniqsa, jahon hamjamiyati vujudga kelgan yangi vaziyatga moslashishi uchun bor kuch va imkoniyatlarni faollashtirishi talab etilayotgan hozirgi paytda ushbu Tashkilot o'ta muhim ahamiyatga egadir. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, «O'zbekiston BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi».

Manba: O'zA

Powered by GSpeech