Oliy sudda BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Joffri Ijumba bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Oliy sud raisining o‘rinbosari H.To‘raxo‘jayev uchrashuvda mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi hamda bandligini oshirish va gender tengligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekistonda bolalar mehnatiga barham berilgani, oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik kiritilgani hamda ayollar va bolalar himoyasi kuchaytirilgani bu borada olib borilayotgan islohotlarning yaqqol namunasi ekani ta’kidlandi.
Oliy sud tomonidan YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar, xususan, bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilinishiga doir bir qator dolzarb masalalar yuzasidan o‘tkazilgan tadbirlar va ularning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ma’lumot uchun: Oliy sud tomonidan YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 2020-yil 18-fevralda jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudida ishlar ko‘rilayotgan vaqtda jabrlanuvchi yoki jinoyat guvohi bo‘lgan bolalarga do‘stona muhitli xona tashkil etilgan.
O‘z navbatida, J.Ijumba bolalar huquqlarini himoya qilish borasida YUNISEF bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar uchun minnatdorchilik bildirdi.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning beshinchi davriy ma’ruzasi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amaliyotga tatbiq etish, bunda bolalarga nisbatan odil sudlov samaradorligini yanada oshirish maqsadida ixtisoslashtirilgan sudlar tizimini shakllantirish, voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqadigan ixtisoslashtirilgan sudyalar va prokurorlar korpusini shakllantirish, voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq ishlarda mediatsiya institutidan keng foydalanish, bolalarga nisbatan ushlab turish, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot choralarini eng oxirgi chora sifatida qo‘llash kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikda bolalar huquqlarini himoya qilish borasida 2024-2025-yillarda amalga oshirish mumkin bo‘lgan masalalar haqida fikr almashdi.
Xususan, sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar uchun treninglar o‘tkazish va sudyalarni mazkur yo‘nalish bo‘yicha malakasini oshirish yuzasidan YUNISEF hamkorlikka tayyor ekanligi bildirildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2024-yil 1-fevraldan boshlab tajriba tariqasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar, Namangan va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarida “Oila sudyalari” tashkil etilgan. Ya’ni mazkur sudlarning ikki nafardan sudyasi oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirildi.
“Oila sudyalari” tahlil natijalaridan kelib chiqqan holda 2025–2030-yillarda bosqichma-bosqich respublikadagi barcha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatiga ushbu amaliyotni tatbiq etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida voyaga yetmagan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda ishonchli himoya qilish masalasi doimo Oliy sudning diqqat e’tiborida ekanligi bildirilib, ushbu yo‘nalishda YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan faol va amaliy hamkorlikka tayyor ekanligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 12.03.2024
- Ko'rishlar: 2116
- Chop etish