2020 yil 14 oktyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining "Din yoki e'tiqod erkinligi va xavfsizlik: siyosat masalalari bo'yicha qo'llanma"sining asosiy tavsiyalari bo'yicha onlayn brifing bo'lib o'tdi.
Brifing O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi (DIIHB) hamda YEHHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda o'tkazildi.
Brifingda Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari Dilshod Eshnaev, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor, YEXHT DIIHBning Inson huquqlari bo'yicha departamenti boshlig'i Andrea Xuber onlayn anjuman ishtirokchilarini qutladilar.
Anjuman davomida YEHHT DIIHB hamda nufuzli xorijiy universitetlar xalqaro ekspertlarining ma'ruzalari tinglandi.
Tadbir doirasida YEXHT DIIHBning Din yoki e'tiqod erkinligi masalalari bo'yicha katta maslahatchisi vazifasini bajaruvchi Mikolay Vjechyonkovski brifing ishtirokchilarini "Din yoki e'tiqod erkinligi va xavfsizlik: siyosat masalalari bo'yicha qo'llanma"ning mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi.
Mazkur qo'llanma davlatning mansabdor shaxslari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, diniy jamoatlar, muayyan e'tiqodga amal qiladigan jamoatlar, ilmiy hamjamiyatga aloqador ekspertlar bilan batafsil maslahatlashuvlar asosida tayyorlangan. Unda din yoki e'tiqod erkinligining YEXHT majburiyatlarida, shuningdek xalqaro va mintaqaviy standartlarda mustahkamlangan tabiati, maqomi va amal qilish sohasi xususida tushuncha berilgan.
Shu bilan birga, qo'llanmada YEXHT mintaqasida din yoki e'tiqod erkinligi va xavfsizlik kesimidagi muhim masalalarning hal etilishiga oid dasturilamal tamoyillar, amaliy ko'rsatmalar va tavsiyalar bayon etilgan. Mazkur nashr, birinchi navbatda, xavfsizlik sohasi bo'yicha siyosatni, qonunlar, siyosiy chora-tadbirlar va strategiyalarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi mas'ullarga mo'ljallangan.
Bundan tashqari, qo'llanma fuqarolik jamiyati, ayniqsa, inson huquqlari, bag'rikenglik, kamsitishga yo'l qo'ymaslik masalalari bilan shug'ullanadigan institutlari, diniy tashkilotlar va muayyan e'tiqodlarga amal qiladigan jamoatlar faollariga qo'l keladi. U inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, ilmiy hamjamiyat, ta'lim sohasi mutaxassislari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ham foydalidir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 sentyabrda qabul qilingan “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, mamlakatda din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini himoya qilish bo'yicha yangi tizim joriy etildi.
Ushbu tizim doirasida Din ishlari bo'yicha qo'mitaning yangilangan asosiy vazifalari belgilandi. Bunda diniy mutaassiblik va ekstremizm g'oyalarini tarqatish, turli konfessiyalar o'rtasida adovatni yuzaga keltirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo'l qo'ymaslik choralarini ko'rish masalasiga e'tibor qaratilgan.
Aholi, ayniqsa, yosh avlodning diniy va dunyoviy qarashlarini rivojlantirish alohida diqqat markazida turibdi. Ommaviy axborot vositalari, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan radikal g'oyalarga qarshi kurashish maqsadida milliy an'ana va qadriyatlarimizning keng targ'ib etilishini ta'minlash ham bu boradagi ustuvor yo'nalishlar qatoriga kiradi.
Onlayn brifingda YEHHT DIIHBning Din va e'tiqod erkinligi masalalari bo'yicha ekspertlar guruhi a'zosi Dmitro Vovk diniy tashkilotlar yoki muayyan e'tiqodlarga amal qiladigan jamoatlarga huquq sub'ekti maqomini berishni rad etish yoki shunday jamoatning yuridik shaxs sifatida ro'yxatga olinganligini bekor qilishdan zo'ravon ekstremizmga olib boradigan radikallashuvga qarshi kurashda vosita sifatida foydalanishning samaradorligi masalasiga to'xtaldi.
Shuningdek, diniy tashkilotlar yoki muayyan e'tiqodlarga amal qiladigan jamoatlarga huquq sub'ekti maqomini olishni rad etish va shunday jamoatning ro'yxatga olinganligini bekor qilishning mavjud asoslari to'g'risida atroflicha so'z yuritildi.
Milan universitetining faxriy professori Silvio Ferrari YEXHTda ishtirokchi-davlatlar tomonidan diniy tashkilotlarning o'zlari tanlagan tillarida diniy adabiyotlarni olish, ularga egalik qilish va ulardan foydalanishga doir huquqlarini ta'minlash amaliyoti to'g'risida ma'lumot berdi.
YEXHT DIIHB Ekspertlar guruhi a'zosi doktor Mine Yildirim, YEHHT DIIHB Bag'rikenglik va kamsitmaslik masalalari bo'yicha departamenti rahbari Kishan Manocha mazkur qo'llanmaning asosiy tavsiyalari yuzasidan ma'ruza qildi.
Xalqaro ekspertlar tomonidan asosiy e'tibor din yoki e'tiqodlar erkinligidan foydalanish huquqini ta'minlash, bu jarayonda kamsitish, nafrat va toqatsizlikning turli xil ko'rinishlari bilan kurashishga doir ehtimoliy xatti-harakatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga qaratildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.10.2020
- Ko'rishlar: 4298
- Chop etish