O‘zbekiston delegatsiyasi Boku shahrida bo‘lib o‘tgan «Butunjahon diniy yetakchilar global sammiti»da ishtirok etdi.
5–6 noyabr kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi konferensiyasi doirasida «Butunjahon diniy yetakchilar global sammiti» bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbirda dunyoning 60 dan ziyod davlatidan 300 nafarga yaqin hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli diniy yetakchilar, olimlar va ekspertlar qatorida yurtimizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov ishtirok etdi, deb xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, «Jahon dinlari yashil sayyora uchun» shiori ostida o‘tkazilgan nufuzli tadbirda dastlab, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning sammit ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrishning videomurojaati namoyish etildi.
Tadbirning birinchi kuni ishtirokchilar tomonidan global iqlim o‘zgarishining sabab va oqibatlari, tabiatni asrash, ekologik muammolarning oldini olish masalalarini muhokama qilinib, bu borada barcha diniy konfessiyalar vakillari oldida turgan vazifalar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari M.Komilov ma’ruza qilib, mintaqada, xususan mamlakatimizda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish va biologik xilma-xillikni yanada boyitish yuzasidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar, o‘ziga xos tajribalar haqida so‘z yuritdi. Jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yashil makon» loyihasi, unda turli diniy konfessiya va milliy markazlar vakillarining faol ishtiroki, loyiha doirasida har yili yurtimizda 200 million tup daraxt ekilib, yangi yashil hududlar barpo etilayotgani alohida ta’kidlandi.
Sammit ishtirokchilari tomonidan Yangi O‘zbekistondagi iqlim o‘zgarishining oldini olish borasidagi sa’y-harakatlar, yashil hududlarni ko‘paytirish borasidagi chora-tadbirlar va ilg‘or tashabbuslarni yuqori baholandi.
Ozarbayjon hukumati rahbari bilan uchrashuv
6 noyabr kuni Boku shahridagi Butunjahon diniy yetakchilar global sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning an’anaviy yaqin va do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash, ilm-fan, madaniyat va diniy-ma’rifiy sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Butunjahon diniy yetakchilar global sammitining ahamiyati haqida so‘z yuritilib, mazkur tadbir xalqlar va turli din vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shishi, bu borada qardosh mamlakatlar diniy yetakchilari o‘rtasidagi hamkorlik juda ham muhim ekani ta’kidlandi.
Ali Asadov o‘z so‘zida ikki mamlakat hukumatlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yuksak baholab, bundan keyin ham O‘zbekiston Ozarbayjonning eng yaqin ishonchli hamkori bo‘lib qolishiga katta ishonch bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Qorabog‘ning Fuzuliy shahrida umumta’lim maktabi bunyod etilganini e’tirof etish barobarida bu ajoyib maktabni ozar xalqiga sovg‘a qilgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Umidjon Qurbonov tayyorladi, O‘zA
- Qo'shildi: 08.11.2024
- Ko'rishlar: 981
- Chop etish