Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2024 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Chang bo‘ronlariga qarshi chora
Toshkent shahrida vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bu haqda «O‘zbekiston–2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida belgilab qo‘yilgan.
Farmonda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish chora-tadbirlari belgilangan.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan boshlab Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmaydi. Hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga ham qo‘yiladi.
Shuningdek, o‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi.
Bojxonada ikki yillik imtiyoz
Prezidentning tegishli farmoni bilan 2024 yil 1 martdan O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan ayrim tovarlar uchun bojxona bojlari undirilmaydi. Bu imtiyoz 2026 yil 1 martgacha amalda bo‘ladi.
Hujjat bilan 2024 yil 1 martdan 2026 yil 1 martgacha tadbirkorlar tomonidan O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan quyidagi tovarlar bojxona bojlari to‘lanishidan ozod etiladi:
- mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, savdo-ko‘ngilochar majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mebel va inventarlar, qurilish materiallari va boshqa materiallar;
- cho‘milish havzalari (basseyn) va akvaparklar uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, to‘lov-ma’lumot terminallari, videokuzatuv tizimlari, yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar, maxsus suv tozalash filtrlari;
- turizm markazlarida joylashgan zargarlik va oltin mahsulotlari chakana savdosi do‘konlari faoliyatini tashkil qilish uchun kerak bo‘ladigan qurilish (rekonstruksiya va modernizatsiya qilish) materiallari, asbob-uskunalar va texnologiyalar.
Qurilish sohasida yangi talab
Yangi quriladigan uylarga ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari bo‘yicha talab kuchaytirilmoqda. Bu haqda prezidentning «Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilab qo‘yilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan baland va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar, agar ularga tutash hududlardagi yerlarning kamida 25 foizi ko‘kalamzorlashtirish maydonlariga ajratilmagan va ularda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilmagan taqdirda, davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi.
Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga kiruvchi sanoat korxonalari loyiha hujjatlari bo‘yicha beriladigan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida o‘z va tutash hududlarida «yashil belbog‘»lar barpo etish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish majburiy bo‘lgan talab etib belgilanadi.
«Umri tugagan» litsenziyalar
Prezidentning tegishli farmoni bilan 2024 yil 1 martdan boshlab litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning 22 turi bekor qilinmoqda.
Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning 22 turi bekor qilinadi. Ro‘yxatda ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasidagi, atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatlar uchun, O‘zbekiston hududi va uning ayrim qismlarini rivojlantirishni rejalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlarni, O‘zbekiston mintaqalari hududini rivojlantirishni rejalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlarni, aholi punktlari hududlarini rivojlantirish yoki qurish to‘g‘risidagi hujjatlarni ishlab chiqish, shuningdek, pirotexnika buyumlarini yo‘q qilish, pirotexnika buyumlarini utilizatsiya qilish, maxsus turdagi tovarlar eksporti va importi uchun hamda turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalar («Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati bundan mustasno) bor.
Shuningdek, 2024 yil 1 martdan:
- litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga qo‘llangan jarima summasi miqdorining 50 foizi 15 kun ichida, 70 foizi 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘langanda, huquqbuzar jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi;
- litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish jarayonida videoaloqa vositalari yordamida talabgorlarning litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab va shartlariga muvofiqligini masofadan turib baholash tartibi joriy etiladi;
- tadbirkorlik sub’yektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda uning pochta manzili sifatida muassisning turar joyini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Fermerlar uchun yangi huquq
2024 yil 1 martdan boshlab, fermerlar qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan ijara huquqini sotishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda prezidentning «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilab qo‘yilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat etiladi.
Bunda:
- shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlar yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda o‘tkaziladi;
- ijaraga oluvchi yerga ijara huquqini o‘tkazishdan oldin undan kamida 3 yil, 2021 yilgacha hokim qarori bilan olgan bo‘lsa, kamida 5 yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi kerak;
- ijaraga oluvchi auksion yoki ochiq elektron tanlov natijasiga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki qo‘shimcha to‘lov majburiyatlarini to‘liq bajargan bo‘lishi shart;
- yuridik shaxslar ijaraga olingan yer uchastkalarini ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab 5 yildan keyin boshqa shaxsga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin.
Farmon bilan 2024 yil 1 martdan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksion savdolari ham joriy etilmoqda.
Bunda yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolari orqali 30 yilga ijaraga beriladi, boshlang‘ich narx yer uchastkasining normativ qiymati miqdorida belgilanadi. Yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 3 yil muddatda har oyda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga, shuningdek, dehqon xo‘jaligi, yakka tartibda bog‘dorchilik, polizchilik va chorvachilikni yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘olibi bo‘lgan «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turgan fuqarolarga yer uchastkasi narxini 5 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Boshqa o‘zgarishlar
2024 yil 1 martdan boshlab:
- sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan rasmiy musobaqalar, O‘zbekiston chempionati va kubogida ishtirok etishi uchun sportchilarning mansubligi va ularning malakasini identifikatsiya kartalari (ID-karta) orqali aniqlash tartibi joriy etiladi;
- B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan tizim boshqaruvi, ma’lumotlar bazasi va «bulutli» platformani boshqarish, axborot xavfsizligini ta’minlash va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- notarial idoraga kelmasdan, shu jumladan chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bog‘liq bitimlarni (mulk huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishdan tashqari) elektron raqamli imzodan foydalanib, videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi;
- davlat mulkini ijaraga berish shartnomalari bo‘yicha ijara to‘lovlarini undirish va ularning taqsimoti «E-ijara» elektron tizimi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi;
- texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat ko‘rsatkichlarini ifodalovchi «A», «B», «C» va «D» tegishli sinfi to‘g‘risidagi axborotlar mavjud bo‘lmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiqlanadi. Quyosh panellari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritiladi;
- davlat xaridlarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisi bir lotda faqat bitta farmatsevtika mahsulotini (xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha dori vositalari va tibbiy buyumlar) kiritishi mumkin bo‘lgan tizim joriy qilinadi;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «Uzbekistan.travel» yagona milliy turistik axborot portalidan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etiladi;
- oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchilarga moliyaviy resurslar ajratiladi;
- nodavlat ta’lim tashkilotlariga bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha, nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga joylashgan hollarda esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish tizimini nazarda tutuvchi dastur, xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish hamda ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizgacha bo‘lgan qismini, shuningdek, ingliz tilini bilish bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi joriy etiladi;
- «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari» orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratishda byurokratiyadan xoli va mahallaning hamjihatligini aks ettiruvchi yangi tartib joriy qilinadi;
- markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obektlarning qurilishida (rekonstruksiya va kapital ta’mirlash) mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan lift, eskalator, sanoat havo sovitish tizimlari, sanoat isitish qozonlari, transformator qurilmalari, quyosh suv isitkichlari va panellari hamda isitish radiatorlarining o‘rnatilishi talab etiladi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 29.02.2024
- Ko'rishlar: 1901
- Chop etish