Hududlarda istirohat bog‘lari, park va xiyobonlardagi daraxtlarni kesish, noqonuniy qurilmalar barpo etish va xususiylashtirish kabi holatlar jamoatchilik vakillarining e’tiroz va xavotirlariga sabab bo‘lib kelmoqda. Bu haqda tez-tez ijtimoiy tarmoqlar yoki ommaviy axborot vositalarida o‘qib, eshitib qolayapmiz. Endilikda bu kabi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda.
“Adolat” SDP va Ekologik partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari a’zolari tomonidan aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasi kuchaytirilishiga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi. Unda ko‘zda tutilayotgan normalar va ularning ahamiyati xususida “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Dilmurod Ismoilov quyidagilarni qayd etdi:
— Hozirgi vaqtda parklar va daraxtzorlarni xususiylashtirish, ularning hududini qisqartirish va boshqa maqsadlarda foydalanishga urinish holatlari ko‘paygan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi 184 ta istirohat bog‘ida 944 ta bino-inshoot qurilgan, 18 ta istirohat bog‘ida 91 ta noqonuniy qurilma, 98 tasida 1 ming 248 ta attraksion noqonuniy o‘rnatilgan. Bu qurilishlar oqibatida qanchadan-qancha daraxtzor hududlar kamaytirilganligini tasavvur qilib ko‘ring-a?!
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida davlatimiz rahbari tomonidan partiyalarning ushbu masalaga oid takliflari alohida e’tirof etilishi ham mavzuning naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, madaniy hordiq maskanlarini, ularning yerlarini hamda ushbu yerlardagi bino-inshootni begonalashtirish, madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, ularda bino-inshoot qurish (yengil turdagi ob’ektlar bundan mustasno) yoki mavjud bino-inshootni qurilish osti maydonini kengaytirish taqiqlanadi. Bu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytiriladi.
Shuningdek, qonun bilan "botanika bog‘lari" muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilyapti. "Botanika bog‘lari" va ularning yerlarini ham begonalashtirish, ularning hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirish taqiqlanmoqda.
Ta’kidlash kerakki, xalqimiz ushbu masala yechimini uzoq yillardan beri kutayotgan edi. Qolaversa, park va daraxtzorlar tabiatning ajralmas qismidir. Ularni xususiylashtirish yoki xususiy foyda uchun foydalanish tabiat va havo ifloslanishi kabi jiddiy muammolarni ham keltirib chiqaradi, — deydi deputat.
Darhaqiqat, bugun yashillikning kamayib, cho‘llanish, qurg‘oqchilik, iqlim o‘zgarishi kabi o‘tkir ekologik muammolar bo‘y ko‘rsatayotgan bir paytda mavjud xiyobon va bog‘larni asrab qolish va kengaytirish, noqonuniy qurilishlar evaziga daraxt kesish holatlarining oldini olish dolzarb masaladir. Shu nuqtai nazardan ushbu hujjatda ko‘zda tutilayotgan normalar tabiatimiz, ekologiya hamda insonlar salomatligida muhim o‘rin tutadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 28.11.2024
- Ko'rishlar: 701
- Chop etish