Yaponiyaning Oliy yuridik maktabi professori va Nagoya Universiteti huzuridagi Osiyo huquqiy aloqalar markazi (Center for Asian Legal Exchange) direktori Fujimoto Akira Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga maktub yo'lladi. Xatda, jumladan, shunday deyilgan:
"2020 yilning yanvarida, dunyo koronavirus infektsiyasi bilan to'qnash kelmasdan oldin, O'zbekistonga safar qilgandim. Safarim davomida mamlakatingiz energiya, ya'ni quvvatga naqadar boyligiga va bu tuganmas kuch-shijoatning xazinasi navqiron yoshlaringiz ekaniga amin bo'ldim.
Yaqinda esa «BMTning 75 yilligi: kelajakka nazar» mavzusidagi turkum Global munozaralar doirasidagi xalqaro onlayn-anjumanga taklifnoma oldim. Ushbu tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oliy Majlis palatalari va BMTning O'zbekistondagi Vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Avvalambor, O'zbekistonda 2016 yildan boshlab inson huquqlari va uni himoya qilish borasidagi xabardorlik darajasi shiddatli sur'atlarda o'sib borayotganini ta'kidlamoqchiman. O'zbekistondagi yangilanish jarayonlarini diqqat bilan kuzatish asnosida Osiyo huquqiy aloqalar markazimiz shunga guvoh bo'ldiki, mamlakatingiz keyingi to'rt yilda insonning eng asosiy huquqlari va erkinliklariga chuqur hurmat va yanada ongli mas'uliyat bilan yondashish borasida o'zining misli ko'rilmagan darajada shiddatli intilishini namoyon etdi.
Shu munosabat bilan yaqinda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilinganini alohida qutlayman. Mazkur dasturilamal hujjat gender tenglik, mehnat migrantlarining huquqlari, ozodlikdan mahrum etish joylaridagi shaxslarning huquqlari, odil sudlovdan foydalanish huquqi kabi ko'plab o'ta muhim yo'nalishlarni qamrab olgan.
Kamina shundan ham xabardormanki, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz direktori – akademik Akmal Saidov yoshlar huquqlariga alohida e'tibor bilan yondashadi. Universitet professori sifatida yoshlar bilan bevosita ish olib boraman va shu bois akademik Saidovning bu boradagi ezgu intilishlarini chin qalbdan his etaman va qo'llab-quvvatlayman.
Shu bilan birga, bizning Osiyo huquqiy aloqalar markazi ta'lim va tadqiqotlar bilan shug'ullanadigan muassasa sifatida yana bir yutug'ingizni quvonch bilan e'tirof etadi. Bu ham bo'lsa, O'zbekistonning turli darajalardagi ta'lim muassasalarida inson huquqlari sohasidagi bilimlarni o'qitish ko'lami yanada izchillik bilan kengayib borayotganidir.
Ushbu sohada nihoyatda ulkan hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Bu, o'z navbatida, joylardagi o'qituvchilar va amaliyotchilardan beqiyos fidoyilik va astoydil sa'y-harakatlarni talab qiladi.
Fursatdan foydalanib, O'zbekistonning yangi tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha strategiyasi faqat inson huquqlarini tartibga solishga doir yangi qonunlarni ishlab chiqish bilangina chegaralanib qolmasligini istashimni ham izhor etaman. Sizu biz hamjihat bo'lib, o'zaro hamkorlikda inson huquqlari madaniyatini rag'batlantirish va rivojlantirishda davom etishimiz zarur".
- Qo'shildi: 02.07.2020
- Ko'rishlar: 4309
- Chop etish