O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-martdagi tegishli farmoyishiga asosan 16-18-mart kunlari respublikaning barcha hududlarida «Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki" shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazish belgilandi.
16-mart kuni mamlakatimizning barcha hududlarida hasharning dastlabki kuni uyushqoqlik bilan o‘tdi. Ko‘chalar, maydon va xiyobonlar, aholi turar joylari yanada saranjom holatga keltirildi. Hashar davomida xalqimizning yakdilligi, birdamligi, ahil va hamjihatligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Respublika ishchi guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari davomida salmoqli ishlar bajarildi. Jumladan, mamlakatimizning 9452 ta mahallalarida, tashkilot va idoralar, ta’lim muassasalari, xo‘jalik birlashmalari, shuningdek, korxonalar va tadbirkorlik subyektlarida hashar tadbirlari bo‘lib o‘tdi. 6 ming 716 gektardan ortiq maydonlar va 24 ming 447 ta ko‘chalar obodonlashtirildi. 6 yarim ming tonnaga yaqin chiqindilar chiqarib tashlandi. 2 ming 447 kilometr uzunlikdagi ariq va lotoklar tozalandi. Qabristonlar va ziyoratgohlar hududi tartibga keltirildi.
33 mingdan ziyod bolalar va sport maydonchalari hududi tozalanib, ta’mirlash va tartibga keltirish ishlari bajarildi.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 1 mln. 437 mingdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari hamda 990 mingdan ortiq mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Mahallalar hududi va ko‘chalar bo‘ylariga 1 mln. 500 mingdan ortiq gul ko‘chatlari o‘tqazildi hamda 2 ming 859 ta kichik bog‘lar tashkil etildi. 2 mln. 680 mingdan ziyod daraxtlarga shakl berilib, oqlanadi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 3 ming 532 ta texnika vositalari jalb etildi.
Shuningdek, hashar kunida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatish bo‘yicha keng qamrovli ishlar bajarildi. Xususan, mahalla yoshlari jalb etilib, 15 ming 677 ta xonadon tomorqa yerlari chopilib, tartibga keltirildi.
4 ming 800 ta kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. Ehtiyojmand oilalar, nogiron va yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Mazkur xayriya tadbirlari orqali 5 milliard 570 million so‘mdan ortiq, shundan 1 milliard 300 million so‘mdan ortiq mablag‘ «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatishga sarflandi. Mamlakatimizda kechayotgan hashar jarayoni bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar O‘zbekiston mahallalar uyushmasi axborot xizmati tomonidan ommaviy axborot vositalariga tezkor tarzda yetkazilib borilmoqda.
O‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari davomida 7 million 193 mingdan ziyod fuqaro, shundan, 4 million 963 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Hashar xalqimizning yakdilligi, birdamligining amaliy namunasi ekani shu kunlarda yana bir karra yaqqol o‘z ifodasini topmoqda.
N.Usmonova, O‘zA
- Qo'shildi: 18.03.2024
- Ko'rishlar: 1906
- Chop etish