Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “Mamlakatimizda elektron hukumat tizimini takomillashtirish, davlat organlarining ish faoliyatini raqamli formatga o‘tkazish, ijtimoiy soha obyektlarini Internet jahon axborot tarmog‘i bilan qamrab olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masalani muhokama qildi.
Ushbu masala yuzasidan deputatlarning savollariga raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov javob berdi:
— Yurtimizda aholi punktlarini internet bilan qamrab olish va tezlikni oshirish, internet narxi oshib ketmasligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Hozir eng chekka qishloqda ham internet yetib borgan, xonadonlarda Wi-Fi tizimidan foydalanishmoqda. Internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston TOP-20 ta davlatlar qatoridan o‘rin olgan.
Elektron hukumat tizimini takomillashtirishga qaratilgan ishlar samarasi o‘laroq, 200 dan ortiq elektron xizmatlar joriy qilindi. Elektron xizmatlardan foydalanish ko‘lami kengaymoqda. Masalan, 2019-yilda elektron davlat xizmatlaridan 10 million marotaba foydalanilgan bo‘lsa, shuning 73 foizi Davlat xizmatlari markaziga borib amalga oshirilgan, qolgan qismigina onlayn bo‘lgan. O‘tgan yili esa davlat xizmatlaridan 27 million marotaba foydalanilgan bo‘lsa, 80 foizi onlayn foydalanilgan. Maqsadimiz ham fuqarolarni ovora qilmasdan davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
2024-yil yakuniga qadar Yagona portalda yangi 130 ta xizmat va servislarni joriy qilish orqali portaldagi xizmatlar sonini 700 taga yetkazish rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat xizmatini elektron shaklga o‘tkazish va Yagona portal orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonini 700 taga yetkazish orqali aholi va tadbirkorlarning o‘rtacha bir yilda 70 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lari tejalishiga erishish mumkin. Bunda faqat xizmatlar sonini ko‘paytirish emas, balki soddalashtirish, aholiga tushunarli tarzda taqdim etishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Yagona idoralararo ijro intizomi “ijro.gov.uz” tizimi ishga tushirilgan. Bugungi kunda mazkur tizimga barcha vazirlik va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari ulangan bo‘lib, tizimning foydalanuvchilari soni 109 ming nafardan oshgan.
Shuningdek, vazirlik tomonidan Yagona idoralararo ijro intizomi “ijro.gov.uz” tizimi negizida “Raqamli idora” platformasini ishlab chiqish va joriy qilish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.Ushbu platformani ishga tushirish orqali barcha turdagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar va idoralararo hujjatlarda (qarorlar, buyruqlar, bayonnomalar va boshqa hujjatlar) belgilangan vazifalar ijrosining nazoratini olib borish, ichki va tashqi hujjat aylanish jarayonlarini raqamlashtirish ko‘zda tutilmoqda, — dedi vazir.
Deputatlar sohada olib borilayotgan ishlarni e’tirof etib, bir qator savollarni o‘rtaga tashladilar. Xususan, aholi yashash maskanlarini keng polosali mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrab olish hamda ijtimoiy soha obyektlarida telekommunikatsiya xizmatlarini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdilar.
Sh.Shermatovning qayd etishicha, respublika bo‘ylab magistral telekommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo 600 Gbit/s.ga, tumanlararo 60 Gbit/s.ga yetkazilgan. Keng polosali internet xizmatlarini taqdim etish uchun 2023-yil davomida 700 mingta keng polosali internet portlar o‘rnatilib, ularning soni 5,3 milliondan oshirilishiga erishilgan.
Shu bilan birga, barcha ijtimoiy soha obyektlari, jumladan 10 ming 271 ta xalq ta’limi, 6 ming 539 ta maktabgacha ta’lim, 3 ming 920 ta sog‘liqni saqlash, 9 ming 403 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda 5 ming 583 ta militsiya tayanch punktlari yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati bilan ta’minlangan.
Deputatlar “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida 2030-yilga qadar 300 mingta yoshlarni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgani, bu borada vazirlik tomonidan qanday ishlar amalga oshirilayotgani bilan qiziqdi. Vazir bunga javoban Strategiyada belgilangan vazifalarni bajarish, IT- eksporti hajmini 5 mlrd. dollarga yetkazish maqsadida 300 ming nafar mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilganini qayd etdi. Prezidentimizning tegishli qarori bilan esa yoshlarni mehnat bozorida IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish va nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiya ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
“Hukumat soati”da deputatlar tomonidan soha istiqboliga qaratilgan bir qator takliflar berildi va kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova,
Davron Ernazarov (surat),
O‘zA
- Qo'shildi: 15.03.2024
- Ko'rishlar: 2060
- Chop etish