Insonparvarlik g‘oyalariga yo‘g‘rilgan tashabbus amalda

Yaqin sharqdagi vaziyat butun dunyo e’tiborida. Hududga yordam  bergan, mehr qo‘lini cho‘zgan davlatlar, hukumatlar bisyor. Tabiiyki, O‘zbekiston ham tarixning bu ayanchli fojiasiga befarq emas. Xususan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 11 noyabr kuni Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Afrika qit’asi yetakchi davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan navbatdan tashqari arab-islom sammitida so‘zlagan nutqi jahon jamoatchiligi e’tiboriga tushdi. Tadbirda asosiy e’tibor G‘azo va Livandagi keskinlikni kamaytirish, yuzaga kelayotgan vaziyatni tez fursatda siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirish masalasiga qaratildi.

O‘zbekiston Prezidenti kun tartibidagi masala nechog‘li jiddiyligiga e’tibor qaratar ekan, ming-minglab begunoh bolalar, ayollar va keksalar o‘limiga sabab bo‘layotgan vayronkor va mudhish hujumlar insoniyat yangi tarixining eng qora sahifasiga aylanayotgani, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, maktab va shifoxonalar, masjidlar, butun boshli shaharlar yo‘q qilib tashlanayotgani, millionlab tinch aholi boshpanasiz qolib, ocharchilik va kasallikka mahkum bo‘layotganini iztirobsiz kuzatish mumkin emasligini bayon etdi.

– Masalaning mohiyatini teran anglagan Prezidentimiz eng og‘riqli jihatlarga alohida e’tibor qaratdi va muammoning yechimi bo‘yicha o‘ziga xos taklifni ilgari surdi, – deydi siyosatshunoslik fanlari doktori Durdona Madaminova. – Aniqrog‘i, davlatimiz urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyorligini ma’lum qildi. Bunday mardona qarorga kelinishi bejiz emas, albatta. Zero, insonparvarlik azal-azaldan xalqimizga xos, ming-ming yillik tariximiz bilan chambarchas bog‘liq fazilat. Jahon dinlari, jumladan islomda ham faqir, kambag‘al, musofir va muhtojlarga yordam berish, saxovatli, insofli bo‘lishga da’vat qilingan. Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro ko‘plab tinch aholi vakillari qurbon bo‘lishi, ularning osoyishtaligi va barqarorligi izdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda. “Defense for Children International – Palestine” tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoda har 15 daqiqada bir bola hayotdan ko‘z yummoqda. “Save the Children” xalqaro tashkiloti ko‘p yildan buyon qamalda ushlab kelinayotgan hududda sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoni yo‘qligi onalar va bolalar o‘limi ortishiga sabab bo‘layotgan yana bir omil ekanini bildirgan.

Ayanchli jihati, shifokorlar jarrohlik amaliyotini bemorga og‘riq sezdirmaydigan dori bermasdan o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, ayni payt sektorda 50 mingga yaqin homilador ayol va ularning tug‘ilajak farzandi hayoti xavf ostida.

 Ma’lumot uchun, G‘azo sektorida 2023 yil 7 oktyabr sanasidan 2025 yilning yanvarigacha davom etgan harbiy amaliyot natijasida kamida 47 ming falastinlik halok bo‘lib, 111 ming kishi yaralangan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning 17492 nafari bolalar, 11979 nafari ayollar. Yaradorlar soni 107 713 taga yetgan. Afsuski, bu raqamlar hamon ortmoqda. Achinarlisi, mojaroga umuman aloqasi bo‘lmagan, begunoh go‘daklar qoni to‘kilib, ular mislsiz azob-uqubatni boshdan kechirmoqda.

Davlatimiz rahbarining insonparvarlik g‘oyalariga yo‘g‘rilgan tashabbuslari amalga oshirildi. Jumladan, 100 nafar yarador falastinlik bolalar va ayollar ularga hamrohlik qiluvchilar bilan birga yurtimizga keltirildi. Ayni payt davolash, salomatliklarini tiklash maqsadida, jabrdiydalar respublikamizning nufuzli reabilitatsiya markazlari hamda shifoxonalariga joylashtirilgan. Hukumatimiz tomonidan aziyat chekkan falastinliklarga beg‘araz davolanish  imkoni yaratilishi barobarida, ular yurtiga qaytguniga qadar O‘zbekistonda qolishi, shu vaqt oralig‘ida oilalarning barcha ehtiyoji qondirilishi, jumladan mehmonxona, maktab, oziq-ovqat bilan ta’minlanishi belgilangan. Bu millatimizga xos mehmondo‘stlik, insonparvarlikning yorqin namunasidir.

Xalqlarimizning azaliy orzu-intilishi nechog‘li bir-biriga yaqinligi davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va ezgu amallarda o‘z ifodasini topmoqda. Shu nuqtai nazardan 2025 yil Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammiti ham Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatishning o‘ziga xos namunasi sifatida tarixga muhrlanadi. O‘zbekistonning o‘ziga xos ezgulikka yo‘g‘rilgan siyosati esa dunyo davlatlariga ibrat va namuna bo‘lishiga ishonamiz.

Go‘zal Sattorova,

O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech