«SOVID-19 – biologik qurol sinovidir». «Koronavirusning davosi –aroq». «Yoz kelsa, virus ado bo'ladi». Shu kunlarda internet va ijtimoiy tarmoqlar ana shunday farazlarga to'lib ketdi. Hatto obro'-e'tiborli ommaviy axborot vositalari ham axborotni noto'g'ri talqin qilmoqda yoki matnni uzuq-yuluq holda taqdim etmoqda.
SOVID-19 pandemiyasi bilan yelkama-yelka odimlayotgan «yolg'on axborot epidemiyasi»ga yaqinda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish e'tiborni qaratdi. Yelena Vapnichnaya YUNESKO eksperti Saorlu Makkeybga mazkur muammoga taalluqli bir qancha savollar bilan murojaat qildi.
YeV: Bilamizki, bugungi kunda, dunyo hech ko'rilmagan pandemiya balosiga to'qnash kelgan, u bilan bog'liq ko'p narsalar hali noma'lum bo'lgan, vaziyat deyarli kundan-kun o'zgarib turgan bir davrda, tabiiyki, odamlar hamma joydan axborot izlamoqda va aksariyat hollarda tasdig'ini topmagan uydirma yo yolg'on ma'lumotlarning jabrini chekmoqda. Bu holatga qanday bas kelsa bo'ladi?
SM: Bu holatga ishonchli axborotni keng tarqatish, shuningdek, dalillarni tekshirib ko'rish vositalaridan foydalanish orqali bas kelish mumkin. Butunjahon sog'liqni saqlash tashkiloti va YUNESKO kabi hukumatlararo tashkilotlar tomonidan ochilgan bir qator veb-saytlarda pandemiya haqidagi ishonchli axborotlar joylashtirilgan.
Bundan tashqari, hukumatlar axborotning yuqori darajada transparentligini, ya'ni ochiqligini ta'minlashi va fuqarolarning axborotdan erkin foydalanish huquqini, jumladan, rasmiy ma'lumotlar va tavsiyalar taqdim etib boriladigan veb-saytlar hamda «tezkor aloqa tizimlari» orqali to'liq kafolatlashi zarur.
Pandemiyaga doir ishonchli axborotlardan, xususan, muntazam yangilab boriladigan statistika, virusga qarshi ko'rilayotgan choralar haqidagi ma'lumotlar va bunday holatda fuqarolar o'zlarini qanday tutishlari kerakligi yuzasidan beriladigan rasmiy tavsiyalardan to'liq xabardorlikni ta'minlash, o'z navbatida, odamlarning yolg'on axborot qurboniga aylanib qolishi xavfini kamaytiradi. Inqiroz davrida hukumatlar axborot sohasidagi qonunchilik va siyosatga muvofiq ravishda bu boradagi shaffoflik darajasini oshirishi darkor.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, mustaqil, professional jurnalistika inqiroz haqida aniq, haqqoniy dalillarga asoslangan axborotlarni tarqatish orqali har xil yolg'on-yashiqlarni fosh etishda yetakchi rol o'ynashi mumkin. Shunday qilib, matbuot erkinligi qadrli ne'mat ekaniga hech qanday shubha bo'lishi mumkin
emas va har qachon – ayniqsa, hozirgi qaltis davrda ushbu ne'matni toptamaslik, aksincha, imkon qadar asrab-avaylash taqozo etiladi.
Voqelikning matbuotda mustaqil ravishda yoritilishi yolg'on axborot va tasdiqlanmagan mish-mishlarga qarshi turishda ulkan ahamiyatga ega. Qolaversa, media va axborot sohasidagi savodxonlik masalasiga alohida e'tibor qaratilishi kerak.
YeV: Odatda, aholini ma'rifatli qilish kerak deb ko'p gapiriladi. Bunga qanday erishish mumkin? Aksariyat mamlakatlarda odamlar ma'murlarga ham, rasmiy axborotlarga ham ishonmaydi. Boshqa tomondan esa, OAV o'z reytingini oshirish ilinjida tanglik "o'chog'iga o't qalaydi", ya'ni shoshqoloqlik bilan chala-chulpa yoki noto'g'ri axborotlarni taqdim etaveradi. Ularga qanday qilib ta'sir ko'rsatsa bo'ladi?
SM: Bugungi kunda YUNESKO media va axborot sohasidagi savodxonlikni oshirish bo'yicha nihoyatda faollik bilan ish olib bormoqda: odamlarga haqqoniy va ishonchli axborotni qay tarzda aniqlash mumkinligi o'rgatilmoqda. Hozirgi misli ko'rilmagan bir davrda media va axborot sohasidagi savodxonlik juda muhim o'rin tutadi, u fuqarolarga ommaviy axborot vositalari va boshqa axborot manbalari tarqatgan ma'lumotlar matnining mazmunini tanqidiy baholash hamda oqilona yechimga kelish imkonini beradi.
YUNESKO media va axborot sohasidagi savodxonlik ko'nikmalarini rivojlantirishga, shuningdek sifatli va odob bilan ish olib boradigan jurnalistikaning ahamiyatini oshirishga doir bir qator qo'llanma va vositalarni ishlab chiqqan. Bu vositalar joriy inqiroz vaziyatida ham asqotadi. Men o'quvchilarimizga tanishib chiqishni tavsiya etadigan «Jurnalistika, «yolg'on yangiliklar» va noto'g'ri axborotlar» («Jurnalistika, «feykovie novosti» i dezinformatsiya») nomli qo'llanma shular jumlasidandir.
YUNESKO, shuningdek, MOOC (keng foydalanish imkoniyatini beradigan onlayn-kurs) o'quv dasturini tayyorlash bo'yicha ishlarni oxiriga yetkazmoqda. Ushbu onlayn-kurs COVID-19 bilan bog'liq inqirozni yorituvchi jurnalistlar uchun amaliy qo'llanma vazifasini o'taydi.
YeV: «Feyk» (yolg'on) ma'lumotlarni (ayniqsa, internetda) cheklash bilan senzura o'rnatish o'rtasidagi «oltin oraliq»ni qanday topsa bo'ladi?
SM: Qachonki, mamlakatlar «feyk» yangiliklar va noto'g'ri axborotlarni tarqatishga qarshi kurashish uchun o'z qonunchiligini joriy etar ekan, o'shandayoq bunday qonunlardan fikrni ifoda etish erkinligini cheklash, ma'murlarni mutlaqo yuz-xotir qilmasdan tayyorlangan axborotlarni yashirish va boshqacha fikrlovchilarga bosim o'tkazish maqsadida foydalanish xavfi yuzaga keladi. Bunday qonunlarning ko'pchiligida noaniq, mujmal qoidalar mavjud bo'lib, ular
ma'murlar tomonidan «feyk» yangiliklar» tushunchasini keng ma'noda talqin qilish, jurnalistlarni esa istagancha ta'qib etish imkonini beradi.
Noto'g'ri axborotga qarshi kurashishda fikrni ifoda etish erkinligi, matbuot erkinligi va axborotdan foydalanish erkinligi kabi asosiy huquqlarni cheklab qo'yadigan qonunchilikka tayanib emas, balki axborotdan erkin foydalanish imkonini yaratish, ma'murlar bilan OAV o'rtasida ochiq va shaffof kommunikatsiya, ya'ni o'zaro ishonchli aloqa o'rnatish, axborot sohasidagi savodxonlik bo'yicha tashabbuslarni ilgari surish yo'li bilan ish olib borilishi lozim. Ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati tomonidan dalillarning qat'iy tekshirilishi - bu boradagi yana bir muhim vositadir.
Internet-kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlar ham noto'g'ri axborot tarqatilishiga yo'l qo'ymaslik uchun javobgar hisoblanadi. Ular fikrni ifoda etish erkinligi sohasidagi xalqaro standartlarga mos keladigan va ziyon yetkazuvchi kontentni o'z platformalarida joylashtirishga yo'l qo'ymaydigan shaffof mexanizmlarni ishlab chiqishi lozim. Internet-kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlar rahbariyati, shuningdek o'zini o'zi boshqarishga va hisobdorlikka intilishi zarur.
YeV: Ma'murlarning yoki fuqarolik jamiyatining dezinformatsiyaga qarshi kurashish borasidagi samarador faoliyatiga oid misollar bormi?
SM: Dezinformatsiyaga qarshi kurashishda hukumat organlari axborotdan foydalanish erkinligini keng ta'minlash uchun har tomonlama yordam berishlari va ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik bilan muloqotlarda ochiqlik va shaffoflik ko'rsatishlari kerak. Buning aksi kuzatilgan hollar
esa, aynan mish-mishlarning uyalab ketishi va fitnakor uydirmalar tarqalishi uchun qulay zamin yaratadi.
Keyingi yillarda chalg'ituvchi, yolg'on axborotlarning har qachongidan ham jadallik bilan tarqalishiga imkon beradigan platformalarning rivojlanishi, o'z navbatida, dalillarni tekshirish bo'yicha saytlar yaratilishini taqozo etdi. Bugungi kunda butun dunyoda 100 dan ortiq shunday sayt mavjud bo'lib, ular barcha mintaqalarda ishlab turibdi.
Ommaviy axborot vositalari orasida AFP, The Washington Post, BBC, India Today, O Globo va boshqa bir qator nashrlar dalillarni tekshirish yuzasidan foydali tashabbuslar bilan chiqdi. Shu bilan birga, dunyodagi ko'plab nohukumat tashkilotlar, masalan, Comprova (Braziliya) Politifact va AfricaCheck (AQSH) axborotning to'g'riligini tekshiradigan platformalarni ishga tushirdi.
Yana bir ajoyib tashabbus - Yevropa ittifoqining Yolg'on axborotlarga qarshi kurashish bo'yicha harakat rejasidir. Ushbu reja doirasida yangi dezinformatsiya kampaniyasi paydo bo'lganidan xabardor qilish mexanizmi ishlab chiqildi.
Yevropa ittifoqi, shuningdek dalillarning to'g'riligini tekshirish bo'yicha yaxlit bir tarmoq tashkil etgan. U 400 nafardan ziyod jurnalist, ekspert va nohukmat tashkilotlar vakillarini o'zida qamraydi.
Bunday tashabbuslar internetda tarqatiladigan har xil mish-mishlarni fosh etish, shuningdek yolg'on va noxolis axborotlarga qarshi kurashish uchun juda muhimdir. Ular fuqarolarga siyosiy xatoligi bor bayonotlarni aniqlashda ham yordam beradi va shu bois saylov kampaniyalari davrida ayniqsa qo'l keladi.
Bu boradagi tashabbuslarning muhimligi shu kunlarda, COVID-19 pandemiyasi tufayli bemisl miqyosdagi axborot oqimi, bu oqim aro «dezinfodemiya», ya'ni fuqarolarning xavfsizligi va sog'ligiga tahdid soluvchi mish-mishlar va noto'g'ri ma'lumotlar toshqini yuzaga kelgan hozirgi davrda yanada yaqqol sezilmoqda.
Manba: news.un
2020 yil 16 aprel
G'ulom Mirzo tarjima qildi
- Qo'shildi: 17.04.2020
- Ko'rishlar: 4428
- Chop etish