“Globus” loyihasi ishtirokchisi – Anqara universiteti Atrof-muhit muammolarini tadqiq va tatbiq etish markazi direktori, professor, doktor Mehmet Somunju iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan ofatlar yil sayin ortib, quruqlik hamda dengiz biologik xilma-xilligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
– Turkiya Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vazirligi Meteorologiya Bosh boshqarmasi tomonidan tayyorlangan “Meteorologik ofatni baholash-2022” hisobotida keltirilishicha, 2000-2019 yillar orasida dunyo bo‘ylab sodir bo‘lgan 7 348 tabiiy ofat 4 milliarddan ko‘p odamning hayotiga ta’sir qilib, 1 230 000 kishini hayotdan olib ketgan. Shu davrda 3254 marta suv toshqini, 243 bo‘ron, 552 kuchli zilzila, 432 o‘ta yuqori harorat, 376 ko‘chki va 338 qurg‘oqchilik holati kuzatildi. Ofatlarning 577 tasi Xitoyda, 467 tasi AQSHda, 321 tasi Hindistonda, 304 tasi Filippinda va 278 tasi Indoneziyada qayd etildi. Iqlim falokati sifatida tasniflangan 6 681 hodisa natijasida 510 837 inson halok bo‘lgan, jami 3 milliard 900 millionga yaqin odam jabrlangan.
Yaqinda Hindistonda havo Selsiy bo‘yicha 45 daraja qizidi. Turkiyada aprel va may oylarida o‘rtacha harorat odatdagidan 8-10 daraja yuqoriladi.
Meteorologiya Bosh boshqarmasida 1940-2022 yillar ma’lumoti mavjud. 2019, 2020, 2021 yillarda bo‘ron, do‘l, haddan tashqari sovuq yoki issiq tufayli taxminan 750-1000 marta favqulodda vaziyat yuzaga keldi. 1940 yilda bu raqamlar hozirgi darajaning choragini, o‘tgan asrning 60-70 yillardagi ko‘rsatkichning yarmini tashkil qilgan. Afsuski, 1990 yoki 2000 yildan bu yog‘iga barcha taxminlar o‘sish kelajakda yanada yuqori bo‘lishini ko‘rsatmoqda.
Oxirgi 150 yil ichida marjon riflari ikki barobar qisqardi, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ofat dengiz, quruqlik va chuchuk suv ekotizimini buzib, mahalliy turlar yo‘qolishi, kasallik turi, o‘simlik va hayvonlar ommaviy halokati ko‘payishi va biologik xilma-xillik kamayishiga olib kelmoqda.
Okeanda harorat ko‘tarilishi dengiz va qirg‘oq ekotizimi yo‘qolishi xavfini qaytarib bo‘lmaydigan darajada oshiradi. Masalan, so‘nggi 150 yil ichida tirik marjon riflari ikki barobar kamaygan va qolgan, deyarli, barcha riflar keyingi isish natijasida yo‘q bo‘lib ketishi xavfi kuchaygan. Dengiz ekotizimidagi biologik xilma-xillik uchun halokatli oqibatlardan biri sifatida baliq populyatsiyasi kamayishi kuzatilmoqda. Turkiyada bundan 15-20 yil avval 500-550 ming tonnaga yaqin ovlangan baliq miqdori hozir ancha kamaygan. Dengiz ifloslanishi, ortiqcha va nazoratsiz baliq ovlash, suv harorati ko‘tarilishi tufayli endi yiliga 250-300 ming tonna baliq ovlanmoqda.
Global isish va harorat oshishi kutilar ekan, kelajakda chivin populyatsiyasi ko‘payib, yuqori kengliklarga ko‘chib o‘tadi. Ekotizim va biologik xilma-xillikdagi o‘zgarish bilan bevosita bog‘liq bunday holatga ko‘plab misol keltirish mumkin.
Tabiiy ofat va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan ofatlarning oldini olish va tabiat injiqligiga qarshi kurashish bo‘yicha izchil tadqiqot olib boryapti. Turkiyada tabiiy ofat xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun tuzilma salohiyatini oshirish texnik yordam loyihasi doirasida eng moyil viloyatlar – Antaliya va Trabzon uchun mahalliy harakat rejasi tayyorlangan.
Mamlakatda hozircha ayni yo‘nalishda yagona milliy harakat rejasi yo‘q. Shu bois AFAD institutsional raisligida mazkur ikki mintaqa hujjati birinchi va yagon, ya’ni namuna xususiyatiga ega.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA
- Qo'shildi: 26.07.2024
- Ko'rishlar: 1333
- Chop etish