Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi ko‘pchilik ovoz bilan falastinliklarning o‘z yig‘ilishlarida ishtirokini kengaytirishni yoqlab chiqdi. Isroil bunga javoban o‘ziga tahdid solayotgan davlatni yaratishga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.
Isroil hukumati o‘tgan hafta BMT Bosh assambleyasining falastinliklarni BMTga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilishni tavsiya etuvchi rezolyutsiyasini bir ovozdan rad etdi. «Biz 7 oktyabrdagi dahshatli qirg‘inni rag‘batlantirmaymiz, hududidan bizga hujum qilish mumkin bo‘lgan davlatning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 15 may, chorshanba kuni vazirlar mahkamasi yig‘ilishidan keyin.
10 oktyabr kuni BMT Bosh assambleyasi BMT huzurida kuzatuvchi davlat maqomiga ega bo‘lgan Falastin ma’muriyatiga Bosh assambleya yig‘ilishlarida to‘liq ovoz berish huquqini bermagan holda sezilarli darajada kengroq huquqlar taqdim etish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. 193 davlat a’zo bo‘lgan Bosh assambleya, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashini Falastinni jahon tashkilotiga to‘laqonli a’zolik qilish masalasini jiddiy ko‘rib chiqishga chaqirdi.
Rezolyutsiyani yoqlab 143 davlat ovoz berdi, to‘qqiz davlat qarshi chiqdi, yana 25 davlat betaraf qoldi. Netanyahuning ta’kidlashicha, Bosh assambleya rezolyutsiyasi Falastin hududlari maqomini hech qanday tarzda o‘zgartirmaydi hamda kelajakdagi muzokaralar va tinchlik kelishuvi uchun asos bo‘la olmaydi.
Netanyahu: HAMASni yengish - zaruriy qadam
Benyamin Netanyahu, shuningdek, HAMAS harakati ustidan g‘alaba qozonilmagunga G‘azo sektorida bo‘lajak ma’muriyat haqidagi gaplarni ma’nosiz deb atadi. «HAMASning mag‘lubiyati - G‘azo sektorida bizga tahdid soladigan hech nima yo‘qligini ta’minlash uchun zarur qadam», — dedi u.
Isroil bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, taxminan yuz kun avval u Isroil xavfsizlik kuchlariga G‘azodagi HAMASga aloqador bo‘lmagan mahalliy vakillarga gumanitar yordam tarqatishda ishtirok etishga ruxsat bergan. «Bu urinish muvaffaqiyatli bo‘lmadi, chunki HAMAS ularga tahdid qildi va hatto boshqalarni qo‘rqitish uchun ba’zilariga zarar yetkazdi», dedi Netanyahu.
«HAMAS G‘azo sektorida harbiy rahbarlikni qo‘llamasligi aniq bo‘lmaguncha, u yerda fuqarolik ma’muriyatiga rahbarlik qilishga rozi bo‘ladigan vakillar topilmaydi, shuning uchun ham HAMAS nazorati hamon bor ekan, kelajak haqida gapirishga erta», - dedi Netanyahu. Shu bilan birga, u «ushbu murakkab muammoga yechim topish» uchun ko‘p oylardan beri parda ortidagi muzokaralar davom etayotganini ta’kidladi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 35,2 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Kun.uz
- Qo'shildi: 16.05.2024
- Ko'rishlar: 1606
- Chop etish