O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va uning tizimidagi jazoni ijro etish muassasalarining bino va inshootlaridan samarali foydalanish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Jazoni ijro etish muassasalarining alohida xususiyatini inobatga olgan holda, ularning mulki, bino va inshootlaridan samarali foydalanish, inson omilini istisno etadigan zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida:
a) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va uning tizimidagi jazoni ijro etish muassasalarining mulki, bino va inshootlarini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom:
b) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tizimidagi jazoni ijro etish muassasalariga Face-ID identifikatsiya tizimi mavjud bo‘lgan infokiosklarni o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Hukumat qaroriga ko‘ra endi jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar, shu jumladan, ularning qarindoshlari tomonidan qonun bilan taqiqlanmagan buyumlarni erkin bozor mexanizmlariga asoslangan elektron do‘konlar orqali sotib olish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun Face-ID identifikatsiya tizimi mavjud bo‘lgan infokiosklarni jazoni ijro etish muassasalariga o‘rnatish istagini bildirgan investorlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsat beriladi.
Jazoni ijro etish muassasalarining mulki, bino va inshootlarini ijaraga berishdan tushadigan mablag‘larning mazkur tashkilotlarga taqsimlangan qismi jazoni ijro etish muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish hamda joriy ta’mirlash, jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning maishiy sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Qonunchilikka muvofiq jazoni ijro etish muassasalari hududida sotiladigan tovarlarning eng yuqori chegaralangan narxi har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan kelishilgan holda bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilanadi.
O‘zA
- Qo'shildi: 02.07.2024
- Ko'rishlar: 1305
- Chop etish