O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan keng qamrovli iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy islohotlar jarayonida katta yutuqlarga erishilmoqda. Bugungi kunda boshqa sohalardagi kabi millatlararo munosabatlar sohasida olib borilayotgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Olib borilayotgan islohotlar ko‘p omillar bilan bir qatorda millatlararo munosabatlarga ham bog‘liqdir.
1998 yil 1 mayda yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi” qonun orqali ma’naviy – diniy hayot yanada mustahkam huquqiy asosga ega bo‘ldi.
Milliy mafkuramizda asosiy o‘rinlardan birini egallovchi millatlararo totuvlik, tolerantlik g‘oyalarining rivojlantirilishi natijasida bugungi kunda hududimizda ko‘plab turli tilda so‘zlashuvchi, turli dinga e’tiqod qiluvchi 130 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qilib kelmoqda. Ularning yurtimizda erkin faoliyat olib borishlari, o‘z tillarida so‘zlashuvi va dinlariga e’tiqod qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, bu Asosiy qomusimizda, shuningdek, qonunchilik tizimimizda mustahkamlab qo‘yilgandir. Bir so‘z bilan ifodalaganda Konstitutsiyamiz millatlararo munosabatlar uyg‘unligini qonuniy asosi hisoblanadi.
Konstitutsiyamizning 8-moddasida “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasini fuqarolarini tashkil etadi” deya belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 4-modda 2-bandida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi” degan jumlalar qonunan mustahkamlab qo‘yilgan.
Bugungi kunda yurtimizda turli millat vakillari o‘zlariga yaratib berilgan barcha shart-sharoitlardan foydalangan holda istiqomat qilmoqda. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishi “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish”ning 74-maqsadida “Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash” belgilab berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan ma’naviy sohadagi islohotlar jarayonida millatlararo munosabatlarni tartibga solish, uyg‘unlashtirish maqsadida bir qator huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, 2019 yil 15 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilinib, ushbu hujjatda millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.
Ushbu me’yoriy-huquqiy hujjatda bugungi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari taqdim etgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib, Vatanimiz gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga respublikaning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imijini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotganliklari ta’kidlab o‘tiladi.
Shuningdek, yurtimizda yashayotgan xalqlar va millatlarning bayramlari, madaniy kunlari keng ravishda nishonlanishi millatlararo totuvlikni ta’minlashning muhim omillaridan biridir. O‘zbek xalqi ma’naviyati va madaniyatining boshqa davlatlarda namoyish etilishi ham o‘ziga xos yaqinlikni vujudga keltiradi.
Shuningdek, hozirgi kunda hududimizda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolar e’tiqod, vijdon erkinligiga egaligini ham ta’kidlab o‘tish joizdir. Konstitutsiyamizning 35-moddasida vijdon erkinligining kafolatlanishi, har bir kishining e’tiqod erkinligiga egaligi va diniy qarashlarni majburan singdirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi mustahkamlab qo‘yilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida: “Bugungi sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qilmoqchiman. Ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan”, deya ta’kidlaydi.
Davlatimiz rahbari o‘zining ushbu nutqida O‘zbekistondagi islohotlar, inson huquqlari, demokratiya, yoshlar masalasi, xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik, ekologiya kabi qator global muammolar bilan bir qatorda diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash masalasiga ham alohida to‘xtalib, bu borada BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Ushbu tashabbus BMTga a’zo 193 mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi 51-yig‘ilishida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi yakdillik bilan qabul qilindi.
Xulosa o‘rnida qayd etish lozimki, O‘zbekiston rahbari tomonidan bundan 4 yil oldin ilgari surilgan dunyoda ma’rifat va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish xususidagi tashabbus va uning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan qabul qilinishi global ahamiyat kasb etib, xalqaro hamjamiyatning jahonda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni mustahkamlash uchun qo‘ygan navbatdagi katta qadami bo‘ldi. Ushbu xalqaro hujjatning qabul qilinishi, shubhasiz, O‘zbekiston tashqi siyosatining katta yutug‘i, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mahsuli ekanidan dalolatdir.
Y.Xudoyqulov,
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti,
falsafa fanlari nomzodi.
- Qo'shildi: 27.11.2024
- Ko'rishlar: 694
- Chop etish