Kuvayt nashrlari O‘zbekiston haqida

Shu kunlarda Kuvayt Davlatining yetakchi nashrlari yurtimiz bilan bog‘liq mavzularga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, “Al-Jarida” nashri e’lon qilgan “Kuvayt va O‘zbekiston hamkorligi yangi bosqichga dadil qadam tashlamoqda” nomli maqolada so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidentining bevosita tashabbusi tufayli jahon hamjamiyati bilan turli jabhalarda, jumladan madaniyat, iqtisodiyot, turizm sohalarida yaqin hamkorlik mustahkamlanayotgani ta’kidlangan. Mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyati, xorijiy investorlarga berilayotgan imtiyozlar, chet ellik sayyohlarga taqdim etilayotgan qulayliklar, ayniqsa zamonaviy mehmonxona va infratuzilma masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

– “Jazira” aviakompaniyasi Kuvaytdan Toshkent va Namanganga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini amalga oshirayotgani yaqin aloqalardan darak beradi, – deyilgan maqolada. – Ikki o‘lka o‘rtasida viza tartibi soddalashtirilishi natijasida Kuvayt fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirish joriy qilinishi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi dadil qadam bo‘ldi. Kuvaytdagi ehtimoliy ish beruvchilar va ishga qabul qiluvchi kompaniyalar bilan faol muzokara olib borilmoqda. O‘zbekistondan malakali ishchi kuchi jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilmoqda.

Qayd etish kerak, Kuvayt ommaviy axborot vositalari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat tobora mustahkamlanib, o‘zaro jozibadorlik oshayotganini alohida ta’kidlamoqda. Masalan, “Kuwait Times” nashri kecha ishbilarmonlar ishtirokida o‘tkazilgan biznes-forum haqida yozdi.

Maqolada aytilishicha, yurtimiznda amalga oshirilayotgan islohotlar arab sarmoyadorlari uchun turli sohalarda keng imkoniyat yaratmoqda.

– Ayni payt O‘zbekistonning boy madaniy va islomiy merosi dunyoning turli burchaklaridan keluvchilarni o‘ziga jalb etarkan, o‘lkada turizm sohasi jadal taraqqiy etmoqda, – deb yozadi muallif.

Shuningdek, energetika tizimi, jumladan qayta tiklanadigan energiya tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi kabi istiqbolli yo‘nalishlar ulkan salohiyatga egaligi ta’kidlangan.

Kuvayt axborot agentligi – KUNA sahifasida “Kuvayt va O‘zbekiston: Turli sohalardagi aloqalar tobora mustahkamlanib, gullab-yashnamoqda” nomli maqola chop etildi.

Muallif yozishicha, 1991 yil dekabr oyi oxirida Kuvayt O‘zbekiston mustaqilligini tan olgandan beri ikki do‘st mamlakatni qalin rishtalar bog‘lab turadi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabat 2001 yil Kuvaytning O‘zbekistondagi elchixonasi ochilishi bilan boshlangan. 2004 yil noyabr oyida ushbu arab diyorida respublikamiz elchixonasi ochilgan. O‘tgan yillar davomida mamlakatlarimiz barcha sohalarda aloqalarni chuqurlashtirish, mintaqaviy va global masalalarga yondashuvni muvofiqlashtirishga qaratilgan qator yuqori lavozimli amaldorlar o‘zaro tashriflari uyushtirildi.

Masalan, birgina 2024 yil tashqi ishlar vazirlari besh marta uchrashuv va muzokara o‘tkazdi. Ayniqsa, Antaliya Diplomatik forumi va BMT Bosh Assambleyasi 79-sessiyasi doirasidagi muloqotlar samarali kechdi.

Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla Al-Yahyo boshchiligidagi delegatsiya 2024 yil 15 aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 2-yig‘ilishida qatnashdi.

Avgust oyida mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Kuvaytga tashrif buyurib, qator samarali muzokaralar olib bordi. Muntazam xususiyat kasb etgan siyosiy maslahatlashuv tizimi ham hamkorlikning muhim mexanizmiga aylangan.

Xulosa o‘rnida aytish joiz, mustahkam zaminga ega O‘zbekiston – Kuvayt munosabatlari barcha yo‘nalishlarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ko‘pgina sohalarda salmoqli yutuqlarga erishilgan va shu bilan birga har ikki tomon o‘zaro manfaatli sheriklikni jadallashtirish uchun mavjud ulkan salohiyatdan unumli foydalanishga tayyor.

O‘tkir Alimov, O‘zA

Powered by GSpeech