Xalqaro ekspertlik muhokamasi: Oʻzbekistonda BMT shartnomalarining bajarilishini monitoring qilish va muvofiqlashtirish

Joriy yilning 28-fevral kuni Xalqaro yuristlar komissiyasi (XYUK), BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy boʻlinmasi (ROCA), “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz hamkorligida Oʻzbekistonda BMT shartnomalarining bajarilishini monitoring qilish va muvofiqlashtirish yuzasidan xalqaro jamoatchilik muhokamasi oʻtkazildi.

Milliy va xalqaro ekspertlar implementatsiya masalasini Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiya misolida koʻrib chiqishdi. BMTning shartnomaviy qoʻmitalari tomonidan berilgan soʻnggi tavsiyalari ijrosini Oʻzbekistonda samarali monitoring qilish va muvofiqlashtirishni taʼminlash uchun qanday choralar koʻrishi zarurligi muhokama qilindi.

“Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi, jumladan inson huquqlari boʻyicha bir qancha xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilindi. 2021-yilda Oʻzbekistonda BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi kuchga kirdi. Oʻtgan yili Oʻzbekiston BMTning uchta qoʻmitasi: Bola huquqlari, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar (CESCR) hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish (CEDAW) bergan tavsiyalarini qabul qildi. Shuning uchun mamlakatda mazkur tavsiyalarni amalga oshirish boʻyicha samarali mustaqil monitoring va muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaratish alohida ahamiyat kasb etadi” — dedi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian. 

“BMTning shartnomaviy tuzilmalari tavsiyalarining bajarilishini nazorat qilish nafaqat xalqaro majburiyat, balki BMTning inson huquqlari boʻyicha shartnomalariga aʼzo boʻlgan har qanday ishtirokchi-davlat uchun maʼnaviy majburiyatdir. Ishtirokchi davlatlar BMTning ushbu nufuzli organlari tavsiyalarining toʻliq bajarilishi uchun javobgardir. Aks holda, shaxslar va guruhlar inson huquqlarining buzilishi xavfi ostida qoladi. Shu bois, inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishga ustuvor ahamiyat berish, BMT shartnomaviy organlari tavsiyalarini toʻliq va samarali amalga oshirish yoʻlida harakat qilish Oʻzbekiston manfaatlariga mos keladi”, — dedi Yevropa va Markaziy Osiyo dasturining xalqaro huquqshunoslar komissiyasi direktori v.v.b. Temur Shokirov.

“Oʻzbekiston BMTning toʻlaqonli aʼzosi sifatida qator xalqaro shartnomalarga qoʻshilgan. Mamlakatimizda xalqaro shartnomalar ijrosiga jiddiy yondashilmoqda va bu ham parlament, ham hukumatning diqqat-eʼtiborida. Xalqaro hujjatlar qoidalari milliy qonunchiligimizda ham oʻz ifodasini topgan. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yoʻnalishi insonning asosiy huquq va erkinliklarini, jumladan ayollar, bolalar va yoshlar, shuningdek, alohida ehtiyojli shaxslar huquqlarini taʼminlashdan iborat. Shu bilan birga, davlat, fuqarolik jamiyati, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida bugungi xalqaro ekspert muhokamasining oʻtkazilishi mazkur qarorning ijrosini muvofiqlashtirish va monitoring qilish sohasida ilgʻor tajriba almashish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qiladi” - dedi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.

“BMTning shartnomaviy tuzilmalari inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni milliy darajada joriy etishni ragʻbatlantirish va monitoring qilishda muhim rol oʻynaydi. Shartnoma organlari tomonidan berilgan tavsiyalar hukumatga ushbu muammolarni hal qilish va Oʻzbekistondagi barcha insonlar oʻz huquqlaridan toʻliq foydalanishini taʼminlash boʻyicha yoʻl xaritasini taqdim etadi. Ushbu tavsiyalarni amalga oshirish hukumat, inson huquqlarini himoya qiluvchi mustaqil milliy institutlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va xalqaro hamjamiyat oʻrtasidagi hamkorlikni talab qiladi” — dedi BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy vakili v.v.b. Fabio Piana.

Eslatib oʻtamiz, tadbir Yevropa Ittifoqining Demokratiya va inson huquqlari boʻyicha Yevropa instrumenti (EIDHR) orqali moliyalashtirilayotgan va Xalqaro yuristlar komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda xalqaro huquqni qoʻllash sifatini oshirish” (EQUAL) loyihasi doirasida tashkil etildi. EQUAL loyihasining asosiy maqsadi – fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash orqali Oʻzbekistonda kamsitilishga moyil boʻlgan guruhlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini teng himoya qilishga koʻmaklashish.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati

Powered by GSpeech