Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi – amalda

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan joriy yil boshida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini o‘tkazish jadvali, o‘quv kurslari dasturi va moduli ishlab chiqildi.

Bunda O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘ldi. Mazkur qaror va unga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2023 yil davomida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba”  mavzusida o‘quv kurslarini o‘tkazish rejasi ham tasdiqlandi.

Rejaga muvofiq, onlayn va oflayn shakldagi o‘quv kurslari Farg‘ona viloyatida – 22-23 fevral, Buxoro viloyatida – 29-30 mart, Toshkent viloyatida – 18-19 aprel, Surxondaryo viloyatida – 17-18 may,  Andijon viloyatida – 20-21 iyun, Namangan viloyatida – 22-23 iyun kunlari o‘tkazildi. Joriy yilning dastlabki olti oyida mamlakatimiz hududlarining yarmini qamrab olgan ana shu mashg‘ulotlarga milliy va xalqaro ekspertlar jalb qilindi. 

Har bir hududdan 50 nafar – ichki ishlar tizimi va 10 nafar – prokuratura tizimi xodimi tinglovchi sifatida ishtirok etdi. Natijada tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 350 nafar xodimi qiynoqqa solishga qarshi kurashish borasidagi xalqaro amaliyot va milliy tajriba bo‘yicha o‘z bilimlarini oshirishi ta’minlandi.

O‘quv kurslarining birinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yahyojon Abdulhaqovning videomurojaati bilan boshlandi. Bunda O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining mazmun-mohiyati va ahamiyati atroflicha tushuntirildi.

Shu bilan birga, o‘quv kurslari dasturiga muvofiq:

  • “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga Fakultativ protokol”, “Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzularida – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillabaev;
  • “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi” mavzusida – Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Muzaffar Mamasidiqov;
  • “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati” mavzusida – Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov;
  • “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari” mavzusida – Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti “Yuridik fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Jahongir Yakubov;
  • “Kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanishi”, “Voyaga yetmaganlarga oid xalqaro va milliy standartlar” mavzularida – Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Tashkiliy-shtat faoliyati” kafedrasi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Alimjan Matchanov;
  • “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari” mavzusida – Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti “Yuridik fanlar” kafedrasi mudiri, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Mehmonali Suvonqulov,
  • “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzusida – Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Quvonch Qodirov;
  • “Migrantlar va apatridlarga nisbatan qiynoqqa qarshi kurashishning xorij tajribasi” mavzusida – Ichki ishlar vazirligi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Ilmiy markazi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, dotsent Luqmonjon Isoqov;
  • “Xotin-qizlarga oid xalqaro va milliy standartlar” mavzusida – Milliy markaz bosh mutaxassisi D.Rashidovaning taqdimot-ma’ruzalari tinglandi.

Shuningdek, Andijon va Namangan viloyatlarida tashkil etilgan o‘quv kurslarida xalqaro ekspert Azamat Shambilov onlayn ishtirok etdi. U tinglovchilar huzurida “Yangilangan Nelson Mandela qoidalari” mavzusida ma’ruza qildi.

O‘quv kurslari davomida Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiya mazmun-mohiyati talqini borasida Davlat va huquq instituti tomonidan tayyorlangan hamda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining inson huquqlari tarixiga bag‘ishlangan videoroliklari namoyish etildi.

Bundan tashqari, Milliy markaz bosh mutaxassisi D.Rashidova “Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar” mavzusida interfaol amaliy mashg‘ulot o‘tkazdi.

Ma’ruzachilar tomonidan ishtirokchilarga o‘quv kurslari dasturi va moduli asosida tayyorlangan taqdimotlar, ma’ruzalar va tarqatma materiallar taqdim etildi.

O‘quv kurslari yakunida test sinovlari o‘tkazildi. Sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga Milliy markazning sertifikati topshirildi.

  

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati

Darakchi.uz

Kun.uz

“Dunyo” AA

Powered by GSpeech