“Yoshlar eng bebaho va juda muhim resurs hisoblanadi,
shuning uchun ularga sarflangan sarmoya ko‘p karra
miqdorlarda o‘zini qoplaydi”.
BMTning «Yoshlar-2030» strategiyasidan
“YOSHLAR HUQUQLARI: IMKONIYATLAR VA HIMOYA QILISH MEXANIZMLARI
(Poytaxtimiz shu mavzudagi xalqaro forumga mezbonlik qiladi)
23 oktyabr kuni Toshkent shahrida «Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tadi. Onlayn va oflayn tarzda o‘tkaziladigan jahon anjumani Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligiga bag‘ishlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan ushbu xalqaro forumning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida suhbatlashdik.
Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro anjuman: tashabbuskori va ahamiyati
– Bashariyatning necha ming yillik tarixiy rivojlanish tajribasi shundan dalolat beradiki, har qanday davlatning kelajagi hamisha yosh avlodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lib kelgan, – dedi A.Saidov. – Chunki aynan 18-30 yosh oralig‘idagi navqiron insonlarning kreativ, ya’ni zamonaviy fikrlashi, bemisl shiddat-shijoati, ijtimoiy mas’uliyatni his etib yashashi, puxta bilim olganligi va muayyan kasb-korni egallaganligi har qanday demokratik jamiyatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
E’tibor bering: hozirgi kunda sayyoramizda istiqomat qiladigan 15 yoshdan – 24 yoshgacha bo‘lgan insonlar soni 1 milliard 200 million nafardan ortiq bo‘lib, bu dunyo jami aholisining 16 foizi, deganidir. BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarining bajarilishi muddati tugaydigan sana, ya’ni 2030 yilda ushbu ko‘rsatkich 7 foiz ko‘payib, salkam 1 milliard 300 million nafarga yetishi kutilmoqda.
Shu ma’noda, O‘zbekiston yoshlarini intellektual, jismoniy va ma’naviy-ruhiy jihatdan barkamol etib tarbiyalash uchun davlat va jamiyatning kuch-salohiyati, mablag‘i va boshqa zarur imkoniyatlari tobora ko‘p, izchil hamda tizimli asosda yo‘naltirilayotgani bejiz emas. Binobarin, bugungi kunda mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 million 600 ming nafardan ziyodni yoki aholining 55,6 foizini tashkil qilmoqda. Mehnat bozoriga har yili o‘rtacha 600 ming nafar yoshlar kirib kelayotgani hisobga olinsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetadi.
– Yoshlar huquqlariga bag‘ishlab qadimiy, go‘zal va fusunkor shahri azim – Toshkentimizda xalqaro forum o‘tkazish tashabbusi kim tomonidan, qachon va qaerda ilgari surilgan?
- Ushbu jahon anjumanining tashabbuskori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevdir. Prezidentimizning 2023 yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi”da (26-band) xuddi shu mavzuda xalqaro forum o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Bu haqda fikr yuritganda, albatta, O‘zbekiston Prezidenti Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sesiyasida so‘zlagan nutqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlari rivojiga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tuzish tashabbusi bilan chiqqanini ta’kidlash zarur. Nega deganda, ushbu tashabbus bizning butun mintaqada yoshlar huquqlarini eng yuksak darajada ta’minlash va ro‘yobga chiqarishdan manfaatdorligimizni yana bir bor amalda tasdiqladi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarida istiqomat qiladigan jami aholining qariyb yarmini yoshlar tashkil etadi. Bu muhim omil, bir tomondan, ana shu ko‘psonli navqiron insonlarning huquqlarini yanada to‘la ta’minlash choralarining dolzarbligini bildirsa, ikkinchi tomondan, barkamol yosh avlod kuch-shijoati, bilimi va salohiyatini taraqqiyot, barqarorlik hamda bunyodkorlik faoliyatiga yo‘naltirish alohida ahamiyat kasb etishini anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 16 oktyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Davlat rahbari, jumladan, yaqinda Samarqandda ochilgan turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha dunyoda o‘xshashi yo‘q YuNVTO Xalqaro turizm akademiyasida mutaxassislarni o‘qitish uchun maxsus grantlar ajratilishini e’lon qildi. O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, yoshlar uchun sayyohlikni rivojlantirish loyihalari hamda yangi g‘oyalarni yaratishda muhim va foydali maydonga aylanadigan Jahon yoshlar turizmi sammitining navbatdagisini Toshkent shahrida o‘tkazishni taklif etdi.
O‘zbekiston Prezidenti so‘nggi yillarda yoshlar masalasi bo‘yicha 20 dan ortiq milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarni ilgari surganligini alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, davlatimiz rahbarining mintaqaviy tashabbuslariga quyidagilar kiradi:
- yoshlar masalasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzish;
- O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazish;
- yoshlarga doir siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim tayyorlash;
- o‘zaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlar sohasida qabul qilingan strategik dasturiy hujjatlarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining “Yoshlar – innovatsiya tarafdori” shiori ostidagi birinchi kongressini o‘tkazish;
- “ShHT – ilg‘or g‘oyalar va kelajak tashabbuslari makoni” mavzusida yoshlar o‘rtasida muloqotni kengaytirish bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash;
- mamlakatlarimizdagi iste’dodli yoshlar uchun ilm-fan va ta’lim sohasida Al-Xorazmiy, Forobiy, Jomiy, Maxtumquli, Chingiz Aytmatov kabi Markaziy Osiyo zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar, alloma va faylasuflar nomidagi mintaqaviy grant va stipendiyalar ta’sis etish;
- yosh avlodni ekstremistik g‘oyalar ta’siridan himoya qilish maqsadida yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Mintaqaviy kompleks dastur ishlab chiqish;
- suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish;
- “Hamdo‘stlik kubogi” futbol turnirini qayta tiklash va yoshlarimiz jamoalari o‘rtasida navbatdagi uchrashuvlarni O‘zbekistonda o‘tkazish;
- Yosh iste’dodlar (Markaziy Osiyo-Xitoy) forumini yo‘lga qo‘yish va hokazo.
Ayni tashabbuslarning aksariyati ro‘yobga chiqqan bo‘lsa, boshqalarini amalga oshirish jarayonlari izchil davom etmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti bunga qadar – BMT Bosh Assambleyasining 72-sesiyasida BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgandi. O‘z navbatida, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sesiyasida xalqaro hamjamiyatni ushbu Konvensiyaning qabul qilinishi bilan bog‘liq O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyani ishlab chiqish tashabbusining ro‘yobga chiqarilishi yoshlar duch kelayotgan muammolarga samarali yechimlar topish, shuningdek, xalqaro hujjatlarda mavjud bo‘lgan yoshlar huquqlariga taalluqli ayrim nomuvofiq o‘rinlarni bartaraf etishda katta rol o‘ynaydi. Shuni inobatga olgan holda, xalqaro jamoatchilik orasida mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlovchilar safi ortib bormoqda.
O‘z navbatida, mazkur xalqaro forumni o‘tkazish uchun nega aynan Toshkent shahri tanlandi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) hukumat rahbarlari kengashining qaroriga ko‘ra, 2024 yil bo‘yicha Toshkent shahriga “MDH Yoshlar poytaxti” maqomi berildi. Shu nuqtai nazardan, yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro anjumanning poytaxtimizda bo‘lib o‘tishi mantiqan asosli va har tomonlama maqbul, deb hisoblaymiz.
– Yoshlar huquqlari bo‘yicha milliy yoki mintaqaviy emas, aynan xalqaro forum o‘tkazilishini qanday izohlaysiz?
– Ushbu voqelik O‘zbekistonning Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya ishlab chiqishga doir tashabbusi bevosita xalqaro mazmun-mohiyatga egaligi bilan chambarchas bog‘liq. Prezidentimizning xalqaro tashabbusi butun dunyo yoshlari huquqlarini, demakki ularning to‘kis va farovon buguni hamda baxtli kelajagini ta’minlashga qaratilgan.
Yer yuzining qaysi hududida bo‘lmasin, yoshlar yanada adolatli va teng huquqli muhitda yashashni hamda eng zamonaviy imkoniyatlar va qulayliklardan foydalanishni, qolaversa, o‘zlari mansub jamiyatlardagi qarorlar qabul qilish jarayonlarida erkin ishtirok etishni xohlaydilar. Ular hozirgi davrda to‘laqonli ta’minlanishi tobora o‘tkir muammoga aylanayotgan ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va gender tenglik bilan bog‘liq huquqlari yo‘lidagi turli g‘ovlar bartaraf etilishini haqli ravishda talab qilib chiqmoqdalar.
Yoshlarning taraqqiyot sohasidagi hal qiluvchi mavqeidan kelib chiqib, ularga o‘z salohiyatlarini namoyon etishlari uchun yetarlicha bilim berish va imkoniyatlar eshigini keng ochish kerak. Xususan, yoshlar iqtisodiyot rivojiga munosib ulush qo‘sha olishlari uchun, bir tomondan, ular zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari, ikkinchi tomondan, mehnat bozorida ular uchun keng yo‘l ochib berilishi shart.
Shu ma’noda, BMT tarixida ilk bor bu borada “Yoshlarni ijtimoiy hayotga jalb etish orqali demokratiyani mustahkamlash” nomli Yoshlar strategiyasi qabul qilingani juda muhim. O‘zbekiston 2030 yilgacha mo‘ljallangan BMT Strategiyasini shiddat bilan amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kiradi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti qisqa muddat ichida O‘zbekistonda Yoshlar parlamenti, BMTning Yoshlar maslahat kengashi tuzilganini olqishladi. Mamlakatimizda yoshlarni jamiyat hayotiga tom ma’noda jalb etish, ularning huquqlari va imkoniyatlarini tubdan kengaytirishga qaratilgan ko‘plab strategiyalar qabul qilingani ham xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Yoshlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro
mexanizmlari
– Yoshlar huquqlarini himoya qilish tizimini rivojlantirish sohasida Afrika, Osiyo, Yevropa qit’alari hamda Tinch okeani va Lotin Amerikasi mintaqalarida hukumatlararo konferensiyalar tomonidan qabul qilingan ilg‘or vosita va standartlar eng muhim o‘rinlarni egallab turibdi. Bu vosita va standartlarning aksariyati BMT doirasida qabul qilingan bo‘lib, keyingi 30 yilda yoshlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hujjatlar soni 10 tadan oshganini ta’kidlash darkor.
Shubhasiz, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi insonning, shu jumladan, yoshlarning ajralmas huquqlari kafolatlangan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, joriy yilda mazkur Deklaratsiyaning 75 yilligi butun dunyoda keng nishonlanayotgan tahsinga loyiq.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining yubileyi yana bir xalqaro sana – Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligi bilan hamohang nishonlanmoqda. Zero, 1993 yili bo‘lib o‘tgan ushbu konferensiyada BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasiga asos solingan.
Deklaratsiyaning 75 yilligi doirasida va inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq qizg‘in faoliyatning peshqadamlari bo‘lgan yoshlar o‘z huquqlarini amalga oshirish asnosida turli qiyinchiliklarga duch kelayotganini hisobga olgan holda, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan Yoshlar huquqlari bo‘yicha maslahat guruhi ta’sis etilgan. Maslahat guruhining asosiy vazifasi inson huquqlarini ta’minlash faoliyatida izchil ishtirok etish, yoshlar siyosatiga oid tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish sohasidagi tashabbuslarni rag‘batlantirishdan iborat.
Bu o‘rinda, ayniqsa, BMT Bosh Assambleyasining 1995 yil 14 dekabrdagi 50/81-son rezolyusiyasi bilan Yoshlar manfaatlari uchun butunjahon sa’y-harakatlar dasturi qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Dastur 2000 yilgacha va keyingi davrga mo‘ljallangan bo‘lib, yoshlar bilan bog‘liq faoliyatning 15 ta ustuvor sohasini qamragan va har qaysi sohaga taalluqli amaliy takliflarni o‘zida mujassam etgan. Mazkur Dastur butun dunyoda yoshlarning ahvolini yaxshilash maqsadiga xizmat qiladigan milliy sa’y-harakatlar va xalqaro rag‘bat uchun siyosiy yo‘riq va rahbariy prinsiplar vazifasini bajarib kelayotgani ahamiyatlidir.
BMT Xavfsizlik Kengashi 2015 yil 9 dekabrda Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi rezolyusiyani qabul qilgani, shubhasiz, yoshlarning dunyo barqarorligi va taraqqiyotida tutgan faol rolini e’tirof etish borasida muhim qadam bo‘ldi. Ushbu rezolyusiya orqali Xavfsizlik Kengashi barcha davlatlarni butun dunyoda tinchlik o‘rnatilishi va zo‘ravonliklar barham topishiga erishish jarayonlarida yoshlarning amaliy ishtirok etishiga sharoitlar yaratadigan mexanizmlarni tatbiq etishga chaqirgan.
BMT Bosh Assambleyasi 2015 yil 17 dekabrda Yoshlar va inson huquqlari to‘g‘risidagi rezolyusiyani qabul qilgan. Unda ham yoshlarning huquqlarini ta’minlash masalalari va ayni jarayonlarda faol ishtirok etishga chaqiriq o‘z ifodasini topgan. Yoshlarni inson huquqlari bo‘yicha o‘qitish eng ustuvor vazifa etib belgilangan.
Bundan tashqari 2019 yili qabul qilingan Yoshlar siyosati va dasturlari bo‘yicha «Lissabon+21» deklaratsiyasi yoshlarning huquqlarini turli shakl va ko‘rinishlarda himoya qilish, rag‘batlantirish hamda amalga oshirishga qaratilgan qat’iy chorlovdir. Deklaratsiyada barcha yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlar, jamiyatning zaif qatlamlari, xususan, ehtiyojmand va migrant, qishloqda yashaydigan va nogironligi bo‘lgan hamda qandaydir jihatdan kamsitishlarga duch kelgan yosh avlod vakillarining aniq ehtiyojlarini qanoatlantirish muhimligi ta’kidlangan.
BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarida yoshlar huquqlarining ahamiyati eng muhim masalalar qatorida yana bir bor alohida qayd etildi. Unga ko‘ra, yoshlarning faol va farovon hayoti, ularning huquqlari va imkoniyatlari doirasini kengaytirish butun dunyoda barqaror rivojlanishni ta’minlashning hal qiluvchi omili sanaladi.
Shu nuqtai nazardan, Barqaror taraqqiyotning barcha, ya’ni 17 ta maqsadi va 169 ta vazifasida yoshlar manfaatlari hisobga olingani diqqatga sazovor. Yanada muhimi, bugungi kunda jahon yoshlari BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarida belgilangan marralarni zabt etishda faollik ko‘rsatib, peshqadamlar safida bormoqda.
Yoshlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro mexanizmlardan yana biri – BMTning «Yoshlar-2030» strategiyasidir. Yosh avlod vakillari ehtiyojlarini ta’minlash va salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, yoshlarning huquqlarini barcha shakl va ko‘rinishlarda kengaytirishga oid ushbu hujjatda qayd etilganidek, “Yoshlar eng bebaho va juda muhim resurs hisoblanadi, shuning uchun ularga sarflangan sarmoya ko‘p karra miqdorlarda o‘zini qoplaydi”.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi, O‘zbekiston taklifiga ko‘ra, 2021 va 2022 yillarda yoshlar huquqlari bo‘yicha 2 ta rezolyusiya qabul qildi. Xususan, 2021 yil 8 oktyabr kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida qabul qilingan Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan.
O‘z navbatida, 2022 yil 4 oktyabrda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 51-sessiyasida “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyusiyasi qabul qilindi. Unda yoshlarning o‘z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtirokini kengaytirish, navqiron avlod uchun teng imkoniyatlar yaratish, yoshlarni raqamli tahdidlardan himoya qilish, yoshlar uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish, yoshlarning o‘z hayot tarziga ta’sir o‘tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar o‘z ifodasini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2022 yil – “Turkiy dunyoda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Shu negizda O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkilotining yoshlar huquqlarini rag‘batlantirishga asoslangan yondashuvni ilgari surish borasidagi xalqaro siyosatga sodiqligi jahon hamjamiyati e’tiboriga yetkazildi.
Yangi O‘zbekiston yoshlari: imkoniyatlari va istiqbollari
– O‘zbekistonda yoshlarga har tomonlama va yuksak g‘amxo‘rlik ko‘rsatish masalasi davlat siyosatining ustuvor sohalaridan biri hisoblanadi. Aholining teng yarmidan ko‘pini tashkil etuvchi yoshlar jo‘shqin va serg‘ayrat ekani, mamlakatimizning zamonaviy asoslarda yanada taraqqiy etishining tayanch kuch-qudrati sanalgani uchun davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama qamrab olish hamda keng kafolatlashga alohida bob ajratildi. Asosiy qonunimizga yoshlarning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, uy-joyga ega bo‘lish, ishga joylashish, hordiq chiqarishga oid huquqlarini himoya qilish hamda shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoyasini ta’minlash, shuningdek, ularning jamiyat hayoti va davlat ishlarida faol ishtirok etishiga zarur sharoitlar yaratish yuzasidan davlat zimmasiga muayyan majburiyatlar yuklaydigan yangi normalar kiritilgani juda muhim.
Yangi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida navqiron avlod vakillarining huquqlarini ta’minlash va qonuniy manfaatlarini kafolatlashga qaratilgan izchil va ko‘lamdor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni yo‘nalishdagi davlat siyosatining asosi hisoblanuvchi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunda davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi huquqiy negizda mustahkamlangan.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda 2021 yilni – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilar ekan:
birinchidan, BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazish;
ikkinchidan, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish;
uchinchidan, BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi institutini ta’sis etish tashabbuslarini ilgari surdi.
O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Konsepsiyada hal etishga qaratilgan asosiy vazifalar qatoridan jismonan sog‘lom, ma’nan rivojlangan yigit-qizlarni tarbiyalash, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, huquq va erkinliklari, manfaatlarini himoya qilish, yoshlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy islohotlarga faol jalb etish masalalari o‘rin olgan.
Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, 30 iyun – O‘zbekiston Respublikasida Yoshlar kuni etib belgilangan. Shuningdek, 2020 yil 30 iyunda Prezident Farmoniga asosan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi – O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bevosita shug‘ullanadigan ushbu Agentlik 2022 yildan boshlab o‘z faoliyatida mahallalargacha kirib bordi. Natijada qisqa vaqt ichida 700 ming nafardan ziyod yigit-qizni rag‘batlantirish uchun ularga “Yoshlar daftari” vositasida 650 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani e’tiborni tortadi.
Prezidentimizning 2022 yil 21 dekabrda qabul qilingan “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tashkil etildi. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 apreldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ushbu vazirlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlariga, jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etish; yoshlar va sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohalarda qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish; sohaga oid kompleks dasturlarni ishlab chiqish hamda yoshlar va sport sohasida faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash kabilar kiradi.
Vazirlik, shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash; yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida ham faol ish olib bormoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi 1 ming 700 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotini birlashtiradi. Ularning 156 tasida 35 yoshgacha bo‘lgan yosh rahbarlar faoliyat olib bormoqda.
Mamlakatimizdagi yoshlar masalalari bilan bevosita shug‘ullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlari orasida O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab–quvvatlash markazi, Respublika yoshlar markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Tafakkur” yoshlar targ‘ibot markazi, “Meros” hunarmand yoshlar va bolalar jamoat birlashmasi, “To‘maris” ayollar va yoshlar markazi, “Faol hayot” ayollar va yoshlar nodovlat notijorat tashkiloti, “Ayol va shodlik” ayollar va yoshlarni ijtimoiy himoya qilish markazini alohida qayd etish mumkin.
Shu bilan birga, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi xorijdagi yoshlarimizning muammolari va intilishlarini tegishli tashkilotlar bilan birgalikda umumlashtirish va tahlil qilish hamda chet elda o‘qish yoki ishlashni rejalashtirayotgan O‘zbekiston yoshlari uchun o‘quv qo‘llanmalari tayyorlash yo‘nalishidagi amaliy ishlar bilan mashg‘ul. Hozirgi vaqtda Assotsiatsiya vakillari o‘z faoliyatini Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Misr, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus, Latviya, Qozog‘iston va Ukrainada amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslari bilan yoshlar huquqlari mavzusida bir qator xalqaro anjumanlar ham o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida 2021 yil 12–13 avgust kunlari Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida bo‘lib o‘tgan Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi shular sirasiga kiradi. Xalqaro anjuman yakunida qabul qilingan Toshkent Yoshlar deklaratsiyasida, jumladan, O‘zbekistonning 3 ta xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Bu o‘rinda, birinchidan, Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyani qabul qilish, ikkinchidan, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Yoshlar kengashini tashkil etish, uchinchidan, Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazish tashabbuslari haqida so‘z bormoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda 2020 yil 12 avgust — Xalqaro yoshlar kunida “Yoshlar—2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” deb nomlangan Samarqand forumi o‘tkazildi. Ushbu xalqaro anjuman yakunida qabul qilingan “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand rezolyusiyasida yoshlar tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash hamda inson huquqlarini himoya qilish borasida muhim o‘rin tutishlari, binobarin, navqiron avlod vakillarining o‘zlariga daxldor qarorlar qabul qilinishi jarayonlarida faol, mazmunli va inklyuziv tarzda ishtirok etishlari zarurligi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, 2019 yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 6-seminari “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo‘lida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlandi. Seminar ishtirokchilari qabul qilgan yakunlovchi hujjat – IHT a’zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Toshkent Deklaratsiyasida xalqaro darajada va IHTga a’zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to‘la ta’minlash yo‘lida amalga oshiriladigan muhim tashabbuslar bayon etilgan.
Yanada muhimi: Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 5 ta ustuvor yo‘nalish doirasida jami 100 ta maqsadga erishish ko‘zda tutilganidan xabardorsiz. Xususan, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan birinchi ustuvor yo‘nalish tarkibiga 44 ta maqsad kiradi.
Bunda ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, ma’naviyat masalalariga taalluqli 156 ta amaliy chora-tadbir va 70 ta vazifa qamrab olingan. Jumladan, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Strategiyada insonning ta’lim olishga doir konstitutsiyaviy huquqini yanada ta’minlashga xizmat qiladigan bunday aniq maqsad-vazifalar anchagina. Bundan tashqari, Strategiya doirasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, yoshlarga oid davlat siyosati va sportni ommalashtirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshiriladigan barcha islohotlarda inson, insonning qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro anjuman maqsadlari va kutilayotgan
natijalar
– Toshkent xalqaro forumining tashkilotchilari va ishtirokchilari kimlar?
- Xalqaro anjumanni o‘tkazishda O‘zbekiston Hukumati nomidan ish ko‘rish vakolati Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga berilgan. Shuningdek, mamlakatimizdagi barcha yoshlar tashkilotlari anjuman ishiga faol jalb etiladi.
Xalqaro hamkorlarimiz safi ham keng. Toshkent xalqaro forumini tashkil etishda, xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, mamlakatimizdagi BMT oilasi, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Yevropa Kengashi, F.Ebert fondi (Germaniya) va boshqa xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayapmiz.
Markaziy Osiyo yoshlari Toshkent xalqaro forumida faol qatnashadi. Toshkent xalqaro forumida Markaziy Osiyo davlatlari yoshlarining ishtirok etishi – ushbu jahon anjumanining asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Zero, Prezidentimiz Markaziy Osiyoga daxldor barcha tashabbuslarida mintaqamiz yoshlariga doimo e’tibor berib kelmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shu yil 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ham Markaziy Osiyo davlatlarining yoshlarga oid siyosatiga alohida e’tibor qaratdi. Davlatimiz rahbari yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta’minlash maqsadida shu yo‘nalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Maslahat uchrashuvi yakunida mintaqa yoshlari manfaatlarini ta’minlash yo‘lida yana bir muhim amaliy qadam qo‘yildi. Ya’ni, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim imzolandi.
Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari – 1 ming nafarga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Bo‘lajak Forum uning ishtirokchilari uchun zaruriy bilimlarga ega bo‘lish, o‘zaro tajriba almashish, dolzarb g‘oya va loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun qulay axborot-ma’rifat va amaliy muhokama-munozara maydoniga aylanadi, degan umiddamiz. Bunda xalqaro anjuman ishi davomida siyosatchilar va jamoat arboblari, ilmiy-akademik doiralar namoyandalari va tadbirkorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan jonli muloqotlar muhim ahamiyat kasb etishi tayin.
«Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusidagi xalqaro forumning asosiy maqsadi:
▪ yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish uchun xalqaro hamda mintaqaviy vosita va mexanizmlarning qo‘llanilishi sohasini xolis tahlildan o‘tkazish;
▪ yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini himoya qilish mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashish;
▪ yoshlar huquqlarini himoya qilish muhimligi borasida jamiyatning xabardorligi va tushunchasini oshirish;
▪ yoshlar huquqlarini himoya qilishning eng maqbul amaliyoti va samarador mexanizmlarini muhokama qilish hamda bu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish;
▪ yoshlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan siyosat va qonunchilikni targ‘ib etish hamda qo‘llab-quvvatlash;
▪ davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va yoshlar tashkilotlari o‘rtasida yoshlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashish;
▪ yoshlarni ularning huquqlari va manfaatlari bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish va rejalashtirish jarayonlariga jalb etish;
▪ yoshlarning teng imkoniyatlarini ta’minlash, salohiyatini o‘stirish va hayotini farovonlashtirishga qaratilgan dastur hamda loyihalarning amalga oshirilishi va rivojlantirilishini rag‘batlantirish;
▪ kelgusida yoshlar huquqlari sohasidagi amaliy ishlar va siyosiy tashabbuslar uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladigan qarorlar va tavsiyalarni ishlab chiqish;
▪ yoshlar hayotiga daxldor qarorlarni qabul qilish jarayonlarida imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlar huquqlari, gender tenglik, keng ko‘lamli ishtirok va munosib ulush qo‘shilishini ta’minlashdan iborat.
Shu asosda «Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusidagi xalqaro forumda yakuniy hujjat – Yoshlar huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. Unda Forumning asosiy natijalari va amaliy tavsiyalari o‘z mujassamini topadiki, o‘z navbatida, bunday muhim hujjat istiqbolda yoshlar huquqlari sohasidagi yangi sa’y-harakatlar va ilg‘or tashabbuslar uchun mustahkam tagzamin vazifasini o‘tashiga ishonchimiz komil. Chunki, ulug‘ nemis faylasufi Gyote ta’biri bilan aytganda, “Garchi butun dunyo olg‘a harakat qilayotgan bo‘lsa ham, yoshlar bu jarayonni har safar yangidan boshlashi kerak”.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi.
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2023 yil 21 oktyabr kungi 219 (1008)-soni
- Qo'shildi: 21.10.2023
- Ko'rishlar: 3571
- Chop etish