Xalqaro forum yakunida Yoshlar huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi loyihasi muhokama qilindi

Xalqaro forumining yopilish marosimida yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy tajriba va yondashuvlar muhokama qilindi. Yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha amaldagi xalqaro va mintaqaviy hujjatlar va mexanizmlarni qo‘llash ko‘lami tahlil etildi.

Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishni taklif qildi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini ta’minlash va amalga oshirishdan eng yuqori darajada manfaatdorlikning yaqqol namunasidir.

Markaziy Osiyoda aholining qariyb yarmini yoshlar tashkil etishini hisobga olgan holda, yosh avlod, uning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq masalalar alohida ahamiyat kasb etadi. Toshkent shahrida tashkil etilgan jahon anjumanida Markaziy Osiyo davlatlari yoshlarining ishtirok etishi ham ushbu forumning asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidenti 2023 yil 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ham Markaziy Osiyo davlatlarining yoshlarga oid siyosatiga alohida e’tibor qaratdi. Davlatimiz rahbari yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta’minlash maqsadida shu yo‘nalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Maslahat uchrashuvi yakunida mintaqa yoshlari manfaatlarini ta’minlash yo‘lida yana bir muhim amaliy qadam qo‘yildi. Ya’ni, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim imzolandi.

Forum ishtirokchilari tomonidan yoshlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari va imkoniyatlari samaradorligini oshirish yo‘llari taklif etildi. Yoshlar o‘z huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishida duch keladigan asosiy muammolar yoritildi.

Barcha davlatlar siyosatiga yoshlar huquqlarini integratsiya qilishning huquqiy, ma’muriy va siyosiy asoslarni takomillashtirish yo‘llari va vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha aniq tavsiyalar ilgari surildi. Bunday amaliy yondashuv BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shish imkonini berishi ta’kidlandi.

Shu asosda xalqaro forumning yakuniy hujjati – Yoshlar huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi loyihasi ishlab chiqildi va muhokama qilindi. Forumning asosiy natijalari va amaliy tavsiyalari o‘z mujassamini topgan ushbu muhim hujjat istiqbolda yoshlar huquqlari sohasidagi yangi sa’y-harakatlar va ilg‘or tashabbuslar uchun mustahkam tagzamin vazifasini o‘tashiga ishonch bildirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

UzDaily.uz

«Dunyo» AA

Kun.uz

Nova24UZ

Powered by GSpeech