Dunyo bolalari hamisha g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj!

20 noyabr — Bola huquqlari deklaratsiyasi qabul qilingan kun

Dunyo bolalari hamisha g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlashga muhtojdir. Shu ma’noda irqi, jinsi, tili, dini, tug‘ilgan joyi, milliy va ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy va boshqa holatlaridan qat’i nazar, ularning huquqlari hamisha himoyada bo‘lmog‘i muhim. 

Bola huquqlarini himoya qilish esa Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro bill, shuningdek bolalar manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlarning tegishli hujjatlarida belgilab qo‘yilgan.

Xususan, 1959 yilgi Bola huquqlari deklaratsiyasida har bir bola uchun hech qanday kamsitish va cheklashlarsiz butun boshli huquqlar majmui mustahkamlangan.

Ushbu Deklaratsiya asosida 1989 yil 20 noyabrda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bola huquqlari sohasidagi birinchi majburiy xalqaro hujjat bo‘ldi. 

O‘zbekiston Respublikasi 1992 yilda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishi natijasida uning qoidalarini bajarish majburiyatini zimmasiga olgan. Konvensiyada ko‘rsatilgan Bola huquqlariga rioya etish va himoya qilish masalalari yurtimizda davlat siyosati darajasidagi vazifalar hisoblanadi.

Mamlakatimizda bola huquqlari kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha ayni davrgacha va bugungi kunda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Shu xususda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatovning fikrlari bilan qiziqdik.

– Darhaqiqat, inson hayotining eng muhim davri bolalik hisoblanadi, – deydi H.Xolmamatov. – Yosh avlodning barkamol va yetuk shaxs sifatida shakllanishida ta’lim va tarbiyaning, oila hamda katta avlod vakillarining o‘rni muhim. 

Dunyoning barcha mamlakatlarida bolalarga alohida e’tibor qaratish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Shunday ekan, bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish – kelajak uchun qo‘yilgan mustahkam poydevor bo‘ladi.

Bola huquqi xalqaro hamjamiyat diqqat markazida turgan muhim yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Xususan, BMT 1954 yil 14 dekabrda butun dunyoda bolalar farovonligini ta’minlash hamda mazkur tashkilotning bolalar bo‘yicha faoliyatini kengaytirish va kuchaytirish maqsadida barcha mamlakatlarga 20 noyabrni – “Butun jahon bolalarni himoya qilish kuni” sifatida keng nishonlashni tavsiya qildi. 

Zero, 20 noyabr – bola huquqlarini rivojlantirishda muhim bosqich hisoblanadi. 1959 yilning aynan shu kunida BMT Bosh assambleyasi Bola huquqlari deklaratsiyasini, 1989 yilning shu kuni esa Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qildi. 

Bola huquqlari va manfaatlarini ta’minlash masalasi O‘zbekiston uchun doim ustuvor maqsadlardan biri bo‘lib kelmoqda. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1992 yil 9 dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalar ichida birinchi bo‘lib Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani buning yaqqol namunasidir. 

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga ushbu Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar taqdim etib boradi.

Bugungi kunga qadar O‘zbekiston tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga 5 ta davriy ma’ruza taqdim etildi.

2022 yil 29 avgust – 23 sentyabr kunlari BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiya davomida, ya’ni 31 avgust – 1 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarilishi yuzasidan Beshinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

BMT Qo‘mitasining ushbu sessiyasida bolalar huquqlarini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, bolaning eng yaxshi manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar, bolalarga do‘stona odil sudlov tamoyillarini joriy etish, bolalarga nisbatan kamsitishning oldini olish, bolalarning oilada yashash va tarbiyalanish huquqlarini ta’minlash, ta’lim olish, malakali tibbiy yordam olish huquqini ta’minlash, bolalar mehnatini oldini olish masalalari muhokama qilindi. Sessiya yakunida BMTning bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonning Beshinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan o‘zining Yakuniy tavsiya va mulohazalarini taqdim etdi.

Qo‘mitaning Yakuniy mulohazalari 2022 yil 27 oktyabrda tasdiqlangan va jami 52 ta bandga birlashgan tavsiyalardan iborat.

Bugungi kunda mas’ul davlat organlari va tashkilotlar, jumladan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi yakuniy mulohazalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) ishlab chiqildi. 

Mazkur Milliy harakatlar rejasi loyihasi 2023 yil 17-20 may kunlari BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘limi hamda BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan seminarda 30 dan ortiq manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillari bilan birga muhokama qilindi. 

Keyingi bosqichda BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari bajarilishi bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi vazirlik va idoralar bilan kelishildi. So‘ngra Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha Parlament komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritildi. 

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “Hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” degan tamoyilga amal qilmoqda. 

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda “Hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Asosiy qonuniga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritildi. Milliy qonunchilik bola huquqlariga doir xalqaro normalarga to‘la-to‘kis muvofiqlashtirilmoqda.

Xususan, O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi. Bu borada davlatning majburiyatlari kengaytirildi.

Mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy qilishga qaratilgan.

2021 yil 7 dekabrdagi "Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, 13 yoshga to‘lgan shaxslarning jinoiy javobgarlikka tortilishi bekor qilindi. Jinoiy javobgarlikka tortish 14 yoshdan boshlanishi belgilandi. Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishda pedagog bilan bir qatorda psixolog ham qatnashishi belgilandi. 

2023 yil 12 aprelda qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilib, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilandi. Bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirildi.

Aholining 40 foizini bolalar tashkil etgan O‘zbekiston uchun bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash ustuvor ahamiyatga ega. Bola huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlarni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) lavozimi tashkil etildi.

O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining “Bolalar manfaatlari ularga tegishli barcha qarorlar qabul qilish jarayonida doimo e’tiborga olinishi lozim” degan tamoyili tatbiq etilganini alohida ta’kidlash lozim.

Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030 strategiyasi”da bolalar huquq va manfaatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan 10 dan ortiq chora-tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 

Xulosa qilib aytganda, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash, ularni har jihatdan yetuk, jismonan sog‘lom, intellektual salohiyatli, ma’nan barkamol ulg‘ayishi uchun xalqaro, mintaqaviy va milliy miqyosda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Binobarin, yurtimizning navqiron egalari, kelajak bunyodkorlariga zarur imkoniyatlar yaratish hamda mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligiga samarali hissa qo‘shish – jamiyatimiz va davlatimizning birinchi darajali vazifasi ekani bejiz emas.

 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA

Turkic World

Powered by GSpeech